19:55 / 14.07.2019
31955

Sabr egalari. «Men sizni yig‘latdim, kechiring ona...»

«Ayolning joni qirqta bo‘ladi», degan gap bor. Menimcha, unday emas. Uning sabr-matonati qirqta va ularning har birida minglab jon yashirin. Alloh taolo ayolni mo‘tabar etib yaratdi, chunki unda butun borliqda muqaddas hisoblanadigan onalik maqomi bor. Saratonning issig‘ida, qahratonning ayozida mushtdek joni bilan kuyib-pishib, bolam-chaqam deb yurgan ayolga e'tibor berganmisiz? Salomatligini ham o‘ylamay, farzandlarining tashvishi bilan kuymalanib yurgan ayolga...

Kun.uz tomonidan «Sabr egalari» loyihasi e'lon qilingan edi. Shundan so‘ng tahririyatimizga ko‘plab maktublar keldi. Ular turli taqdirlardan hikoya qiladi. Mazkur loyihaning ilk sonini taqdiridagi sinovlarga sabr qilib, har bir kuniga shukr etib yashayotgan onalardan birining hayot yo‘liga bag‘ishlashga qaror qildik. Zero, ona bo‘lishning o‘zi matonat, ulkan sabrdir. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumaniga – Safiya Bobomurodova xonadoniga tashrif buyurdik va u kishining boshidan kechirgan kunlari haqidagi so‘zlariga quloq osdik.

«Har bir ona o‘z farzandini orzu-havaslar bilan katta qiladi. U o‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz, bundan qat'i nazar butun borlig‘i bilan o‘z jigarbandi uchun yashaydi. Quvonsa quvonadi, g‘am cheksa qo‘shilib qayg‘uradi. Ikki o‘g‘il va ikki qizim bor. Ularni oq yuvib, oq taradim. Ta'lim-tarbiyasiga alohida e'tibor berdim. Birovdan oldin, birovdan keyin bo‘lib voyaga yetishdi. Maqtanish bo‘lmasin-ku, farzandlarimning ortidan yomonlab birov darvozamni taqillatib kelmagan.

Bularning orasida to‘ng‘ich o‘g‘lim Shavkatjon alohida ajralib turadi. Men farzandlarimni ajratmayman, ammo to‘ng‘ich bo‘lgani uchunmi shu farzandimga mehrim bo‘lakcha. Maktabda, kollejda yaxshi o‘qidi. Oliygohga kirish niyati bor edi. Bo‘sh vaqtlari ro‘zg‘or ishlariga qarashar, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larga munosabati muloyim, halim yigit edi. O‘g‘lim bu yil 24 yoshni qarshi oladi.

Kelin tushiraman deb orzu qilardim. Yaxshi niyat bilan bunga tadorik ham boshlagan edim. Ammo...».

Ayol u yog‘ini gapira olmadi, yig‘lab yubordi. Uning yonida, to‘shakda yotgan Shavkatjon «Oyi, yig‘lamang», degandek ingrab qo‘ydi. Majruh bo‘lib qolgan kafti musht bo‘lib qisildi.

2018 yilning 22 iyul kuni...

Shavkatjon shu kuni do‘stining to‘yiga borish uchun yo‘lga otlanadi. «Spark» rusumli avtomobil boshqaruvida bo‘lgan Ramziddin Sattorov tezlikni oshira boshlaydi. Mashina yeldek uchardi. Ko‘chaning burilish qismiga yetganida, ilkis boshqaruvdan orqa o‘rindiqda o‘tirgan Shavkatjon tashqariga uchib ketadi. Qonga bo‘yalganicha, hushidan ketadi.

«Bizga bu xabarni yetkazishganida o‘takam yorilib ketdi. Gangib qoldim. Shifoxonaga borganimizda o‘g‘lim qonga bo‘yalib yotar, ammo hushi o‘zida edi. Gapirardi ham. «Oyijon, men unga aytdim, tez haydama dedim. Ammo gapimga quloq solmadi. Menga nima bo‘lyapti, butun tanam qizib ketyapti. Yordam bering onajon», deya zorlanardi», - deydi Safiya opa. Ayol ortiq gapira olmadi, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, ko‘ziga yosh keldi. Suhbatni Shavkatjonning otasi Sayfulla aka davom ettirdi.

