17:00 / 14.07.2019
28306

Milliarder, shoumen, populist. AQSh siyosatini yakson qilmoqchi bo‘lgan Ross Pero kim edi?

Foto: AP

O‘z davrida AQSh ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta'sir o‘tkaza olgan milliarder, metsenat va siyosatchi Ross Pero 9 iyul kuni vafot etdi. Bil Geyts 13 yoshda bo‘lganda, Pero birinchi milliard dollarni aynan kompyuterlar orqali ishlab topgan. U AQShning ikki partiyaviylik tizimini yakson qilishiga bir baxya qolgandi.

Texnologiyalar ortidan kelgan milliardlar

Ross Pero 1930 yili Arizonadagi uncha katta bo‘lmagan Teksarkana shahrida mato sotib, tirikchilik qilgan oilada dunyoga keldi. Shu tufayli, Ross yoshligidan savdo ishini puxta o‘rgangan, mijozlar bilan muzokara o‘tkazish, tovarni sotish bo‘yicha alohida iqtidorga ega bo‘lgan. Maktabni bitirgan yosh Pero 1949 yili Merilenddagi harbiy akademiyaga hujjat topshirgan.

1957 yili esa u ona shahri tomon qaytishga, oilasiga yaqin bo‘lishga qaror qildi. Ross Texasda eng birinchi IBM 704 kompyuterlarini ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan IBM kompaniyasi jamoasiga qo‘shildi. Oradan besh yil o‘tib, Pero o‘zining mustaqil biznesi – Electronic Data Systems'ga asos soldi. Uning kompaniyasi katta ma'lumotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullangan. 1965 yili EDS Prezident Lindon Jonson tomonidan yaratilgan federal tibbiy ta'minot tizimi bilan hamkorlikni boshladi. Oradan uch yil o‘tib, Pero kompaniyani ochiq aksionerlik jamiyatiga aylantirdi va aksiyalar qiymati 10 baravar oshib ketdi. Aksiyalar savdosi orqali u birinchi milliardni qo‘lga kiritdi, shuningdek, kompaniya boshqaruv paketini o‘zida saqlab qoldi.

Vetnam urushida Amerikaliklar uchun kurash

Rossning ismi siyosat olamida 1969 yilda ko‘p bora yangradi: u shu paytda Xanoyga diplomatik missiya bilan tashrif buyurdi. Vetnam urushida asirga tushgan amerikalik harbiylarni qutqarish bo‘yicha ko‘p marta jamoatchilik e'tiborini tortdi. Ross AQSh hukumatini ayrim ma'lumotlarni yashirib, soxtalashtirishda ayblagan, jumladan Vetnam va Laos hududida asirga tushgan askarlar soni hujjatlarda ko‘rsatilganidan ko‘p bo‘lishi taxmin qilingan.

1992 yili Pero prezidentlik saylovida ishtirok etishga qaror qilgani haqida gapira boshladi. Federal hukumatga qarshi kurashlar orqali tanilgan Pero noodatiy imidjga ega edi.

Amerikalik birinchi populist

Jorj Bush va Bill Klinton kurashida Pero mustaqil nomzod sifatida kampaniyaga qo‘shildi. U bu haqda Larri King bilan o‘tadigan shouda e'lon qildi. Bundan keyin ham ko‘p marta shou, ko‘rsatuvlarda ko‘rinish berib, telekanal orqali saylovchilar mehrini qozonishga harakat qildi. U har bir chiqishida Vashington istibleshmentidan mamlakatni ozod etishga va'da berardi, aynan mana shu omilni mamlakat iqtisodiyotiga soya solib turgan xavf sifatida talqin etardi. Peroning chiqishlari samara bera boshladi: u ikki partiyaviylikni tugatib, yangi demokratik erani boshlashga juda yaqin turgandi.

Garchi ijtimoiy va siyosiy masalalarda turg‘un pozitsiyaga ega bo‘lmasa-da, uning dasturida iqtisodiyot haqida aniq tasavvurlar bayon qilingandi. Masalan, katta budjet taqchilligi bilan qanday kurashish haqida u jo‘yali qarashga ega bo‘lgan. Shuningdek, populizm ko‘rinishi sifatida milliarder boylardan ko‘proq soliq talab qilib, o‘rta va quyi qatlam soliq yukini kamaytirishni taklif etgan. Pero hukumatni ixchamlashtirib, byurokratik apparatni tugatish haqida gapirgandi.

Sirli kapitulyatsiya

Peroda g‘alaba qilish imkoniyat bo‘lgandi. Ijtimoiy so‘rovlarda u raqiblariga nisbatan yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan: Rossga 37 foiz saylovchilar ovoz berishga tayyor edi, shu o‘rinda Klinton va Bushga 24 foiz saylovchilar xayrixoh bo‘lgandi. Shunga qaramay, saylov kuniga 5 oy qolganda u kurashdan chiqishini bildirdi. Vaqtlar o‘tib Pero bu qarorni izohlarkan, Bushning saylov kampaniyasini shakllantirgan jamoa Rossning shantaj qilmoqchi bo‘lganini aytgan. Aslida matbuot kutilmagan qarorga Pero bilan ishlagan siyosiy texnologlarnig iste'fo bergani sabab bo‘lganini keltiradi.

Pero esa barchani taajjubda qoldirib, saylovga bir oyga qolganda poygaga qaytdi. Ammo sobiq mashhurlikni qaytara olmadi. U saylovda 19 foiz ovoz to‘plagan.

Ikkinchi harakat

Avvalgi natijalardan ilhomlangan Pero 1995 yili Islohotchilar partiyasini tuzdi. Ammo 1996 yildagi harakat uncha muvaffaqiyat olib kelmadi.

Umrining so‘nggi besh yili davomida Ross oqqon kasalligi bilan kurashdi. U 90 yoshda oilasi bilan yashab kelayotgan Dallasdagi uyida vafot etdi.

Mavzuga oid
Top