15:32 / 16.07.2019
8854

Ispaniya kompaniyasi O‘zbekistonda izchil velosiped tizimini joriy etishni taklif qildi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida qo‘mita raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev, O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasi vakillari hamda Ispaniyaning “Truebasport” kompaniyasi rahbari Fermin Truba va kompaniya menejyeri Oskar Kantero ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Truebasport” kompaniyasiga xalqaro miqyosdagi “Tour de silk road” nomli loyihani hamkorlikda tashkillashtirishni taklif etdi. Mazkur yirik velomarafon jahonga mashhur sportchilarni jalb qilishga, O‘zbekiston brendini dunyoga tanitishga hissa qo‘shadi. 

Kompaniya qo‘mitaning ushbu taklifini ma'qullagan holda, mamlakatda izchil velosiped tizimini joriy qilish hamda butun dunyo, jumladan Yevropaga O‘zbekistonni turistik maskan sifatida targ‘ib etish bo‘yicha o‘z taqdimotini namoyish etdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston yaqin kelajakda mazkur sport turi bo‘yicha Osiyoning eng yetakchi davlatiga aylanishi mumkinligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli loyihaning dastabki dasturini yaratish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi. Mazkur loyiha dasturi to‘liq shakllanganidan so‘ng o‘rganish uchun rahbariyatga taqdim etiladi.

Ispaniyaning “Truebasport” kompaniyasi velosport bo‘yicha ekspertlar jamoasidan tashkil topgan bo‘lib, ular orasida “Tour de France” g‘oliblari, UCI (Union Cycliste Internationale)ning litsenziyaga ega menejyerlari, kouching, kommunikatsiya va marketing sohasidagi yetakchi mutaxassislarni uchratish mumkin.

Top