«Men voqeadan xabar topgach, tezlik bilan shifoxonaga bordim. O‘g‘limni ko‘rgach, yuragimdan bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi. Travmatologiya bo‘limida yotqizishgan ekan. Gapirayotganini ko‘rib, nari borsa oyog‘i yoki qo‘li singandir, deb o‘yladim. Mudhish xayollarni miyamdan quvish uchun ham, o‘z-o‘zimni aldash bo‘lsa ham shunday o‘ylardim va bunga o‘zimni ishontirishga majburlardim...».

Ota ham, ona ham o‘sha dam o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Shavkatjonga tinchlantiruvchi ukol qilishadi. Uni jonlantirish bo‘limiga olib o‘tishadi. Chunki vaziyat shuni taqozo etardi. Chunki unga kraniotserebral shikastlanish, ikkala oyoqning sinishi, nevrologik tizim buzilishi tashxisi qo‘yiladi. Umumiy ahvoli kasallik kechishi bo‘yicha og‘ir, deb baholanadi.

«O‘g‘limni bu holatda ko‘rib, adoi tamom bo‘lgandim. Ona o‘z bolasining oyog‘iga tikan kirsa qancha azoblanadi. Shavkatjonim esa qonga belanib yotardi. O‘sha lahzada hushimdan ketibman. Meni ham jonlantirish bo‘limiga joylashtirishibdi. Keyin ma'lum qilishlaricha, infarktni boshimdan o‘tkazibman. Xullas, o‘g‘lim 4-5 oy komada yotdi. Bu vaqtning har bir soati men uchun shunday azobli ediki, so‘z bilan bu qiynoqlarni ifoda etib berolmayman. Chunki istalgan payt shumxabar kelishi mumkin edi...», - deydi ona.

Sirli voqealar

Bu orada juda g‘alati, mubolag‘a bo‘lmasin, sirli ishlar ro‘y beradi. Bu haqda Safiya opa shunday hikoya qiladi: «Shifoxonada o‘g‘limning kasallik tarixi varaqasi yo‘qoldi. Bu Kasbi tumani shifxonasida yuz berdi. Bu holat o‘g‘limni Qarshiga olib borganimda ham yuz berdi. Shifokorlar Shavkatjonning kasallik tarixi varaqasini topib bera olishmadi. «Yo‘qolibdi», «Mabodo, o‘zingiz olmadingizmi?», deb turli gaplar qilishdi. Bunga ham ko‘z yumdim. «Spark» haydovchisi Ramziddin Sattorov o‘zi va akasi eng boshida tergovda «Shavkatni o‘zimiz oyoqqa turg‘azib beramiz», deb va'da berishgan edi. Ramziddin oxirgi marta 3 sentabr kuni xabar oldi. Shundan so‘ng bir necha bor qo‘ng‘iroq qilishimga qaramay, tergovchining tayinlashiga e'tibor bermay, aka-uka bir marta ham xabar olishgani yo‘q. «O‘g‘lingni mashina tagiga men tashladimmi?», deb jyerkib ham berdi bir marta. Bunga ham chidadim. Sud Ramziddinga 11 million so‘m jarima soldi. Lekin mana shu jarima pulidan bir so‘m ham to‘lamadi. Odam degan ham shunday zolim bo‘ladimi? Bizni sodda ko‘rib, bo‘sh-bayov bilib shunchalik xo‘rlashadimi?

