16:25 / 02.08.2019
4128

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rsatish taklif etildi

Foto: pravda.ru

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish haqida petitsiya e'lon qilindi

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi belgilab qo‘yilgan. Hozirgi kunda davlat organlari faoliyatini takomillashtirish, jumladan, xalq manfaatlarini inobatga olgan holda qarorlar qabul qilish va davlat hokimiyati organlarida shaffoflikni ta'minlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. 

“Shu nuqtai nazardan, davlat hokimiyati organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida viloyat va tuman xalq deputatlari kengashlari majlislarini televideniye va internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni taklif qilaman”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, bu orqali jamoatchilik viloyat va tuman xalq deputatlari kengashlari majlislarida qanday masalalar ko‘rilayotganligi va bu bo‘yicha kengash tomonidan qanday qarorlar qabul qilinganligi bo‘yicha bevosita xabardor bo‘ladi.

“Afsuski, hozirgi kunda viloyat va tuman xalq deputatlari kengashlarida qanday masalalar ko‘rilayotgani yoki qanday qarorlar qabul qilinayotganligi haqida yetarlicha ma'lumot berilmaydi, bundan jamoatchilikning xabari yo‘q. Aslida esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislari o‘sha hududda istiqomat qilayotgan aholining iqtisodiy va ijtimoiy farovonligini ta'minlashga aloqador masalalarni ko‘rib chiqishi va bu bo‘yicha qarorlar qabul qilishi kerak”, - deyiladi petitsiyada. 

Ularning majlislarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi kengash faoliyatida samaradorlikni oshirishi va deputatlarni faollikka undashi aytiladi. Bu taklif mahalliy kengashlar faoliyatini baholashga va mavjud kamchiliklarni aniqlashga xizmat qiladi.

“Shu sababli, xalq deputatlari mahalliy kengashlari majlislarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni taklif qilamiz”, - deya yakunlangan murojaat.

Top