15:40 / 31.07.2019
30095

O‘zbekistonda qurol qonuniylashtirildimi?

Foto: RIA Novosti/Vitaliy Ankov

Javobni 29.07.2019 yildagi «Qurol to‘g‘risida»gi O‘RQ-550-son Qonundan topishga urinib ko‘ramiz, deb yozadi Oleg Zamanov Norma nashrida.

Hujjat endigina qabul qilinib, yarim yildan keyin kuchga kirishiga qaramay, yetarlicha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bahs-munozaralar qonun loyihasi jamoat muhokamasida bo‘lgan paytdayoq boshlangan edi, hujjat Senatda ma'qullanganligi ma'lum bo‘lgach munozaralar yana qizg‘in tus oldi. Ayrim nashrlarda bu yangilik, aynan «O‘zbekistonda qurol qonuniylashtiriladi» deb tushuniladi. Aslida qanday? Hujjat yakuniy shaklga va mazmunga yetganligi bois bu masalani oydinlashtirishga harakat qilamiz.

Avvalo, Qonunda keltirilgan qurol va uning tasnifi tushunchalariga to‘xtalamiz. Qurol – tuzilishiga ko‘ra jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish, signallar berish uchun mo‘ljallangan qurilmalar va ashyolar. Tuzilishi jihatidan qurolga o‘xshash bo‘lgan xo‘jalik-maishiy va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlar sifatida sertifikatlangan buyumlar, shuningdek sport aslahalari qurol jumlasiga kirmaydi. 

Qurol tasnifi

Fuqaroviy

Ov quroli

soyli stvolli o‘qotar qurol

silliq stvolli o‘qotar qurol, shu jumladan soyli qismining uzunligi 140 mm dan oshmaydi

kombinatsiyalangan (soyli stvolli va silliq stvolli) o‘qotar qurol, shu jumladan almashtiriladigan va joylashtiriladigan soyli stvolli o‘qotar qurol

og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 mm dan ortiq bo‘lgan pnevmatik qurol

tig‘li sovuq qurol: ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar

signal beruvchi qurol

Sport quroli

soyli stvolli o‘qotar qurol

silliq stvolli o‘qotar qurol

tig‘li sovuq qurol (papiralar, shpagalar va qilichlar)

uloqtirish quroli (kamonlar, arbaletlar va nayzalar)

og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori bo‘lgan pnevmatik qurol

signal beruvchi qurol

O‘zini o‘zi himoya qilish quroli

gazli qurol – ko‘zdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalar bilan to‘ldirilgan gazli ballonchalar, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalar va boshqa qurilmalar

elektroshok qurilmalari, uchqun chiqargichlar va shikast yetkazuvchi ta'siri elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan boshqa qurilmalar

Xizmat

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, tabiatni va tabiiy resurslarni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan, shuningdek davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta'minlash maqsadida foydalanish uchun mo‘ljallangan

Jangovar

Mudofaa vazirligi, IIV, DXX, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, DBQ, FVV, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining harbiy tuzilmalari qurollantirilgan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan

Maxsus xizmat vazifalariga ega cheklangan doiradagi muassasalar va davlat organlari mansabdor shaxslari xizmat qurolini saqlash, olib yurish, undan foydalanish huquqiga ega. Ularning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan keyinroq tasdiqlanadi. Jangovar qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalasi tartibi Prezident tomonidan belgilanadi. Ya'ni «oddiy odamlar» qonunan xizmat yoki jangovar qurollarga ega bo‘la olmaydi. Shu sababli fuqarolik quroli mavzusiga o‘tamiz. Bizni o‘zini o‘zi himoya qilish quroli qiziqtirishi tabiiy. 

Qabul qilingan qaror normalarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilikning fuqarolar ommaviy qurollanishi va bunga bog‘liq jinoyatlarning ko‘payib ketishi xavotirlarga asos yo‘q. Avvalo, hujjatda taqiqlovchi va majburiyat yuklovchi normalar ko‘pligi shundan dalolat beradi. Bu bir qator jihatlarda ifodalanadi.

Birinchidan, o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida foydalaniladigan qurollar ro‘yxati qat'iy cheklangan. Yuqorida keltirilgan jadvalga e'tibor qiling: shikast yetkazuvchi, sovuq yoki ayniqsa o‘qotar qurollar «qonuniylashtirilishi» haqida biror so‘z deyilmagan. Faqat gazli (aerozolli, kalta stvolli bo‘lmagan) va elektr shikastlovchi qurilmalar keltirilgan. Aslida, bular oddiy tasavvurdagi qurollar emas, balki maxsus qurilmalardir. Darvoqe, aynan shunday atama «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasida ham keltirilgan. Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolardan foydalanish singari o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida ov qilish yoki sport qurollarini qo‘llash taqiqlanadi.

