21:10 / 30.07.2019
208629

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi kerakmi? - mutaxassis fikri

Foto: Artem Korotayev/TASS

Har bir, ma'lum siyosiy va iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan davlat o‘zining xalqaro o‘rnini yuqorilatishga urinadi — siyosiy va iqtisodiy nufuzini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bunga tabiiy hol o‘laroq qaramoq lozim. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) tuzilgan paytda ham bu kabi maqsadlar ko‘zlanganiga shubha yo‘q — mintaqaning eng qudratli davlati — Rossiya Federatsiyasi mintaqa davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z manfaatlarini «yurg‘izish»ni maqsad qilganiga hech bir siyosiy yoxud iqtisodiy tahlilchi shubha qilmaydi.

Xo‘sh, biz YeOIIga kirishimiz kerakmi? Unga a'zolik bizga nima beradi va biz nimani yo‘qotamiz? Bu savollar ustida biroz fikr yuritamiz.

I. Qisqacha kirish

YeOIIga a'zolik masalasi ilk bor prezidentimizning Senat majlisidagi nutqida yangradi. Shundan keyin taniqli iqtisodchi mutaxassislar masalaga doir o‘z fikrlarini aytishdi. Endilikda huquqshunoslarning ham fikr bildirish payti keldi, deb o‘ylayman. Chunki YeOII avvalambor qonun-qoidalarga asoslangan, Yevropa ittifoqining tashkiliy shaklini ma'lum darajada o‘ziga o‘rnak olgan tashkilot bo‘lib, unga a'zo bo‘lish huquq va majburiyatlarni taqozo qiladi.

YeOII haqida qisqacha ma'lumot beradigan bo‘lsak, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston 2011 yildan bojxona ittifoqi, 2015 yildan boshlab esa iqtisodiy ittifoqni tashkil etishgan. Unga 2015 yilda Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari a'zo bo‘lib kirgan. Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi markazida mahsulotlar, xizmatlar, kapital va mehnat kuchi uchun yagona bozorni tashkil etish yotadi. Tashkilotning nizolarni hal etuvchi alohida sudi, Yevroosiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Barqarorlik va rivojlanish jamg‘armasi mavjud.

Hozirda O‘zbekiston ikki frontda erkin savdo borasida jadal muzokaralar yuritmoqda: Jahon savdo tashkilotiga a'zolik va Yevropa ittifoqi bilan kengaytirilgan bitim tuzish masalalari.

Prezident bergan ishorasidan biz uchun Yevropa ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti bilan muzokaralar tugaganidan so‘ng eng muhim masala bu — eng avvalo MDH davlatlari bozoriga kirish ekanligini taxmin qilsak bo‘ladi. Eng kamida, men shunday tushundim.

II. YeOIIga a'zo bo‘lishning foydalari

Katta bozor. Avvalambor, YeOIIga a'zolik biz uchun 182 milliondan oshiqroq inson istiqomat qiluvchi, qiymati esa 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng bozorga kirish imkonini beradi. O‘zbekiston bu bozorga o‘zining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda ko‘rishi mumkin.

YeOII mahsulotlarga qo‘yiladigan texnikaviy, sanitariya, veterinariya va fitosanitariya standartlari va normalarini uchinchi davlatlarga nisbatan ma'lum darajada qattiqqo‘llik bilan tatbiq etmoqda. Bizning tadbirkorlarimiz shu sababdan yurtimiz mahsulotlarini YeOII bozoriga kiritishga qiynalishmoqda.

Saidorifxon Saidazimov, margarin va sariyog‘ eksporti bilan shug‘ullanuvchi «Mega Prodex» korxonasi rahbari:

«Yaqinda biz o‘z mahsulotimizni Qozog‘istonga eksport qilishga urindik. U yerda, sodda qilib aytganda, O‘zbekiston mahsulotiga taqiq qo‘yishdi. 2015 yilda Rossiyaning Tula shahrida o‘zbek mahsulotida virusli kasallik topishgan ekan. O‘shandan beri bizning sut, margarin, sariyog‘ va boshqa chorva mahsulotlarimiz importiga taqiq qo‘yilgan ekan. Ruxsat ololmayapmiz.

