10:30 / 08.07.2019
43142

YuNeSKOning Bokudagi sammitiga borgan amaldorlarimiz nima haqida sukut saqlashdi?

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida YuNeSKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida avval ham xabar bergan edik.

«O‘zbekiston uchun bu tadbir ko‘p sabablarga ko‘ra muhim sanaladi: bugungi kunda biz jahon madaniy landshaftining haqqoniy va ta'sir kuchiga ega qismiga aylanib bo‘ldik va jamoatchilikning madaniy merosni saqlab qolish uchun qilinayotgan sa'y-harakatlari tushunish va qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lmoqda. Mamlakatga hurmat-e'tibordan tashqari, bu turizm va iqtisodiyotning boshqa jabhalariga salmoqli foyda ham keltiradi. Faqat biz to‘g‘riso‘z va ochiq bo‘lsakkina. Lekin, amaldorlarimiz tomonidan Bokuga olib borilgan hujjatlar har doim ham bunday bo‘lavermasligini ko‘rsatmoqda…» — deb yozadi Anhor.uz kolumnisti Yuriy Chernogayev.

Hiylami yo aldov?

Shahrisabz, Buxoro va Samarqand YuNeSKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi obektlari ro‘yxatida Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida kun tartibidan o‘rin olgan. Bu uch shahar — tamaddun tarixidan hikoya qiladi. Ularning saqlab qolinishi — butun insoniyat tashvishidir.

Bokuda 180 ta davlatdan kelgan uch mingdan ortiq ekspertlar aynan shuni namoyish etishga hozirlik ko‘rishayotgan edi. Muhim shaxslardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi sessiyaga har uch obekt bo‘yicha hisobotlarni olib borishdi. Barcha hujjatlar — yuqori darajada ustalik bilan tayyorlangan. Aftidan, bu ajoyib qog‘ozbozlik ishi xalqaro ekspertlar tomonidan munosib baholanadi, deb ishonilgan.

Butunjahon merosi qo‘mitasi (BMQ) 10 iyulgacha ishlaydi, lekin 5 iyul kuniyoq O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ijobiy xulosalarni e'lon qildi: «YuNESKOning Buxoro shahri bo‘yicha rezolyutsiyasida Butunjahon merosi obekti bo‘yicha Boshqaruv qo‘mitasi va yuzaga keladigan muammolarni hal etish uchun Idoralararo maqsadli guruh tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Samarqand borasidagi hujjatda BMQ Butunjahon merosi markazi va IKOMOSga 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tomonining infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarini «ustuvorlik asosida» ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ydi. Rezolyutsiyaga Samarqand shahrini xavf ostida bo‘lgan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida hech qanday qoida qo‘shilmadi».

Bir qarashda, endi YuNeSKO ishlari bo‘yicha Milliy qo‘mita, Madaniyat vazirligi, Samarqand va Buxoro hokimliklari bemalol yashashlari mumkin, ularga hech qanday e'tiroz yo‘qdek…

Aslida hammasi aksincha…

Bu yerda taassufli, biroq muhim bir tafsilot borki, u TIV matbuot xizmati xabari hamda sessiya hujjatlari o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatib turibdi. Original hujjatda — Buxoro haqidagi rezolyutsiyada shunday deyilgan: «Butunjahon merosi qo‘mitasi dokladida Buxoro tarixiy shahrining aslini va butunligini saqlash va boshqarish hamda himoya qilish jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. IKOMOS missiyasi hudud atributlarining OUV (Outstanding Universal Value) — bemisl universal va umumbashariy qiymati buzilgani haqida xabar bergan. Yangi loyihalar yirik miqyosdagi qurilishlar va infratuzilmalarni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan, biroq ular arxitektura yodgorliklari va shahar topografiyasi buzilishiga olib kelgan. 2018 yilgi missiya loyihalarning davom ettirilishi ham, zarar yetgan yodgorliklarda lozim bo‘lmagan usullar va materiallar bilan go‘yoki tiklash ishlari olib borilishi ham obektning bemisl universal va umumbashariy qiymati (OUV) uchun tiklab bo‘lmas salbiy oqibatlar keltirib chiqarishini qayd etgan. 2018 yilgi missiya obektni boshqarish tizimi samarasiz, degan xulosaga kelgan. Qo‘mitaning qayd etishicha, obektni saqlash va uni restavratsiya qilishning tegishli prinsiplarini ishlab chiqish va obektning bemisl universal va umumbashariy qiymatini (OUV) himoyalash uchun puxta huquqiy baza bilan ta'minlash tezkor vazifa sifatida qolaveradi».