Buning ustiga cheklovlar o‘zini o‘zi himoya qilish qurolining ruxsat etilgan turlari uchungina emas, balki uning texnik tavsiflariga ham taalluqlidir. Hukumat tomonidan elektroshok qurilmalari va uchqun chiqargichlar uchun normalar hisoblanadigan chiqish parametrlari, shuningdek gazli qurol sifatida qo‘llanilishi taqiqlangan asabni falajlaydigan, zaharli va boshqa kuchli ta'sir ko‘rsatuvchi moddalar bilan to‘ldirilgan qurilmalar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Ikkinchidan, yuqorida keltirilgan o‘zini o‘zi himoya qilish qurilmalarini qurol jumlasiga kiritish ularni muomalasi cheklangan obektlar jumlasiga kiritadi. Bunda ularni sotib olish, saqlash, olib yurish, foydalanish, sotish, qayta sotish va meros qilib qoldirishning alohida tartibini nazarda tutadi. Xususan:

• 18 yoshga to‘lgan fuqarolar o‘zini o‘zi himoya qilish quroliga ega bo‘lishi mumkin. Bu huquqdan mahrum etilgan shaxslar doirasi keng – voyaga yetmaganlardan tashqari muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, alohida huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilganlar yoki jinoiy ish qo‘zg‘atilgan shaxslar, jinoiy jazoni o‘tayotganlar, sudlanganlik holati tugallanmaganlar yoki sudlanganligi olib tashlanmaganlar va boshqalar;

• o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini sotib olishga ruxsatnoma olish uchun Milliy gvardiya organiga hujjatlar to‘plamini taqdim etish lozim, ular orasida qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa bo‘lishi shart. Ruxsatnoma 3 oylik muddatga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqish natijalariga qarab beriladi. Biroq u qurolni olib yurish va foydalanish huquqini bermaydi – buning uchun alohida ruxsatnoma bo‘lishi kerak. Uni Milliy gvardiya sotib olingan qurol ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin beradi. Ushbu hujjatning amal qilish muddati – 3 yil, u o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini olib o‘tish huquqini ham beradi;

• o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini faqat ixtisoslashtirilgan do‘konlardan (tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslardan) sotib olish mumkin, unga Qonunda qator talablar qo‘yiladi. Uni fuqarolar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim tuzish yo‘li bilan qayta sotish mumkin emas, faqat litsenziyalangan do‘konlar orqali va Milliy gvardiyaning sotishga ruxsatnomasi bilan qayta sotish mumkin. Sotishga ruxsatnomasi bo‘lgan shaxslargina qurolni meros yoki hadya bo‘yicha olishi mumkin;

• o‘zini o‘zi himoya qilish quroli doimiy yashash joyida, ularning but saqlanishini, saqlash xavfsizligini ta'minlaydigan va ularga begona shaxslar kirishini istisno etadigan shartlarga rioya etgan holda, qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda saqlanishi kerak;

• ommaviy tadbirlar o‘tkazilganda, ko‘ngilochar va hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan, alkogolli mahsulotlar realizatsiya qilinadigan joylarda, ta'lim, tibbiyot muassasalarida bo‘lgan vaqtda, shuningdek mast holda (alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda) o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini olib yurish taqiqlanadi;

• o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini qo‘llash tartibi va holatlar aniq-ravshan bayon etilgan. Zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish uchun qurolni qo‘llash mumkin (JKning 37, 38-moddalari, OS Plenumining 20.12.1996 yildagi 39-son qarori). Qurolni qo‘llashdan avval aniq ifodalangan tarzda ogohlantirish kerak (bundan shunday ogohlantirish imkoni bo‘lmagan yoxud qo‘llashni kechiktirish xavf tug‘diradigan hollar mustasno), bunda uchinchi shaxslarga zarar yetkazmaslik kerak. Qurol egasi qurol qo‘llanilgani haqida ichki ishlar organiga darhol xabar qilishi va jarohatlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi shart. Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma'lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida qurolni qo‘llash taqiqlanadi (bundan fuqarolarning yoxud qurolni qo‘llayotgan shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib hujum qilganlik hollari mustasno, tahr).

Uchinchidan, Qonunda nafaqat qat'iy ko‘rsatmalar berilgan, balki ularga rioya qilmaslik oqibatlari ham nazarda tutilgan. Ruxsatnoma egasi tomonidan ruxsat berishga doir talablar va shartlar buzilganda ruxsatnomaning (sotib olish yoki saqlash yoxud olib yurish, tahr.) amal qilishi to‘xtatilishi mumkin. Qonunbuzarlik bir yil davomida muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda, mazkur qoidabuzarliklar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, ruxsatnomaning amal qilishi tugatiladi.

Nihoyat, ilgarigidek zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirganlik yoki qasddan badanga og‘ir shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik amal qiladi (JKning 100, 107-moddalari). Aynan shu sababli qurol ishlatilganligi oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan har bir holat to‘g‘risida darhol prokurorga xabar qilish shart.

Shu tariqa, Qonun mohiyati qurol muomalasi va undan foydalanishga nisbatan huquqiy cheklovlar, ya'ni anchayin qat'iy qoida va talablar belgilashdan iborat. Hujjat yarim yildan keyin amal qilishni boshlaydi – bu muddat ichida Hukumat, vazirlik va idoralar zarur qonunosti hujjatlarini ishlab chiqishi va tasdiqlatishi, jamoatchilik esa uning mazmuni bilan yaxshilab tanishib chiqishi uchun imkoniyat bo‘ladi.

Hujjat 30.01.2020 yildan kuchga kiradi.

Top