13:45 / 19.07.2019
15678

«PSJ» Neymardan qutulmoqchi

«Pari-Sen-Jyermen» braziliyalik hujumchisi Neymar bilan xayrlashishga qaror qilgan.

Sport.es manbasi ma'lumotiga ko‘ra, braziliyalik bu futbolchining parijliklar klubini tark etishi to‘xtatib bo‘lmas jarayon hisoblanadi. Fransiya chempionlari rahbariyati bu vaziyatda futbolchini sotish, degan qarorga kelishgan. 27 yoshli futbolchining o‘zi «Barselona»ga qaytishni istamoqda. Shuning uchun, «PSJ» ko‘k-anorranglilar bilan ehtimoliy transfer imkoniyatlarini o‘rganmoqda. 

Sky Germany nashri xabariga ko‘ra, «Barselona» «Pari Sen-Jyermen»ga Neymar transferi bo‘yicha yangi taklif yo‘llagan. Kataloniyaliklar uning qaytishi uchun 100 mln yevroga qo‘shib ikki futbolchisini bermoqchi. 

«Barselona» «PSJ»ga olti futbolchisi ro‘yxatini taqdim etgan, ro‘yxatdan vingerlar Filippe Koutino, Usmon Dembele va Malkom, yarimhimoyachi Ivan Rakitich va himoyachi Nelson Semedu nomi ham bor. Ammo Koutino, Dembele va Rakitich klubdan ketishni istamayapti. 

Nemis nashrining yozishicha, «Barselona» va «PSJ» o‘rtasidagi muzokaralar oson kechmaydi, ammo katalonlarning yangi taklifi — katta qadam bo‘lishi mumkin. Bundan avvalroq «PSJ» Neymarni ko‘k-anorranglilarga 40 mln yevro va bir necha futbolchi evaziga berishga rozi bo‘lmagandi. Fransuzlar klubi braziliyalik futbolchini 250 mln yevroga baholagan. 

O‘z navbatida, El Chiringuito Neymar faoliyatini «Yuventus»da davom ettirishi mumkinligi to‘g‘risida xabar tarqatdi. 

Manba ma'lumotiga ko‘ra, parijliklar braziliyalik futbolchisini turinliklarning argentinalik hujumchisi Paulo Dibala va muayyan miqdordagi mablag‘ga almashishi mumkin. 

Dibala yakunlangan mavsumda jamoasining 42 uchrashuvida maydonga tushgan va 10 gol urib, 6 golga uzatma bergan. Futbolchining «Yuventus» bilan shartnomasi 2022 yilgacha tuzilgan. Forvardning transfer qiymati 85 mln yevroga teng.

Neymar 2013 yildan 2017 yilgacha «Barselona»da o‘ynagan. U «PSJ»ga 2017 yil yozida «Barselona»dan 222 mln yevroga o‘tib, futbol tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylangandi. Uning Parij klubi bilan amaldagi shartnomasi 2022 yilga qadar tuzilgan. O‘tgan mavsumda u klubining barcha turnirlar doirasidagi 28 uchrashuvida maydonga tushib, 23 gol urgan va 13 golga uzatma bergan.

Top