17:16 / 04.08.2019
4422

YuNeSKO O‘zbekistonning o‘z hududida birinchi geopark yaratishga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

3 avgust kuni Shahrisabzda I Xalqaro geoturistik forum o‘z ishini yakunladi. Forum yakuniga ko‘ra, YuNeSKO O‘zbekistonning mamlakat hududida birinchi geopark yaratishga oid tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi va kelgusi yili shu mavzuda hamkorlikda konferensiya o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

YuNeSKOning Markaziy Osiyo tabiiy fanlar bo‘limi boshlig‘i Kristina Tovmasyan hududida zamonaviy geopark faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hamda mustaqillik yillaridan buyon birinchi marta sayyohlar uchun ochilishi rejalashtirilayotgan Kitob geologik qo‘riqxonasiga bag‘ishlangan brifingda shunday bayonot berdi.

“Shuni ta'kidlab o‘tishni istardimki, mazkur forum geoturizmni rivojlantirish hamda shu mavzudagi muhokamalarni davom ettirishga turtki beradi. Bu yerda geoparkni rivojlantirishga bo‘lgan katta qiziqishni ko‘ryapman. Tadbir yakunida YuNeSKO O‘zbekistonning geopark yaratishga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”- dedi Kristina Tovmasyan.

 “Uch kun davomida forum ishtirokchilari tomonidan geoparklar va geoturizm haqida ko‘p gapirildi, lekin bu yerda juda ko‘p savollar yuzaga kelmoqda va ularning ba'zilariga biz javob olganimizcha yo‘q. Tabiiyki, MDH mamlakatlari hududida YuNeSKO global geoparklar tarmog‘i, shuningdek bu tarmoqni rivojlantirishga oid tajriba yo‘q. Shu bois biz kelgusi yili O‘zbekiston bilan hamkorlikda geoparklar bo‘yicha konferensiya o‘tkazishni taklif qilamiz”, - deya qo‘shimcha qildi YuNeSKO vakili.

I Xalqaro geoturistik forum yakunida forum ishtirokchilari tomonidan ekologik va geologik turizmni rivojlantirishda o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, tajriba almashish, yangi turistik mahsulot yaratish va mavjud dasturlarni boyitishga doir protokol imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda Kitob geologik qo‘riqxonasidagi noyob tabiat yodgorligi – Zinzilbog‘ kesmasini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Top