21:40 / 17.07.2019
68089

Sherzod Shermatov: hali men tanishishga ham ulgurmay, XTB mudiri pora bilan qo‘lga tushdi

O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov jurnalist Kirill Altman bilan suhbatda maktab direktorlarini tayinlashning yangicha tizimiga o‘tilishi haqida tushuncha berdi.

«Biz markazlashgan boshqaruvdan kechmoqchimiz. Ilgari barcha maktablarning direktorlarini tayinlashda vazirlik bilan kelishilgan. Buning nima keragi bor? Hozirda biz maktab direktorlari kuzatuv kengashi tomonidan saylanadigan tizimga o‘tmoqchimiz. Bu ko‘p vaqt talab qiladigan inqilobiy o‘zgarish bo‘ladi. 

Odamlar bunday tizimga ko‘nikmagan, bizda doim yuqoridan rahbar tayinlanishiga ko‘nikishgan, yangi tizim ko‘pchilikka yoqmasligi tayin. Chunki ular o‘zlari direktorlikka tayinlashgan, ya'ni o‘z tanishlarini.

Bundan tashqari, korrupsiya ham avj olgandi. Masalan, endigina lavozimimga kirishgan vaqtimda, hali men tanishishga ham ulgurmay, Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi rahbari direktorlikka tayinlash uchun pora olayotib qo‘lga tushdi. Biz mana shunday amaliyotdan bosqichma-bosqich voz kechishimiz kerak. Buning uchun joylardagi odamlar ham talab qilishni bilishi va kuzatuv kengashi doirasida o‘zlarini to‘g‘ri tutishlari lozim», dedi u.

Ma'lumot uchun, 2017 yil dekabridan Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasini boshqargan Anvarjon Zokirovich Nazarov 2018 yil noyabrida 1500 dollar miqdoridagi pora olayotganida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Top