Biz Qirg‘izistonga margarin eksport qilar edik. Ammo yaqinda Bojxona ittifoqi konvensiya qabul qildi — endi, masalan, Qozog‘iston biror narsaga taqiq qo‘ysa, bu taqiqni boshqa a'zo davlatlar tan olishadi. Ular tariflarni o‘zgartirishmaydi, shunchaki veterinar nazorat oddiy qog‘oz bilan o‘zbek suti, go‘shti, kolbasasi, margarini uchun MDH bozorlarining eshigini yopib qo‘yadi. Bizning mahsulotimiz 2–3 barobar arzon. Ular, oddiy qilib aytganda, o‘z bozorlarini himoya qilishadi».

O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, o‘z qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi. Buning natijasida, YeOII bozorini ko‘zlagan xorijiy investitsiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin. Zero, shu paytgacha 33 millionlik bozor uchun ishlab kelingan bo‘lsa, YeOIIga kirish natijasida 200 million kishilik bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibadorligini oshiradi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida YeOIIga a'zo mamlakatlar ulushi 25–30 foizni tashkil etadi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, yurtimiz hali a'zo bo‘lib ulgurmasidan, YeOII biz uchun eng katta tashqi savdo hamkori bo‘lib turibdi. YeOIIga kirish bu ko‘rsatkichni shaksiz yuqorilatadi. Bundan tashqari, YeOIIga azo davlatlarning mahsulotlari bozorimizga kirib kelishi raqobatning kuchayishiga xizmat qiladi. Bunday raqobat esa iste'molchi uchun yaxshi.

Notarif to‘siqlar kamayishi. Xalqaro savdo munosabatlarida tarif (bojlar bilan) savdo aloqalari to‘silishiga qanchalik muammo deb qaralsa, notarif to‘siqlarga ham shunday qaraladi. Jahon savdo tashkilotining «ajdodi» bo‘lmish GATT paytidayoq bunday muammo yuzaga kelgan — notarif to‘siqlar — turli xil sertifikatlar, standartlar, qaror va farmonlar orqali o‘zaro savdoga xalaqit beruvchi, raqobatni buzuvchi narx belgilashga oid to‘siqlar yuzaga kelgan. Hozirgi YeOII hududidagi jami eksport qiymati ichida notarif to‘siqlar yuki 15–30 foiz ekani haqida ilmiy tahlillar mavjud.

Tasavvur qiling, siz bir mahsulotni 100 rublga Rossiyaga eksport qilyapsiz va uning tannarxi ichidagi 15–30 rubl turli-tuman to‘siqlarni oshib o‘tish uchun sarflanadi. Bu juda katta miqdor. YeOIIning ichida to‘siqlar bu darajada bo‘lsa, uchinchi davlatlar uchun qay darajada bo‘lishini tasavvur etsa bo‘ladi. O‘zbekiston YeOIIga qabul qilinsa unga a'zo 5 davlat bilan standartlarni birlashtirish orqali chegaralardagi ortiqcha tekshiruv va ulardan kelib chiqadigan vaqt isrofining oldini olish mumkin. Eksport qiluvchilarimiz mahsulotlarini YeOII hududiga ancha erkin chiqarishi mumkin bo‘ladi.

