15:45 / 09.07.2019
4819

Qalbaki va noqonuniy dori vositalariga qarshi kurash sohasida rezolyutsiya qabul qilindi

Bugun, 9 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan, «Sanofi» kompaniyasi ko‘magida «Qalbaki va noqonuniy dori vositalari aylanishiga qarshi kurash» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev hamda Fransiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim ishtirok etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, soxta mahsulot dunyo miqyosida har yili 100 ming nafardan 1 million nafargacha odam hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.

«Bugungi konferensiya O‘zbekistonda qalbaki va noqonuniy dori vositalarining muomalada bo‘lishiga qarshi kurash sohasida muhim voqea hisoblanadi. Preparatlarni qalbakilashtirish umummilliy miqyosdagi muammo sanaladi, har bir soxta dori o‘rami esa, fuqarolar salomatligi va hayotiga katta xavf tug‘diradi. 2018 yilda farmatsevtika xavfsizligi instituti tomonidan dunyo miqyosida soxta tibbiyot mahsulotlari bilan bog‘liq 4405ta holat ro‘yxatga olingan. Ularning 665tasi MDH mamlakatlariga to‘g‘ri keladi», - deya agentlik direktori Sardor Qoriyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Qalbaki dori vositalari muammosi barchani xavotirga solmoqda, chunki soxta dorilar inson salomatligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Yevropada qalbaki va noqonuniy dori vositalariga qarshi kurashishga alohida e'tibor qaratiladi. Ushbu muammo haqida nafaqat gapirish, ayni damda uni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ahamiyatga ega», - dedi Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ham tegishli bo‘lgan rivojlanayotgan bozorlarda qalbaki dori mahsulotlarining ulushi dunyo miqyosidagi qalbaki soxta mahsuloti aylanmasi ulushidan 10 foizdan 30 foizgachani tashkil etishi mumkin», - deydi «Sanofi» kompaniyasi vakili Joffrua Besso.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Rezolyutsiya doirasida qalbaki va noqonuniy dori vositalari tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha quyidagi ishlarni amalga oshirishga kelishib olindi:

  • Keng jamoatchilik va vakolatli organlar vakillarini qalbaki va noqonuniy dori vositalari tug‘diradigan xavflar to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida OAVda axborot tarqatish ishlarini amalga oshirish;
  • Qalbaki va noqonuniy dori vositalari aniqlangan holatlar to‘g‘risida muntazam ravishda axborot almashish;
  • Dori vositalari ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniyalarining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida shubhali namunalarni tahlil qilishga texnik yordam ko‘rsatish;
  • Davlat va xususiy tashkilotlar o‘rtasidagi sherikchilikni rivojlantirish.

Tadbirda davomida Kun.uz muxbiri janob Joffrua Bessodan qalbaki mahsulotlar tufayli kompaniyaning yillik yo‘qotishlari qanchani tashkil qilishi va bunday dori vositalari asosan qaysi davlatlarda tayyorlanishi haqida so‘radi.

«Kontrafakt dori vositalari tufayli yo‘qotishlarimizni aniq raqamlarda ayta olmayman, lekin gap o‘nlab million yevrodan kam bo‘lmagan mablag‘ haqida ketayotgani aniq. Ammo bundan ham muhim jihat – inson salomatligi masalasi turganida bu raqamlar katta ahamiyat kasb etmaydi. Qalbaki mahsulotlar eng ko‘p aniqlanuvchi davlatlar masalasiga kelsak, asosan Xitoy va Afrika davlatlarida bunday holatlar kuzatiladi. Lekin unutmaslik lozimki, bunga ixtisoslashgan jinoiy guruhlar transmilliy darajada ish olib borishadi va ularning faoliyati bir necha davlatlarni qamrab oladi», deydi u.

Mavzuga oid
Top