17:35 / 07.08.2019
30317

Ayollar nega jinoyatga qo‘l uryapti?

Foto: Global Look Press

So‘nggi paytlarda qizlar va ayollar o‘rtasida sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni ortib bormoqda. Hafta davomida tarqalgan yangiliklar ichida birortasi albatta shu haqida bo‘ladi. Bolasini sotgan, tashlab ketgan qizlar, turmush o‘rtog‘ini, oila a'zolarini o‘ldirishga jazm qilgan ayollarning soni kamayish o‘rniga ortib bormoqda. Balki avvallari ham bunday mudhish voqealar ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq, bugun axborot tarqatish rivojlangani uchun ham suv tubiga cho‘kib yotgan ba'zi og‘riqli nuqtalar endi ko‘rinish beryapti.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Huquqbuzarliklar profilaktikasi xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish sohalarida hamkorlik qilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Kazakbayev:

Xotin-qizlar qo‘mitasi har bir qizning ortidan kuzatolmaydi...

“Bizning zamonda unaqa edi, bunaqa edi”, deb ko‘p taqqoslashga chevar kattalarning gapi barchamizga, ayniqsa, bugungi kun yoshlariga biroz g‘alati, shu bilan birga, quloqqa yoqmaydigandek seziladi. Chunki, yoshlar o‘sha zamonni bilmaydi-da. Bilishimizcha, avval ayol jigarbandini urish tugul, qattiq baqirmagan ham, bolasini birovga sotish xayoliga ham kelmagan. Bozor iqtisodiyotini noto‘g‘ri tushunayotgan ayrim xotin-qizlar bugun chaqaloq sotmoqda. Yaqinda surxondaryolik qiz qizini hech kimga aytmay tug‘ib, hojatxonaga tashlab ketibdi. Hali turmushga chiqmagan qizning bu ishi oldin qilgan xatosini yashirish edi. OAVda e'lon qilinayotgan bunday mavzularni bugungi o‘quvchi oddiy xabardek qabul qilyapti. Dastlab bet chizib, “voy, o‘lay”, degan munosabatlardan allaqachon uzoqlashdik. Chunki o‘quvchi bu kabi voqealarni ko‘p o‘qib, o‘rganib ham qoldi. Shunga o‘xshash holatlarni butunlay bartaraf qilish faqat Xotin-qizlar qo‘mitasining o‘ziga og‘irlik qiladi. Negaki, jamiyat katta, xotin-qizlar ko‘p. Shu bois barcha aybni qo‘mitaga ham to‘nkash adolatdan emas. 

“O‘sha zamon” deya ta'kidlanadigan tarixda ham tarbiyani bolaga oila, ota-ona, so‘ng jamiyat bergan. Birovning qizi turmushdan qaytsa, butun mahalla, qo‘ni-qo‘shni gap qilib, qizni turmushiga qaytargan, qaytish uyat, sharmanda hisoblangan. Ularning nazarida, qiz bola egilib tushgan joyning issig‘iga ham, sovug‘iga ham chidashi kerak bo‘lgan, shuncha qiyinchilik ko‘rsa ham ayollarimiz chidagan va baxtli bo‘lgan. Bu bilan ayollar ma'nan ezilib, xo‘rlansin, demaymiz, bunga qarshimiz ham. Shunchaki, oilada kelinni qul ko‘rmay, tarbiyani yaxshi qilish kerak, demoqchimiz. Afsuski, hech kim hech kimning nozi-yu karashmasi, erkaligini ko‘tarolmaydigan zamonga moslashish ham kerak.

Ayrim ayollar diniy va insoniy axloq qoidalarini anglab yetmagani bois, (masalan, nikohsiz farzand ko‘rish va boshqa) o‘z xatolarini yashirish maqsadida (yoki el-yurt oldida qanday bosh ko‘tarib yuraman degan o‘y-fikrlar) bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Ba'zi hollarda bunday holatlarga erkaklar ham sababchi bo‘lib, ayollarimiz zo‘ravonlik qurboniga aylanib, stress holatida xatoga yo‘l qo‘ymoqdalar. Bunda jamoat vakillarining vaqtida muammodan xabar topmay ularga tegishli yordamni vaqtida ko‘rsatmagani, ya'ni bee'tiborligi sababli bunday jinoyatlar sodir bo‘lmoqda.

Ayol bolasini nega o‘ldiradi?

Hozirgi kunda dunyoda odam savdosi, ayniqsa, bolalar savdosining keng tarqalayotgani eng global muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu muammo rivojlanishining asosiy omillari rivojlanish darajasining pastligi, qashshoqlik, iqtisodiy tengsizlik, kam ta'minlanganlik, bilim darajasining pastligi hisoblanadi.

Bu kabi voqea-hodisalarning hayotimizda tobora ko‘payib borayotganining asl sababini qidiradigan bo‘lsak, yana gap o‘sha tarbiyaga borib taqalaveradi. Ayrim oilalarda tarbiyadagi sustlashuv, g‘arbdan kirib kelgan notanish g‘oyalarni sezmaslik, farzandida tug‘ilgan yangicha fikrlash dunyosini to‘g‘ri yo‘naltira olmaslik ham kelajakdagi katta muammolarga zamin yaratyapti. Ba'zi onalarimiz qizlariga farzand ko‘rish hissi eng oliy baxt ekanini anglatmayapti.

