21:35 / 08.07.2019
23393

Sog‘liqni saqlash vazirligi Paxtachidagi holatga oydinlik kiritdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi “Kun.uz” axborot saytida e'lon qilingan “Paxtachida qovun-tarvuzlar laboratoriya tekshiruvisiz sotilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar nega nazorat olib bormayapti?” maqolasi yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.

Avvalo ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 532-sonli qaroriga muvofiq, bozorlar, savdo tashkilotlari va boshqa savdo obektlarida poliz mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda realizatsiya qilish uchun veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari tomonidan veterinariya-sanitariya ekspertizasi va laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilib, xulosa beriladi.

Shunga ko‘ra, hozirda dehqon bozorlari hududida sotilayotgan poliz mahsulotlari xavfsizlik ko‘rsatgichlariga tekshirish va realizatsiya qilishga ruxsat beruvchi ma'lumotnoma yozib berish vakolati faqat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufidagi dehqon bozorlari qoshida joylashgan veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari (VSEL) tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu laboratoriyalarda tahlillar o‘tkazilmasa yoki tahlil natijalari me'yorlarga javob bermasa, qishloq xo‘jaligi, jumladan, poliz mahsulotlarini bozorlar, savdo shoxobchalariga olib kirish va sotish qat'iy  taqiqladi.

Bozorlardan tashqari joylarda poliz mahsulotlarini sotish faqat  mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan dislokatsiya bo‘yicha ajratilgan joylarda amalga oshirilishi hamda hududiy VSEL ma'lumotnomasi bilan sotilishi lozim.

– “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq,  xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va fuqarolar tomonidan murojaat bo‘lganda qishloq xo‘jaligi va poliz mahsulotlari davlat tomonidan xavfsizlik ko‘rsatgichlari bo‘yicha laboratoriyada tekshirilishi va tegishli xulosalar berilishi mumkin. Ya'ni, amaldagi qonunchilikda sanitariya-epidemiologik xulosalar olinishi ixtyoriy bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan murojaat bo‘lganda, ushbu mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida, shuningdek, aholi o‘rtasida kasallanish holatlari to‘g‘risida xabar kelib tushgan holatlardagina  Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi qishloq xo‘jaligi va poliz mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatgichlarini laboratoriyalarda to‘liq tekshirib berish vakolatiga ega bo‘ladi, – deydi Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Bahrom Almatov. – Hududiy DSENMlarida esa  bunday tekshiruvlarni o‘tkazish imkoniyati mavjud,

Sog‘liqni saqlash vazirligi dehqonlarimiz va sotuvchilarimizdan qishloq xo‘jalik, jumladan, ayni pishib yetilgan, xalqimiz sevib iste'mol qilayotgan qovun-tarvuzlarni laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazib, keyin sotishlari o‘ta muhim ekanligini eslatib o‘tadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Top