Mehnat migrantlarimiz uchun qulay sharoit. YeOIIga a'zo mamlakatlar mehnat migrantlari uchun litsenziya va ruxsat olish talablarini o‘zaro jiddiy kamaytirishgan hamda ishlash mamlakatida qolish muddatini uzaytirishgan. Agar migrant ishchi rasmiy ravishda ishga yollangan bo‘lsa, unda uning farzandlari o‘sha mamlakatdagi bog‘cha va maktablarda o‘qishi mumkin bo‘ladi, shuningdek uning barcha oila a'zolari majburiy tibbiy sug‘urta bilan qamrab olinadi. Barcha (farmatsevtika, tibbiyot, huquq va pedagogika sohalaridan tashqari) diplomlar o‘zaro tan olinadi. Demak, O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lsa muhandislik sohasida universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarosi Rossiya yoki Qozog‘istonga borib, u yerdagi fuqarolar bilan teng sharoitlarda ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Pensiya ta'minoti kabi hal etilmagan muammolar mavjud bo‘lsa-da, umumiy mehnat bozorining YeOIIda birmuncha shakllanganini tan olish zarur.

Boshqa tomondan, yurtimizga investitsiya oqimi ko‘payishi natijasida faol qo‘l mehnatini talab etuvchi sohalarga investitsiya oqimi kuchayib (labour-intensive sectors), natijada ishchi o‘rinlari ko‘payishi va buning natijasida tashqi migratsiya kamayishi ehtimoli ham yo‘q emas. Biroq hali YeOIIga kirish bilan xorijiy investitsiyalar oqimining o‘sishi orasidagi bog‘liqlik hali yetarlicha o‘rganilgani yo‘q. Shuning uchun bu masalada qat'iy bir fikr aytish qiyin.

Qoidalarga asoslangan xalqaro munosabat. Rossiya va Qozog‘iston kabi mintaqaning iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlari bilan ikki tomonlama emas, balki institutlashgan-huquqiy me'yorlar orqali aloqalarimizni qaytadan tartibga solish imkoniga ega bo‘lamiz — hamma uchun teng, ochiq va shaffof, nizolarni hal etish mexanizmiga ega tashkilotga kirish nisbatan kichik va iqtisodiy jihatdan hali qudratli bo‘lmagan mamlakatlar uchun bu foydadan xoli bo‘lmaydi. Rossiya kabi davlat o‘z manfaatlari yo‘lida ba'zan YeOII qoidalarini buzgan taqdirda ham, O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari ittifoqqa qo‘shilsa, tashkilot ichidagi Markaziy Osiyo davlatlarining vazni ortadi va a'zo davlatlarning qoidabuzarligini kamaytirish mumkin bo‘ladi.

YeOIIning rivojlanish jarayonida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lamiz. YeOII bu erkin iqtisodiy hudud bo‘lib, a'zo mamlakatlarning tashqi bojxona siyosatini muvofiqlashtiradi. Shunday ekan, YeOIIga a'zo davlatlar uchinchi mamlakatlar yoki shunday ittifoqlar bilan erkin bitimlar tuza oladi. Hozirgacha YeOIIning Vetnam bilan shunday bitimi mavjud. Misr, Eron, Isroil va Hindiston kabi davlatlar bilan esa erkin bitimlar tuzish borasida ishlar olib borilyapti. Bundan tashqari, YeOII umumiy energiya bozori, umumiy aksiz mahsulotlari bozori (alkogol va tamaki), umumiy auditorlik xizmatlari bozori, umumiy pul birligi bozori kabi muhim o‘zgarishlarni ham ko‘rib chiqishi kutilyapti. O‘z vaqtida YeOIIga azolik bundan keyingi tashqi savdo aloqalarining rivojlanishida o‘z manfaatlarimizni himoya qilishida katta rol o‘ynaydi. YeOIIga kirishni kechiktirsak, mazkur jarayonlarda ishtirok etishdan mosuvo bo‘lamiz, shakllanib bo‘lgan tizimni qabul qilishga majbur bo‘lamiz.

Yana bir muhim omil bu — davlat institutlari ishlashining yaxshilanishi. Rossiya, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlar bilan yaqindan ishlash davlat xizmatchilarimizning darajasi yuksalishiga va davlat institutlari tomonidan ishlab chiqiladigan loyiha va xizmatlar sifati yaxshilanishiga olib keladi. Bunga misol — 1973 yilda Karib havzasidagi 15ta davlatning integratsiyalashuvi o‘zaro savdodan ham ko‘ra davlat institutlarining samaradorligi o‘sishiga olib kelgan.