Butunjahon merosi qo‘mitasi qabul qilgan qarorda «hukumat tomonidan e'lon qilingan Butunjahon merosi obekti bufer zonasida qurilish ishlariga moratoriy (agar unga amal qilinayotgan bo‘lsa) ta'sir doirasini kengaytirishni, shuningdek, Butunjahon merosi markazi/IKOMOSning qo‘shma missiyasini obektga allaqachon ko‘rsatib bo‘lingan ta'sirni baholash, shuningdek, unga xavf tug‘diruvchi omillarni tahlil qilishni so‘raydi». Oxirrog‘ida yanada jiddiyroq: «Buxoro tarixiy markazi» obektining saqlanganlik holati Butunjahon merosi qo‘mitasining 2020 yildagi 44-sessiyada ko‘rib chiqiladi». Bu so‘zlar tashvishdan boshqa yana bir narsadan guvohlik beradi: endi bizning «qog‘ozlarimiz»ga ishonch yo‘q. Bizni tekshira boshlashadi.

Nega Shahrisabz haqidagi haqiqatni yashirishyapti?

TIV matbuot xizmati xabarida Shahrisabz haqida hech qanday ma'lumot yo‘q, garchi shahar Butunjahon merosi qo‘mitasi sessiyasida muhokama qilingan bo‘lsa-da.

Butunjahon merosi qo‘mitasi O‘zbekistonni ikki yil ichida Shahrisabzning tarixiy markazini reabilitatsiya qilish variantlarini ko‘rib chiqish, Butunjahon merosi obekti hududida qurilish ishlariga to‘liq moratoriyni saqlab turishga chaqirgan. Bundan tashqari, YuNeSKO O‘zbekistonga Temuriylar davri tarixiy yodgorliklarini meros ro‘yxatiga qo‘shish uchun ariza berishni taklif qilgan, chunki «Shahrisabz — Amir Temur va uning shajarasi hokimiyati ostida shaharning dunyoviy rivojlanishi cho‘qqisiga yetganining muhim yodgorligidir».

Butunjahon merosi qo‘mitasi shuningdek, «2016 yilda Shahrisabzning tarixiy qismida olib borilgan keng miqyosdagi buzilish ishlari tufayli xavf ostida qolgan Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani»ni qayd etdi. 2018 yilda YuNeSKO Shahrisabzni Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirish masalasini muhokama qilgan, biroq hukumat tegishli choralar ko‘rilishiga ishontirgan.

2019 yilning yanvarida YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasi missiyasi va'da berilgan ishlardan birortasi bajarilmaganiga duch kelgan va Shahrisabzni «yo‘q bo‘lish xavfi ostida qolgan obektlar» ruyxatida qoldirishgan. Bu sharmandali ro‘yxatda Shahrisabz bilan yonma-yon Afg‘onistonning Bamiyon vodiysida «tolibonlar» tomonidan yo‘q qilingan Budda haykallari ham turibdi.

