«Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Patris Evra «Soccer AM» dasturi mehmoni bo‘lib, «Old Trafford»da uch yil birga o‘ynagan do‘sti Krishtianu Ronaldu haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
«Uning uyiga boshqa hech qachon bormayman. U «aqldan ozgan». Men Krishtianuni yaxshi ko‘raman, lekin esimda bor, mashg‘ulotdan keyin u meni tushlikka taklif qilgandi.
Bordik - katta stol ustida faqat suv, katta idishda salat, quruq tovuq go‘shtining o‘zi... Ovqatlana boshladik. Krishtianu, hech qanday sous yo‘qmi, desam yo‘q deydi. Hatto ovqatlanib bo‘lmasimizdan u: “Ketdik, bog‘da to‘p tepamiz” deb qoldi.
Biz «two-touch» (sherigidan qabul qilib olgan to‘pni ikkita teginishda o‘ziga qaytib uzatish) o‘ynay boshladik. Bundan keyin esa: «Ketdik basseynga»... Basseynda suzdik. So‘ng saunaga bordik.
Men undan: «Sen meni tushlikka taklif qildingmi yo navbatdagi mashg‘ulotga?» deb so‘radim. Keyingi safar takliflaringga yo‘q deyman.
Uni yaxshi ko‘raman, lekin boshqa hech qachon unikiga bormayman», – dedi Evra.
U 7-raqam egasini nega jahonning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblashini ham aytib o‘tdi.
«Krishtianu – jahonning eng zo‘r futbolchisi. Shunday desam u mening do‘stim bo‘lgani uchun shunday hisoblashimni aytishadi. Lekin Krishtianu shunchalik qattiq mehnat qiladiki, u hech qachon shikoyat qilmaydi. Mashg‘ulot masalan soat 10da boshlansa, u soat 8dayoq borib olardi. Trenajyerda ishlardi.
Rio Ferdinand bilan stol tennisi o‘ynab yutqazganida, uyiga borib tennis stoli sotib olgan va ikki hafta shug‘ullangach, Rioni mag‘lub etgandi. U hech qachon taslim bo‘lmaydi. U hamma narsada eng yaxshi bo‘lishni istaydi, mag‘lub bo‘lishni yoqtirmaydi. Shuning uchun ham uni qattiq hurmat qilaman, men uchun u – jahonning eng yaxshi sportchisi», – deydi Patris.
Eslatib o‘tamiz, Evra o‘tgan hafta professional faoliyatiga nuqta qo‘yganini e'lon qilgan edi.