III. YeOIIga kirishning salbiy tomonlari

Proteksionistik tariflar. Ittifoq amalda Rossiyaning tashqi boj siyosatini o‘zida aks etgan bir tomonlama erkin bozor hududi bo‘lib, Jahon savdo tashkilotiga kirganimiz taqdirda ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston kabi bojlarni ko‘tarishga majbur bo‘lamiz. Bu esa yurtimizga keladigan texnika va texnologiyalar narxi qimmatlashuviga sabab bo‘ladi.

YeOIIga a'zo bo‘lish natijasida Armaniston va Qirg‘izistonning tashqi bojlari ko‘tarilishi

Ilmiy tahlillar orasida ayniqsa Armaniston va Qozog‘istonning YeOIIga kirishi ularning iqtisodiga manfiy ta'sir ko‘rsatgani borasida tahlillar ham mavjudligini qayd etish zarur.

Ittifoqning tashkiliy tuzilma sifatida zaifligi. Garchi boshida Yevropa ittifoqi tuzilmasi o‘rnak qilib olingan bo‘lsa-da, YeOII davlatlari tashqi savdo siyosatini yetarlicha muvofiqlashtirish quvvatiga ega emasligi ko‘rinib qolyapti. Misol uchun, a'zo davlatlar Yevroosiyo komissiyasiga, xususan, ittifoq qoidalarini buzgan davlatni ittifoq sudiga berish kabi o‘ta muhim vakolatni taqdim etishmagan. Natijada, YeOII a'zo mamlakatlar o‘rtasida yuzaga keladigan, raqobatni buzish holatlari bo‘yicha yuzaga keladigan nizolarni bartaraf eta olmaydi. Yevroosiyo komissiyasi YeOII bitimi qoidalarining qanday ijro etilayotgani haqida umumiy nazoratni amalga oshirgani holda, qoida buzilishlari bo‘yicha a'zo davlatlarni xabardor qiladi, xolos. Bunday ma'lumot berishlar esa hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Faqatgina a'zo mamlakatlar uchun «obro‘ yo‘qotish» bo‘ladi. Yevropa ittifoqi sudi qarorlari esa tashkilot azolari uchun majburiy xarakterga ega.

YeOII sudi xususiy biznes manfaatlarini himoya qilish yo‘lida yaxshi natijalarni ko‘rsata olgani yo‘q. Buning katta sabablaridan biri — a'zo davlatlar tomonidan ijro etilmagan sud qarorlarini ko‘rib chiqish vakolati yo‘qligi. Bunday masalalar faqat Oliy kengash vakolati doirasiga kiradi. Kengash esa, o‘z navbatida, har bir qarorini konsensus — ovozlar yakdilligi bilan qabul qilgani uchun, xohlagan a'zo davlat sud qarori ijrosiga veto qo‘ya oladi. Natijada, biznes sub'yektlari xalqaro yoki mahalliy sudlarga murojaat qilishni afzal ko‘rishadi.

Siyosiy qudrat kelishilgan qoidalardan ustun ko‘rilishi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Yevropa ittifoqi kabi oldindan belgilangan qoidalar orqali boshqariladigan va nizolar kelishilgan qoidalarga ko‘ra hal etiladigan tashkilot bo‘la olgani yo‘q. Sababi, muhim davlat manfaatlari to‘qnash kelganda ittifoq qoidalarini bir tomonlama buzishi kuzatilmoqda.

