16:28 / 09.07.2019
22248

Davron Fayziyev O‘FA Matbuot va media departamenti direktori etib tayinlandi

Foto: O‘FA

Taniqli sharhlovchi Davron Fayziyev O‘FA Matbuot va media departamentiga rahbarlik qiladigan bo‘ldi.

Assotsiatsiya xabariga ko‘ra, tashkilotning OAV bilan ishini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, Matbuot va media departamenti faoliyatini yaxshilash, terma jamoalar va o‘zbek futboliga oid yangiliklarning tezkorlik bilan xolis tarzda yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida shunday qarorga kelingan.

O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ushbu tayinlovga quyidagicha munosabat bildirgan.

«O‘zbek futbolini rivojlantirish yo‘lida O‘FAning har bir departamentida o‘z ishining professionallari faoliyat olib borishi talab etiladi. Shu boisdan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining OAV va muxlislar bilan o‘zaro aloqalarini yangi bosqichga olib chiqilishi, turli yoshdagi terma jamoalarimizning faoliyati to‘liq xamda keng yoritilishini ta'minlashda ushbu sohaning yetuk mutaxassislaridan biri sanaluvchi Davron Fayziyevga ishonch bildiramiz», – degan Ermatov.

Ma'lumot uchun, 1983 yilda tug‘ilgan Davron Fayziyev O‘zbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. U 2001 yildan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining avvaliga «Yoshlar», keyin esa «Sport» telekanallarida faoliyat yuritgan, 2016 yildan buyon esa «UzReport» telekanalida sport sharhlovchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid
Top