O‘g‘lim hozir 1-guruh nogironi. Uning dori-darmoni uchun har oy million so‘mdan ziyod mablag‘ ketadi. Qashqadaryo va Samarqanddagi shifoxonalarga borib davolandi. Operatsiya bo‘ldi. Hozir na gapira oladi, na hojatini chiqara oladi. Buning uchun maxsus «shlanka» qo‘yilgan. Qorni ochdimi yo‘qmi, aytolmaydi ham. Samarqandga borganimizda suyaklari bitishi uchun oyoqlariga temir ulashdi. Keyin bilsak, avtohalokat tufayli oyog‘ining suyaklari majag‘lanib ketgan ekan. Ana shu jarrohlik amaliyoti uchun 8 million so‘m mablag‘ ketdi. Dori-darmoniga ketgan xarajat bizning qurbimiz doirasida emasdi. Qarz ko‘tarishga majbur bo‘ldim. Hozir odamlardan 14 million so‘m qarzim bor. Mol-holimni, hovlimning bir qismini sotishga majbur bo‘ldim. To‘y uchun yaxshi niyatlar bilan jamg‘arayotgan pullarim ham sarflanib ketdi. Tumanimiz hokimiga rahmat. U Toshkentga borib davolanishimiz uchun alohida mashina ajratdi, u yerda 14 kun yotib davolanishimiz uchun barcha shart-sharoitlarni mujassam qildi.

Hozir turmush o‘rtog‘im ishsiz. Ro‘zg‘orni kichik o‘g‘limning to‘yxonadan topib keladigan 10-15 ming so‘m puliga o‘tkazyapmiz. Shavkatjonning dori-darmonini nogironlik puli evaziga olyapmiz. Ammo bu pullar yetmaydi baribir.

Inson boshiga turli kulfatlarning tushishi hech gap emas ekan. Bu kutilmaganda, istalgan vaqt ro‘y berishi mumkin. Bunday paytlarda nima qilishingni, qaysi devorga bosh urishingni bilmas ekansan. Boshimdan og‘ir kunlar o‘tdi va bu hamon davom etmoqda. Ana shunday damlarda shayton odamni turli vasvasaga soladi, aqldan ozib qolamanmi deb qo‘rqasan. Ammo Alloh insonga kuch berarkan. Hozir Shavkatjonim tirik. Garchi majruh bo‘lsa-da, nafas olyapti. Men barcha ko‘rgiliklarga sabr qildim. Taqdirimga rozi bo‘ldim. Har kuni yig‘layman, o‘g‘limning boshidan silab o‘kinaman, ammo bu Allohning xohishi, bir kun kelib u bizga yaxshi kunlarini ato qilishiga ishonganim uchun sabr qilaman».

Suhbatlashar ekanmiz, to‘shakka bir umr mixlanib qolgan yigit javdirab bizga qaraydi. Nimadir degisi, dardini aytgisi keladi. Ona esa ko‘zida yosh bilan unga tikiladi. Go‘yo u yonimizda emas, qayerlardadir, boshqa bir manzilda, o‘zga bir makonda tentirab yurgandek.

Xonadondan chiqib ketar ekanmiz Safiya opa bizga shunday dedi: «Men sizlarni Shavkatjonning to‘yiga, albatta, aytaman. O‘zi sizlarni kutib oladi. Men bunga qattiq ishonaman...».

Ko‘rganingizdek, oila moddiy tomondan juda qiyin ahvolga tushib qolgan. Ayni kunlarda Shavkat Samarqandga borib, oyog‘iga qo‘yilgan maxsus uskunalarni almashtirib, jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazishi kerak. Aslida, jarrohlik amaliyoti iyun oyida bo‘lishi lozim edi, biroq yetarli mablag‘ topilmagani uchun bu ish ortga surilib kelmoqda. Jazirama kunlarda bemorning salomatligi yanada og‘irlashgan. Bo‘lajak operatsiya uchun taxminan 10-12 million so‘m mablag‘ talab etiladi. Saxovat qilib, yigitga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lganlar uchun quyidagi ma'lumotlarni taqdim etamiz.

Plastik karta raqami: 8600 0417 8463 9149 (Agro bank)

Plastik kartochka Jurayev Shavkat nomida.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Top