2015 yil mart oyidagi qarori bilan Rossiya Konstitutsiyaviy sudi inson huquqlari va konstitutsiyaviy asoslarini buzadigan holatlarda ittifoq bitimlari normalarining Rossiya hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etilmasligini bildirdi. Bu bir tomonlama qaror bo‘ldi. Avvaliga qoidalarga asoslanishi ko‘zda tutilgan ittifoq uning motor vazifasini o‘tovchi Rossiyaning yuqori sudi qarori bilan 2015 yilning o‘zidayoq bo‘g‘ildi, desak, adashmasak kerak.

Hozirda savdo urushlari hatto YeOII ichida tez-tez kuzatilmoqda. Misol uchun, Rossiyaning Yevropa ittifoqi va Moldovaga nisbatan bir tomonlama kiritgan sanksiyalari natijasida ittifoqqa a'zo davlatlar va Moldovadan kirib keladigan mahsulot va xizmatlarning boshqa YeOII davlatlariga o‘tishi qiyinlashmoqda. Bundan tashqari, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi go‘sht, mayonez, shokolad, qovun va sut mahsulotlari yoki Qozog‘istonning Qirg‘izistondan keladigan kartoshka mahsulotlari bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar ichki bozorning normal faoliyatiga to‘siq bo‘lyapti. Go‘sht va sut mahsulotlari bo‘yicha Rossiya va Belarus o‘rtasidagi savdo urushi hammaga ma'lum. Natijada, shu kungacha Armanistondan tashqari deyarli barcha ittifoq a'zolari bir birlari bilan savdo urushlarini boshlaridan o‘tkazishga ulgurishdi.

YeOII o‘zining har biz a'zosini tashqi boj siyosatini shakllantirishga oid suveren huquqini cheklaydi. Natijada, ikki davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama savdo bitimi tuza olmay qoladi. O‘rniga YeOII komissiyasi muzokaralar o‘tkazadi. Natijada, uzoq yillar davomida muzokara qilib kelingan, masalan, O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan tuzilajak erkin savdo bitim amalda o‘rtadan ko‘tariladi. Har doim uchinchi davlat bilan bitim tuzishda YeOII davlatlari roziligi kerak bo‘ladi. Bu esa tashqi iqtisodiy siyosatda erkinlikning katta qismini qo‘ldan chiqarish deganidir. YeOIIning uchinchi davlatlar bilan tuzilishi mo‘ljallanayotgan erkin savdo bitimlari esa yurtimiz uchun kelajakda foydali bo‘ladimi, yo‘qmi, buni ham bilmaymiz.

YeOII doirasidagi o‘zaro savdo hajmi YeOIIga a'zo davlatlarning uchinchi dunyo mamlakatlari bilan bo‘ladigan savdo hajmidan ancha kichik. 2016 yildagi YeOII davlatlarining 88 foiz eksporti va 83 foiz importi uchinchi davlatlarga to‘g‘ri kelgan. Bu degani YeOIIga a'zo davlatlar asosan tashqi davlatlar bilan savdo yuritadi degani. Bizning ham shu paytgacha bo‘lgan tashqi savdomizning 70 foizi YeOIIga a'zo bo‘lmagan davlatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Agar O‘zbekiston kelgusida Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikka oid bitimini yangilab, GSP+ tizimiga kira olsa hamda JSTga a'zo bo‘lsa, unda YeOII tashqarisidagi davlatlar bilan tashqi savdo yanada o‘sadi. Shunday ekan, bizning asosiy savdo sheriklarimiz YeOIIga kirmagan davlatlar bo‘ladi. Inchunun, YeOIIga kirib, tashqi bojlarimizni ko‘tarishimizda ma'no yo‘q.

YeOIIni tuzgan Rossiya Federatsiyasi rivojlanib ketmayapti. Balki harakatlar iqtisodiy emas, ko‘proq siyosiy tus olgani kuzatilyapti. Umumiy ittifoq manfaatlari uchun harakat qiluvchi Germaniya, Fransiya kabi davlatlarning shijoati Rossiyada kam kuzatiladi.

