12:42 / 06.08.2019
11081

YTH sodir etib, voqea joyidan qochib ketgan haydovchi qidirilmoqda

2019 yil 4 avgust kuni soat 00:20larda Navoiy viloyatining Navbahor tumani “M.Ulug‘bek” MFYda yashagan 38 yoshli Q.R. Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi “Navbahor-Nurota” yo‘lining chetidan tan jarohatlari bilan topilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, u tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shu kuni vafot etgan. Aniqlanishicha, Q.R. yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohat olgan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasini sodir etgan noma'lum shaxsni aniqlash va ushlash choralari ko‘rilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

“Hurmatli fuqarolar, ushbu yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi va uning boshqaruvidagi avtomashina haqida biron-bir ma'lumotga ega bo‘lsangiz, ichki ishlar organlarining hududiy bo‘limlariga yoki “102” telefon raqamiga xabar berishingizni so‘raymiz”, - deyiladi IIV xabarida.

Mavzuga oid
Top