18:00 / 04.07.2019
27649

«Sal qolsa mashina bosib ketardi...» - Chiroqchining betartib ko‘chasi manzaralari

— Yo‘ldan qoch!

— Ko‘zingga qaramaysanmi?

— Arava kimniki? Chetga olinglar!

Mashinalar signali, ularning xavfli va tartibsiz harakatlari, baqir-chaqir – bularning barini Chiroqchi tumani dehqon bozori oldida kuzatish mumkin.

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyatidan navbatdagi murojaat kelib tushdi. Murojaatni mazkur viloyatning Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh keksalar yo‘llashgan. Unda aytilishicha, tuman markazida joylashgan dehqon bozori atrofidagi 1-1,5 km masofada har kuni tirbandlik. Tirbandlik oqibatida bozor-o‘char, savdo-sotiq qilgani keluvchilar yoki shu atrofda istiqomat qiluvchi aholi qiynalmoqda. Chunki bu yerda mashinalar yo‘l xavfsizligi qoidalariga amal qilmasdan harakatlanadi.

«Taklifimiz shuki, avtotransport vositalari yo‘lda bir tomonlama harakatlansin. Bundan tashqari, bozor oldida tartib o‘rnatish uchun avtoturargoh barpo qilish zarur», - deydi Chiroqchi tumani, «Karim Sodiqov» MFY, Boyli qishlog‘ida yashovchi To‘yma bobo Sattorov va boshqa keksalar o‘z murojaatlarida.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Chiroqchi tumanida bo‘ldik. Shahar ko‘chalari ravon, zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Ammo murojaatda nazarda tutilgan ko‘chaga qayrilgach, guvohi bo‘ldikki, holat haqiqatan ham jiddiy.

Xonjon deb nomlanuvchi ko‘chada dehqon bozori, soliq idorasi, fuqarolik sudi, bolalar bog‘chasi, maktab, masjid, turli do‘konlar, yemakxonalar joylashgan. Ko‘chadagi eng betartib joy bozor oldida vujudga kelgan. Bu yerda mashinalar qator etib terib qo‘yilgan, harakatlanayotgan avtomobillar esa istalgan tezlikda yurishadi, xohlagan joylarida to‘xtashadi. Yo‘lovchi olishadi, yo‘lovchi tushirishadi. Ko‘chada avtomashinalar ikki tomonlama harakatlanadi.

«Siz bu yerga chorshanba kuni kelib shuncha tirbandlikni ko‘ryapsiz. Juma va yakshanba kunlari keling, haqiqiy holatni ko‘rasiz. Bozor kunlari bu yerga yaqinlashib ham bo‘lmaydi. Ur-yiqit, to‘polon. Boya bittasi «Neksiya»sini shuvillatib haydab ustimga kelyapti. Sal qolsa, bosib ketardi. Mana, qarang, o‘zingiz guvohi bo‘lyapsiz, mashinasini o‘rtaga to‘xtatib, bemalol tarvuz ortyapti. Bu nima ahvol?», deydi murojaatchilardan biri.

Darhaqiqat shunday. Dehqon bozori ro‘parasida tartibsiz qo‘yilgan va harakatlanayotgan avtoulovlardan tashqari yo‘lning ikki chetida qator qilib tarvuz-qovun, sabzavot mahsulotlari va boshqa buyumlar sotayotganlarga guvoh bo‘lish mumkin. Ularning ortida esa yemakxonalar ishlayapti. Ular oldida ham tumonat mashinalar, odamlar...

Sabzavot mahsulotlari sotayotgan sotuvchilardan birining yoniga yaqinlashib, nega bozor ichida emas, bu yerda savdo qilayotgani bilan qiziqib ko‘rdik.

— Pomidorlar qancha bo‘ldi?

— Bir kilosi ikki yarim ming so‘m...

— Arzon-ku. Shahrisabz, Qarshida 4 ming so‘m.

— Bu to‘g‘ri dalaning o‘zidan keladi. Siz aytgan joylardan kelib, bizdan olib ketishadi. Shuning uchun qimmat bo‘lsa kerak.

— Bu yerda oftob ostida qiynalib o‘tirganingizdan ko‘ra, bozor ichiga kirib savdo qilsangiz bo‘lmaydimi?

— Menga kerakmas. Falon so‘m chek to‘laymi, bir etakkina pomidorimning foydasini ko‘raymi? Buning ustiga bozor ichidagi xotinlar janjalkash, begona «pomidorchi»larni sig‘dirmaydi...

Ko‘chaning o‘rtasidan anhor oqib o‘tgan. Uni kichik bir ko‘prik bog‘lab turibdi. Anhorning narigi tarafi biroz tartibli. Chiroqchi tumanining turli qishloqlariga qatnovchi mashinalar, avtobuslar yo‘l yoqasida qator tizilib turibdi.

Xonjon ko‘chasidagi holat haqida izoh olish uchun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov bilan suhbatlashdik.

«Bu muammo haqida anchadan buyon bosh qotirib kelyapmiz. Gap shundaki, bozor atrofida avtoturargoh qurish masalasi murakkabroq. Birinchidan, bozor biqinidagi joy tadbirkorga tegishli bo‘lib, uning yerida qurilish qilish qonunga xilof. Ikkinchidan yo‘lning narigi qismida avtoturargoh qurishga tadbirkorlar jalb etilyapti, ammo qurilish ishlari o‘ta qimmatga tushayotgani uchun bu ishga hech bir tadbirkor qo‘l urmayapti. Bozorga yaqin joylar tor, qulaylari uzoqda joylashgan... Ammo baribir avtoturargoh quramiz, buning uchun joy ham topamiz, loyihasini ishlab chiqamiz. Ungacha bu tartibsizlikni birgina yo‘l bilan hal qilib tursa bo‘ladi, u ham bo‘lsa mashinalarni bir tomonlama harakatini yo‘lga qo‘yish orqali», - deydi mutasaddi.

Shaharlarning bozor oldi hududlarida doim ana shunday muammo kuzatiladi. Chunki bugun avtotransport vositalari ko‘paygan, istaladimi yo‘qmi tirbandliklar vujudga keladi. Chiroqchining dehqon bozoridagi holatni qanday qilib izga solish mumkin?

Birinchidan, ko‘cha boshidagi Qarshi va boshqa tumanlarga qatnovchi avtomobillarni boshqa yerga ko‘chirish zarur. Chunki tumanlarga ketadigan yo‘lovchi uchun bu uncha qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Ikkinchidan, yo‘ldagi harakatni bir tomonlama qilish eng dolzarb masala. Ko‘cha bozor oldida to‘xtab turgan avtomobillar va sotuvchilar hisobiga judayam torayib qolgan. Buning ustiga ikki qatnovli. Ana shu holat ham tirbandlik va tartibsizlikni yuzaga chiqarmoqda.

Uchinchidan, ko‘chada savdo qilayotganlarni haydab, quvib solish o‘rniga arzon narxlarda bozorga olib kirish yoki ularga alohida joy qilib berish lozim. Shunda balki, ko‘chadagi holat biroz yaxshilanar, harakat xavfsizligi oshar? Bu yog‘i esa, albatta, mutasaddilarning zehniga, puxta o‘ylagan rejasiga va harakatiga bog‘liq.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top