IV. Tahlil

Endi yuqoridagilarni biroz tahlil qilib ko‘raylik. Avvalo, aytish kerakki, O‘zbekiston kelajakda ittifoqqa kirib, keyin undan chiqishi jiddiy siyosiy xavfga aylanishi mumkin. Negaki, YeOIIga kirgandan keyin undan chiqish eng kamida YeOII davlatlari bilan o‘zaro savdo urushiga, Rossiya tomonidan esa bizga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llanishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli ham ushbu masalada chuqur o‘ylangan qadam tashlanishi lozim.

Bunda yurtimizning YeOII davlatlariga nisbatan qanday holatda ekanligini inobatga olish lozim. Agar Armaniston o‘zining Ozarboyjon bilan siyosiy muammolari borligi tufayli YeOIIga qo‘shilgan bo‘lsa, Qirg‘iziston Rossiya va Qozog‘istonga migrant ishchilar jo‘natish va eksport bozorini kengaytirish uchun ittifoqqa kirgan. Belarusning Rossiya bozori bilan qay darajada bog‘langanini esa aytishga hojat yo‘q. Rossiya bilan kelishilgan qoidalar asosida munosabat olib borish Qozog‘iston uchun pirovard maqsad bo‘lgan. Lekin bu mamlakatlarning birortasi O‘zbekiston bilan bir xil vaziyatda emas.

V. O‘zbekiston uchun muqobil yo‘llar

Shu yerda bir savol o‘rtaga chiqadi: O‘zbekiston uchun YeOIIga a'zolikdan boshqa yo‘l mavjudmi?

Birinchi muqobil yo‘l: YeOIIning Vetnam bilan tuzgan erkin savdo bitimi kabi erkin savdo bitimi tuzish. Bunda ikki taraf ham bir-biriga nisbatan mahsulotlarga qo‘yiladigan tarif (boj)larni o‘zaro pasaytirish va ularga oid standartlarni muvofiqlshtirish bo‘yicha majburiyat oladi. Bilishimcha, O‘zbekiston YeOIIga kirish o‘rniga, O‘zbekiston-YeOII erkin savdo bitimi tuzishni taklif etib ulgurgan.

Bunda bizning YeOII erkin tijorat hududiga kirishimizga ehtiyoj qolmaydi, ammo YeOII hududiga pasaytirilgan tariflarda mahsulotlarimizni eksport qilish imkoniga ega bo‘lamiz. Isroil, Serbiya va Singapur kabi davlatlar bilan shu variant ko‘rib chiqilmoqda.

Biz uchun muhim bo‘lgan ishchi migrantlar masalasini ham shu bitim ichida kelishib olsa bo‘ladi. Odamlarning erkin borib kelishi va ishlashiga oid masalalar misol uchun Yaponiyaning Indoneziya bilan tuzgan erkin savdo bitimi orqali tartibga solingan. Armaniston va Rossiya, Tojikiston va Rossiya o‘rtasida migrant ishchi kuchi masalasida ikki tomonlama bitimlar mavjud bo‘lib, ushbu bitimlar Armaniston va Tojikiston davlatlaridan keladigan ishchilar uchun Rossiyada yana ham ko‘proq qolish va yaxshiroq sharoitlarda ishlash imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga qilgan 2017 yilgi safari chog‘ida ikkita shunday shartnoma tuzilgan va o‘zbekistonlik ishchilar holati biroz bo‘lsa-da yaxshilangan. Hozirda taraflar migrant ishchilarning pensiya ta'minotiga doir bitimni imzolashni ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning 2019 yil may oyidagi tashrifi davomida oliy akademik diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekistonning Rossiyaga kiradigan mahsulotlari bo‘yicha bojxona baholashi bo‘yicha ma'lumot almashishga doir protokollar imzolanganini ham qayd etish kerak. Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston ham Rossiya bilan bunday masalalarni ikki tomonlama bitimlar bilan tartibga solsa bo‘ladi. YeOII bilan kengaytirilgan darajadagi erkin savdo bitimi tuzish, ya'ni nafaqat mahsulot va xizmatlar, balki kapital va fuqarolar erkin harakatlanishini tartibga soluvchi xalqaro shartnoma tuzish O‘zbekiston uchun eng maqbul variant, deb o‘ylayman. Zero, shunda YeOIIning Rossiya bozorini himoya qilish uchun ishlab chiqilgan proteksionistik halqasiga kirmay turib, YeOII davlatlari bozoriga kirish imkoni tug‘iladi.

