10:40 / 06.08.2019
9493

DSENM mutaxassisi: «Shifoxonalarda yuqumli kasalliklar bilan ishlashda kamchiliklar mavjud»

Joylardagi shifoxonalarda yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar bilan ishlash, bu xastaliklarning tarqalishini profilaktika qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar talabga javob bermaydi. Bu xususida Toshkent shahrida yuqumli kasalliklar bo‘yicha olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini baholash mavzusidagi brifingda so‘z bordi.

Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi immunoprofilaktika bo‘limi vrachi La'li Saidg‘aniyevaning bayon qilishicha, respublikadagi shifoxonalarda yuqumli kasallik bilan og‘riganlikda gumonlangan bemorlarni qabul qilish va ularni palatalarda saqlash tartibida bir qator jiddiy kamchiliklar mavjud.

«Qabulxonalarda yuqumli kasallik bilan xastalanishda gumonlanayotgan bemorlar qayerdan o‘tishi kerakli aniq belgilanmagan. Qabulxonada yosh onalar ham, bolalar ham, chaqaloqlar ham bo‘lishi mumkin. Bemor bu yerdan o‘tgunicha o‘zidagi infeksiyani yuqtirib qo‘yishi ehtimoli yo‘q emas. Yuqumli kasalliklar qabul qilinuvchi joyga bemor umumiy kirish joyidan qatnashiga to‘g‘ri kelyapti. Bemorlarning qayerga murojaat qilishini ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlari ham yetarli darajada emas», deydi u.

Brifing davomida qayd etilishicha, yuqumli kasallik belgilari mavjud bo‘lgan shaxslardan o‘sha yerning o‘zida qon tahlili olinmagan holda, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yo‘naltirilmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra esa bemor birinchi murojaat qilgan joyda qon tahlili o‘tkazilishi lozim.

Shuningdek, yuqumli kasalliklar holati qayd etilganda DSENMga shoshilinch xabarnoma yuborish tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada bemorni nazorat qilishning imkoni mavjud emas. 

«Bemorlarning epidemiologik kartalarini to‘ldirishda, kasallik simptomlarini aniq ko‘rsatishda kamchiliklar mavjud. Epidemiologik kartalar DSENMga o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani bois respublikada yuqumli kasalliklar bo‘yicha umumiy holatni tahlil etish, emlash kampaniyasini nazorat qilish jarayoni sust kechmoqda», deydi mutaxassis.

Top