Samarqand haqida. «Biz sizning aql bilan ish ko‘rishingizga ishonamiz»

Samarqanddagi vaziyat BMQning 43-sessiyasida jiddiy tarzda ko‘rib chiqilgan. Bu shahar dunyo taqdiriga ega va jahon hamjamiyati o‘zining bu boradagi mas'uliyatini his qilmoqda. TIV matbuot xizmatining shahar «xavf ostida bo‘lgan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilmadi», deb raport berishi aslo bizning xizmatimiz emas. YuNeSKO Butunjahon merosi markazi direktori Mextild Ressler O‘zbekiston delegatsiyasiga qarata: «Biz sizning aql bilan ish ko‘rishingizga ishonamiz», degan.

Meros ro‘yxatidagi Samarqandning kartochka pasportidan ko‘chirma:

«So‘nggi yillarda, xususan, 2018 yilning iyun oyida Butunjahon merosi markaziga tashvishlantiruvchi bir necha xabar kelib tushgan: bevosita obekt yaqinida olib borilayotgan qurilish loyihalari uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga (OUV) haqqoniy xavf tug‘diradi. Ayniqsa, bu xususiy sektorda an'anaviy uylar ommaviy ravishda buzilishi bilan bog‘liq».

2019 yilning yanvarida Butunjahon merosi markazi O‘zbekistondan maxsus doklad taqdim etishni so‘ragan, biroq BMQ xabariga ko‘ra, u tayyorlanmagan. 2019 yilning martida O‘zbekiston boshqa dokladni taqdim etgan, unda Samarqandning yangi bosh rejasi, tarixiy markaz va bufer zonasining detallashtirilgan loyihasi, yangi harakatlanish sxemasi tayyorlanayotgani bayon qilingan. BMQ hujjatida bu ishlar haqiqatda amalga oshirilmagani qayd etilgan, hudud hamda bufer zonani kompleks kartografiyalashtirish va obodonlashtirish 2022 yilda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan Shanxay hamkorligi tashkiloti sammitiga atab 16ta mehmonxona qurilishi uchun qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Sammitgacha shaharning markaziy ko‘chasi yonidagi uylar qayta tiklanadi, kanal, «Registon Plaza» va «Afrosiyob» mehmonxonalari modernizatsiya qilinadi. Bufer zonalar chegarasida ikkita sanoat zonasini obodonlashtirish rejalashtirilgan. Turar joy binolariga tutash uchastkalarda ko‘kalamzorlashtirish taklif etilmoqda. Aeroport yo‘li bo‘ylab turar joy binolari buziladi. Bevosita bufer zonalar chegarasidan tashqarida xususiy qurilmalar buziladi va Temuriylar uslubida qayta quriladi, «faoliyat ko‘rsatmayotgan zavod shahar ehtiyojlari uchun qayta tashkil etiladi».

O‘zbekiston «Ustuvor loyihalarni loyihalashtirishda amal qilinadigan prinsiplar» hujjatini taqdim etgan, biroq BMQ dokladida qayd etilishicha, hujjat garchi nazariy jihatdan maqbul bo‘lsa-da, uning amaliy yo‘nalganligi qay darajada ekani noma'lum.

BMQ ma'lumotiga ko‘ra, Samarqand YuNeSKOdan so‘nggi 20 yil ichida shahar landshaftini saqlab qolish uchun 130 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ olgan. Hokimiyat xatti-harakatlari tufayli natija butunlay teskari: tarixiy landshaft xavf ostida.

«Taklif etilayotgan loyihalar uchun asosni ta'minlovchi hujjatlarning nazorati juda muhim. Yuqorida qayd etilgan vositalar xususiy quruvchining manfaatlarini o‘ylab emas, «jonli» shaharni asrash, uning aholisi talablarini e'tiborga olib va meros qadriyatlarini saqlab qolish asosida ishlab chiqilishi kerak», — Butunjahon merosi markazining xulosasi shunday.