Ikkinchi yo‘l: YeOII a'zo davlatlari bilan mavjud erkin savdo bitimlarini yanada chuqurlashtirish. Aslida, O‘zbekistonning Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus va Armaniston bilan allaqachon erkin savdo bitimi mavjud (MDH davlatlari o‘rtasidagi erkin savdo hududiga oid bitim). Bu bitimga O‘zbekiston 2013 yil dekabr oyida qo‘shilgan. Shunday ekan, O‘zbekiston o‘zining manfaatlarini yuqoridagi bitim orqali ham ro‘yobga chiqarishi mumkin. Aytish kerakki, MDH erkin savdo bitimi YeOII yoki JSTga qaraganda ancha sayoz bo‘lsa-da, mahsulot savdosining katta qismini qamraydi.

Uchinchi yo‘l: Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish. O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlayapti. Misol uchun, shu yilning iyun oyida Bishkekda bo‘lib o‘tgan tashkilotning yillik sammitida prezident Mirziyoyev tashkilotga a'zo mamlakatlarning ishbilarmon doiralari aloqalarini faollashtirish uchun ShHT iqtisodiy forumini mintaqaviy formatda o‘tkazish tarafdori ekanligini aytib o‘tdi. Bu taklif hatto Hindiston tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shuningdek, Xitoy hukumati ShHTni tobora iqtisodiy tashkilotga aylantirishga harakat qilmoqda va 2013 yildan beri har yillik ShHT boshliqlari sammitiga ShHT taraqqiyot bankini birgalikda ochish taklifini ilgari surib kelmoqda. Shunday ekan, garchi tezkor natija kutish qiyin bo‘lsada, kelajakda ShHT doirasidagi iqtisodiy integratsiya mavzusi aktuallashishi aniq.

To‘rtinchi yo‘l: Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi erkin savdo hamkorligiga e'tibor qaratish. Bu masala hali ham to‘liqligicha amalga oshmay kelayotgan, ammo mintaqa davlatlari uchun muhim bo‘lgan masala hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi iqtisodiy integratsiyalashuv qanday natijalarga olib kelishi milliy va chet ellik olimlarimiz tomonidan ko‘p va xo‘b tadqiq qilingan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach O‘zbekistonning o‘zini-o‘zi yakkalashtirish siyosati deyarli barham topdi va davlatimiz qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan konstruktiv diplomatiyani yuritmoqda. Bu yo‘ldagi eng birinchi va muhim qadam — O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy maslahatlashuv kengashi. Bundan tashqari, 2019 mart oyida ilk bor Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Forum maqsadi o‘zaro savdo va turizmni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Rasmiy Toshkent Markaziy Osiyo mintaqasida ham o‘ziga xos integratsiya jarayonini faol qo‘llab-quvvatlamoqda va bu tashabbus nafaqat mintaqa rahbarlari, balki Yevropa ittifoqi kabi uzoq, ammo muhim hamkorlar tomonidan ham ijobiy kutib olinmoqda. Faqat bunday integratsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshishi yo‘lida uch narsa talab etiladi: Rossiya manfaatlari bilan to‘qnashuvdan qochish, umumiy energetika hamkorligi yo‘lida o‘z bozorini ochish, fidokorlik ruhidagi diplomatiya. Buning uchun esa O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlangan yangi loyihalar — 2019 yilda ikkinchi bor o‘tkazilishi lozim bo‘lgan, ammo noma'lum sabablarga ko‘ra kechga surilayotgan Markaziy Osiyo rahbarlarining norasmiy maslahatlashuv kengashi yig‘ilishini o‘tkazish, bu tadbirning jiddiy tadbir ekanligini mintaqa davlatlariga ko‘rsatishi kerak. Bunga 2019 yil ilk bor Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy forumi ham kiradi. Bunda davomiylik muhim.

