Madridning «Atletiko» klubi jamoa tayanch yarim himoyachisi Rodrigo Ernandes (Rodri) bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinganini e'lon qildi.
«Rodrigoning klub bilan tuzgan shartnomasi bekor qilindi. «Manchester Siti» u uchun belgilangan transfer pulini to‘ladi»,- deb yoziladi «Atletiko» rasmiy tvitterida.
«Manchester Siti» tayanch zonasida ishonchli o‘yinlari bilan tanilgan Rodri uchun 70 million yevro to‘ladi.
Avvalroq «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pleydan qochish uchun hiyla ishlatgani va Rodri transfer pulini o‘zi to‘lagani ma'lum bo‘lgandi. «Siti» pulni Rodriga bergan va futbolchi o‘zining transferi uchun o‘zi pul to‘lagan.
2018/19 yilgi mavsumda Rodri Ispaniya chempionatida 34 o‘yinda maydonga tushgan, bu o‘yinlarda u uch gol urib, bir golga uzatma bergan. Bundan tashqari u jamoasining Chempionlar ligasidagi 8ta, Ispaniya Kubogidagi 4ta o‘yinida ishtirok etgan.