16:27 / 08.07.2019
7773

Xorijiy davlatlarda o‘zbek maktablarini ochish taklif etilmoqda

Chet elda yashayotgan o‘zbek bolalarining o‘zbekcha ta'lim olishi uchun xorijiy mamlakatlarda ham o‘zbek maktablarini ochish taklifi berildi.

Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi, moliya-energetika organlari vakillari va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan fuqaro Muhayyo Mutalova horijda yashayotgan o‘zbek bolalari ta'lim olishi uchun chet elda o‘zbek maktablarini tashkil etish taklifini bildirdi. 

Uning ta'kidlashicha, chet elda boshqa davlatlarning maktablari bo‘lgani holda, o‘zbek maktablarining yo‘qligi horijda ishlayotgan vatandoshlarimizga noqulaylik tug‘dirmoqda.

«Tarjimon bo‘lib ishlayman. Ishlash uchun xorijga ketishim kerak. Ammo farzandimni kimga tashlab ketishni bilmayapman. Xorijda o‘zbek maktablari yo‘q», — deydi Muhayyo.

Uning aytishicha, bu muammo ko‘pchilikni qiynab kelmoqda. Xorijga otlangan ota-onalar farzandlarini qarindoshlariga tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. 

«Xorijiy davlatda maktab ochish davlat uchun ham foydali bo‘ladi. Chunki ota-onalar maktab yoshidagi farzandlarini qarindoshlariga tashlab ketgandan ko‘ra, pul evaziga bo‘lsa ham xorijdagi o‘zbek maktablarida o‘qitishni afzal ko‘rishadi. Maktab qurish uchun investorlar ham tayyor», — deydi Mutalova Muhayyo.

Bu masala yuzasidan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Djumagaldiyev Muxamet Ruzimovich fikr bildirib, uni ijobiy tomonga hal qilishga harakat qilishini aytdi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Chikago shahrida xususiy o‘zbek maktabi faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid
Top