21:27 / 07.07.2019
11333

Toshkentda texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyat oldi olindi 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Toshkentda texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyat oldini olishdi.

Vazirlik matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, 6 iyulda navbatchi qismga Olmazor tumanining Chuqursoy ko‘chasidagi korxonalardan biri yonida Xitoydan keltirilgan konteyner turgani, undan esa qo‘lansa hid anqiyotgani va paqillash ovozlari eshitilayotgani haqida xabar kelib tushgan.  

Voqea joyiga tezkorlik bilan qutqaruvchilar yetib kelishgan va konteynerni xavfsizlashtirishgan.

Keyinroq konteynerda ikki turdagi freon va suyuqlashtirilgan gaz borligi, u uzoq vaqt davomida quyosh ostida turgani va shu sababli sizib chiqish yuz bergani aniqlangan.

Freonlar sovituvchi agent, propellent, ko‘piklantiruvchi va erituvchi sifatida qo‘llanadi. Ular havoda yonmaydi, ochiq alanga bilan ta'sirlashganda portlamaydi, biroq 250 darajadan yuqoriroq haroratda qiziganda zaharli mahsulotlar hosil qiladi.

Yuk Chilonzor tumanidagi korxonalardan biriga mo‘ljallangan bo‘lgan. Tezkor tadbirlardan keyin u tegishli manzilga yetkazilgan.

Top