22:59 / 24.07.2019
15029

Niderlandiyalik va amerikalik taniqli aktyor Rutger Xauer vafot etdi

Gollivud filmlarida suratga tushgan niderlandiyalik taniqli aktyor Rutger Xauer hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda aktyor agentiga iqtibos keltirgan holda Variety nashri xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, 75 yoshli aktyor uzoq davom etmagan kasallikdan keyin Niderlandiyadagi uyida 19 iyulda vafot etgan. Uning dafn marosimi bir necha kundan keyin bo‘lib o‘tdi.  

Xauer 1944 yil Amsterdam yaqinidagi Brekelen shaharchasida dunyoga kelgan. Aktyorlik faoliyatini 1960-yillar oxirida boshlagan va “Floris” teleserialidan keyin mashhurlikka erishgan.

Aktyor uzoq yil davomida rejissyor Pol Verxoven bilan hamkorlik qilgan va do‘st tutingan. U Verxovenning bir nechta filmida suratga tushgan. Aktyor, shuningdek, “Tig‘ ustida yuguruvchi”, “Hamroh”, “Ajdodlar chorlovi”, “So‘qir g‘azab”, “Betmen: Ibtido”, “Gunohlar shahri” kabi filmlarda rollar ijro etgan. 1988 yilda “Sobibordan qochish” mini-serialidagi ikkinchi plandagi roli uchun nufuzli “Oltin globus” mukofot bilan taqdirlangan, 1999 yilda vatanida “Yuz yillikning eng yaxshi aktyori” nomiga sazovor bo‘lgan.

Unga rejissyor Ridli Skottning “Tig‘ ustida yuguruvchi” filmidagi roli eng katta mashhurlik keltirgan.

Xauer 150 dan ko‘proq filmda suratga tushgan. Bundan tashqari, u o‘zini ssenariychi, prodyuser va rejissyor sifatida ham sinab ko‘rgan.

Mavzuga oid
Top