VI. Oldin YeOIImi yoki JST?

O‘zbekiston YeOIIga qachon va qay tarzda kirish lozim — Jahon savdo tashkilotidan oldinmi yoki keyin? JSTga a'zolikka erishish yo‘lida, masalan, Qozog‘iston istisno tariqasidagi choralarni uzoq muddat davom ettirish uchun ruxsat olishga (phasing out) muvaffaq bo‘lgan. Natijada, bu mamlakat 2025 yilgacha JSTga va'da bergan tariflar bo‘yicha ish yuritish huquqiga ega bo‘lib, 2025 yildan keyingina o‘zining tashqi bojlarini YeOII bilan tenglashtirishi (ko‘tarishi) mumkin bo‘ldi. Shunday ekan, O‘zbekiston ham avvalambor JSTga to‘laqonli a'zo bo‘lish jarayonlarini tugatganidan keyingina YeOIIga a'zolik masalalarini ko‘rib chiqishi lozim, deb o‘ylayman. Bu O‘zbekistonning JSTga a'zo uchinchi mamlakatlardan yana ham arzonroq mahsulot, ayniqsa YeOII davlatlari ishlab chiqaradigan texnologiyaga raqobatbardosh mollarni JST davlatlaridan ma'lum muddat arzon narxga olib kirish imkonini beradi. Shuning uchun ham YeOII muzokaralari JSTga a'zoligimiz masalasi hal etilmasdan turib boshlanmasligi tarafdoriman.

JSTga oid YeOII davlatlarining qisqa muddatlik tarifdan ozod etilishi holati

Xulosa o‘rnida

Avvalo, O‘zbekiston Yevropa ittifoqi va JST bilan muzokaralarni jadallashtirishi lozim. JSTga a'zolikning bozorimiz va sanoatimizga qanday ta'sir qilishini tadqiq qilish, keyin, lozim bo‘lsa, YeOIIga a'zolik masalasini ko‘tarish kerak deb o‘ylayman.

Ba'zi iqtisodchilarning fikricha, O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lganidan keyin YeOIIga kirishiga hojat qolmaydi. Zero, JSTga kirish uchun pasaytiriladigan tariflar Rossiya tariflarini o‘lchov qilib olgan YeOII tariflaridan albatta past bo‘ladi. JSTdan keyin YeOIIga kirish esa yana tariflar oshirilishini bildiradi. Shu sabab YeOII mamlakatlari, ayniqsa tashqi savdo aloqalarimizda muhim rol o‘ynovchi Rossiya va Qozog‘iston kabi shimoliy qo‘shnilar bilan ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirish yurtimiz uchun eng optimal variant bo‘lib ko‘rinyapti.

Modomiki O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, tashqi savdo siyosatimizda katta o‘zgarish yuz berishini, ham ichki, ham tashqi ishlab chiqaruvchilarga ta'sir etishini hisobga olib, Tashqi savdo va investitsiya vazirligi tadbirkorlarga va umuman, aholiga YeOIIga kirishning ijobiy va salbiy tomonlari haqida yetarlicha ma'lumot berishi, mavzu soha mutaxassislari o‘rtasida bahs etilishini ta'minlashi zarur bo‘ladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tashqi savdo aloqalari qaysi trayektoriya bo‘yicha rivojlanadi, degan savolga imkon qadar tezroq aniq javob berish kerak bo‘ladi. Shubha yo‘qki, hukumatimizdan bunday aniq signalni ishlab chiqaruvchilar va investorlar kutmoqda.

Alisher UMIRDINOV,
Nagoya (Yaponiya) iqtisodiyot universiteti, biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top