Butunjahon merosi bo‘yicha komissiya O‘zbekiston o‘z dokladida Samarqanddagi buzilishlar bo‘yicha birorta tafsilot keltirmaganini qayd etib o‘tgan. «Shu paytgacha buzilgan qurilmalar va tozalangan uchastkalar haqida birorta hujjat taqdim etilmagan, tugallangan, joriy yoki rejalashtirilayotgan yangi binolarning rejalari va chizmalari yo‘q. Shaharda amalga oshirilayotgan yirik qurilish loyihalarining soni va xili ko‘p, ular 2022 yilgacha bo‘lgan muddatda ulgurib qolish uchun katta tezlikda olib borilmoqda. Xususiy mulk chegaralarida bir qator uchastkalar buzilishini taqozo etadigan «Samarqand shahar turistik zonasi» ko‘p funksiyali loyihasi xalqaro sammit loyihalariga ham, hattoki Bosh rejaga ham taalluqli emas. Bu shunchaki xususiy tashabbus», — deyiladi BMQ komissiyasi hujjatida.

2018 yil Samarqand viloyati hokimligi uchun sharmandali va fosh qiluvchi yil bo‘ldi. Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev shahar uchastkalari sotuvini yo‘lga qo‘ygan. Jinoiy ish materiallarida aytilishicha, Jo‘rayev 1 mln 850 ming dollar miqdorida pora olgan va bu pullar ashyoviy dalil sifatida uning seyfidan chiqarilgan. O‘nlab qurilish kompaniyalari rahbarlari o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekistonni shoshilinch tark etishgan. O‘shanda O‘zbekiston madaniyat vaziri Bahodir Sayfullayev Samarqandning tarixiy markazidagi qurilishlar atrofidagi vaziyat respublika uchun katta boshog‘riq bo‘lishini aytib o‘tgan edi. Mana, shu kunlarga ham yetib kelganga o‘xshaymiz…, — deb yozadi Yuriy Chernogayev.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatining amaldagi hokimi Erkinjon Turdimov fevral oyida Samarqand shahridagi qurilish sohasidagi korrupsiya haqida gapirib, «Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlari yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yo‘l ochgan. Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros obektlariga zarar yetgan. Bu holat UNESCO ma'muriyatining e'tiroziga sabab bo‘lgan», — degan edi.

1 iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishda E.Turdimov yana Samarqand viloyatida barpo etilayotgan qurilishlar, jumladan, turar joylar bilan bog‘liq korrupsion sxemalar haqida gapirgan.

«Shaharda hamma yoq «o‘yin». Korrupsiya! Qurilishga ruxsat berish uchun imzolangan qarorlarning asli yo‘qotib yuborilgan. 85ta qarorning asli yo‘q. «Qani qaror?» desak, «Yo‘q qaror. Umuman, bu qaror bo‘lmagan bo‘lishiyam mumkin», degan javobni eshitamiz», — degan E.Turdimov.

«Yashiradigan narsa qolgani yo‘q o‘zi: «O‘tirib yer sotamiz», deya korrupsiyalashgan rahbarlarni ayblar ekan, Turdimov shahar markazidagi qurilishlar borasida yana ogohlantirish bergan: «Samarqand shahrining tarixiy qismida birorta yangi uy qurish mumkin emas. Davlat rahbarining bu borada topshirig‘i bor. Uy-joy qurish uchun qaror chiqarish mumkin emas. Shu yerga ham qarorlar chiqarilgan. 2018 yilning iyul oy o‘rtalarida Bosh vazirning moratoriy borasidagi bayonnomasi tasdiqlangan edi. O‘sha bayonnomadan keyin ham qarorlar imzolab berilgan. 2018 yil dekabrda, 2019 yil fevralda chiqqan qarorlar bor.

Loyiha bo‘yicha shahar markazida mehmonxona qurish mumkin, lekin ko‘p qavatli uy qurish mumkin emas. Qurganlarning imorati ham buziladi. Hali ko‘rasizlar, «shoxim bor», deb yurganlarniki ham buziladi», — degan Samarqand viloyat hokimi yig‘ilishda.

Top