O‘z chaqalog‘ini o‘ldirish nafaqat turli tarixiy davrlarda, balki bir davrning o‘zida har xil baholangan jinoyatlardan biridir. Bunda ayolning biologik, psixologik xususiyatlari, xulq-atvorini hisobga olsak, odatda, ayollar o‘ta ta'sirchan, his-tuyg‘ularga boy bo‘ladi. Bu beqaror ruhiy jarayonlar tug‘ruq jarayonida sezilarli darajada kuchayadi. Bundan tashqari, ayollarda nevrozlar va psixopatiyalar darajasi ham ancha yuqori bo‘ladi. Bularning barchasi birgalikda onaning o‘z chaqalog‘ini o‘ldirishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayolning boladan qutulish niyati uni qasddan o‘ldirish jinoyatiga aylanishiga imkoniyat yaratuvchi bir qancha sub'yektiv va obektiv omillar mavjud. Bular:

• nikohsiz bola tuqqani uchun atrofdagilarning qoralashidan qo‘rqish hamda uyalish;

• bolaning otasi, o‘z qarindoshlari yoki boshqa shaxslar onani o‘z chaqalog‘ini o‘ldirishga og‘dirishi;

• ota-onasining salbiy munosabatidan qo‘rqish;

• jinoiy homila tushirish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning og‘dirishi;

• homiladorlikning oldini olish, homilani davolash muassasalarida tushirish imkoniyatiga doir maxsus tibbiy bilimlarning yo‘qligi;

• so‘qqabosh ona bolani tarbiyalashda moddiy va ma'naviy qiyinchiliklarga duch kelishini tushunish, homilador ayollar va so‘qqabosh onalarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishi haqida zarur huquqiy bilimlarning yo‘qligi.

Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa chaqaloq savdosining oldini olish yuzasidan ovul va mahallalarda muntazam ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar aniqlanib, ularga tegishli ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, har tumanda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, bu yerga kelgan ayollarga birinchi navbatda psixologik, tibbiy, huquqiy yordamlar berilib, ularni ruhiy tushkunlikdan chiqarishga ko‘mak berilmoqda.

Psixologlar bunga qanday izoh beradi?

Baxtiniso Azimbayeva, psixolog:

Bugungi kunda ayollar o‘rtasidagi mudhish voqealarning ko‘payishiga asosiy sabab oila, ta'lim beruvchi maskanlarda jismoniy va ruhiy tarbiya sustligidadir. Masalan, musiqa insonning tinglash qobiliyatini oshiradi, his qilish, ijodiy barkamollikni rivojlantiradi, insonda ichki uyg‘unlik uyg‘otadi. Rasm chizish ruhiy xotirjamlik hissini berish bilan birga, sezgi a'zolarini faol harakatlantirishga yordam beradi. Raqslar tanani egiluvchanligini oshirib, borliqdagi hodisalarni boricha qabul qilish, qiyin vaziyatlardan oson chiqib ketishda yordam beradi.

Nega ayrim ayollar bolasidan qutulishni istayapti?

Qiz bola uchun yonida mard, o‘ziga ishongan, dadil qadam bosa oladigan ota, aka va turmush o‘rtoq bo‘lishi kerak. Ayolga qarshi jins vakillarining g‘amxo‘rlik qilishi uni yanada ayollik obrazini kuchaytiradi va o‘zini latofatli, go‘zal va kimgadir kerakligini his ettiradi. Mana shu his uni kelajakda yaxshi farzand, vafodor yor, sodiq uy bekasi bo‘lishini ta'minlab beradi. Biroq, agar u g‘amxo‘rlik, keraklilik hislarini tuymasa, ayollik obrazini yo‘qotadi. Endi u o‘zi uchun o‘zi erkaklik rolini o‘ynay boshlaydi va bu unga xush kelmaydi. Qahr, alam, nafrat, tuyg‘ulari uyg‘ona boshlaydi. “Men bu dunyoga boshqa vazifa uchun kelgandim ku” , degan savol uyg‘onadi. Botiniy ongga singan bu nafratni boshqarib bo‘lmay qoladi va turli nomaqbul ishlar qilishga majbur bo‘ladi.

Bunday ko‘ngilsizliklarni oldini olish uchun har bir ota-ona o‘z farzandlarining javobgarligini bo‘yniga olib, yoshligidan bola tarbiyasida o‘zlari namuna bo‘la olishi kerak. Ayol hamisha muhabbatni his qilishi lozim.

Azaldan jamiyat nikohsiz tug‘ilgan bolani qabul qilishni xohlamaydi. Dinimizda ham bu holat qoralangan. Yosh, aqli ko‘p narsaga yetmagan qizlar qilgan gunohini yuvaman deb, tirik jonni nobud qilishga urinyapti. Aslida esa, bu gunohning yuvilishi uchun emas, yanada kattalashishi uchun xizmat qiladi. Buni onalar farzandlariga uqtirishi, farzand Allohning buyuk ne'mati ekanini qalbiga singdirishi kerak.

Ozoda VALIYeVA

Top