11:30 / 06.07.2019
7471

AQSh kompaniyasi Jizzaxdagi tarixiy arxeologik obektlarni tiklamoqchi

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

Jizzax viloyati xokimligiga AQShning GMFR International LLC kompaniyasi prezidenti G‘.Dilovar, GMFR Karshi MChJ direktori A.Rovshenov, GMFR Global Jizzakh MChJ direktori D.Akramova, Transoxiana-AZT MChJ direktori D.Abdualiyeva, Transoxiana MChJ direktori F.Oxunjonov hamda R.Ishanov Transoxiana MChJ direktori o‘rinbosari tashrif buyurishdi.

Mehmonlar bilan viloyat hokimligida viloyat hokimi o‘rinbosari A.Ahmedxo‘jayev, Jizzax viloyati investitsiya va savdo boshqarmasi o‘rinbosari A.Kalmurotov, G‘allaorol tumani hokimi o‘rinbosari A.Begbutayev, Sh.Rashidov tumani hokimi o‘rinbosari G.Xidirov, Zafarobod tumani hokimi o‘rinbosari O.Musanov bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, GMFR International LLC “Ko‘chmas mulk va Investitsiya” Amerika shirkati 2010 yilda tashkil topgan. Kompaniya qurilish, talim turizm sohalarida moliyalash tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi. Kompaniya O‘zbekiston hududida bir qator sohalarga investitsiya kiritish bo‘yicha loyihalar bilan tanishib chiqmoqda. Jumladan, Sh.Rashidov, Zafarobod, Arnasoy va G‘allaorol tumanlarida ko‘zda tutilgan loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha biznes-planlar ishlab chiqilayotgani ma'lum qilindi. 

Mazkur kompaniya tomonidan Sh.Rashidov tumanida 3 qavatli 200 o‘ringa mo‘ljallangan tog‘ yon bag‘rida va Zafarobod tumani Aydarko‘l yoqasida va Arnasoy tumanida barpo etilishi kutilayotgan turistik kompleks qurilishi haqida ma'lumot berildi.

Kompaniya prezidenti Dilovar G‘ulom so‘zlariga ko‘ra, G‘allaorol tumani “Xonimqo‘rg‘on” qishlog‘ida “Amir Temur vodiysi” nomli loyiha asosida A.Temur davriga oid bo‘lgan Xonimqo‘rg‘on va Bibixonim tarixiy arxeologik obektlarni tiklash bo‘yicha investitsiya kiritish istagini bildirdi.

Xususan, olib boriladigan arxeologik tadqiqotlar asosida topiladigan buyumlarni mazkur hududda muzeylashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Yuqoridagi loyihalarning to‘liq xolda amalga oshirish ishlari 2020 yilda boshlanishi aytib o‘tilgan xolda joriy yilning so‘ngi oyiga qadar 1 mln. AQSh doll. to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilishi va ishlar boshlanishi ta'kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida viloyat hokimligi mutasaddilari tomonidan mazkur loyihalar amalga oshirilishida barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi ma'lum qilindi.

O‘z o‘rnida, kompaniya prezidenti Dilovar G‘ulom AQShga qaytgandan so‘ng moliyalash ishlari ilk bosqichini boshlashini va joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonga yana tashrif buyurishini bildirdi.

Top