12:24 / 08.08.2019
32284

Humo to‘lov tizimi nega tashkil etildi? Rahbar bilan katta intervyu

Milliy banklararo protsessing markazi rahbari Shuhrat Qurbonov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi tashkil etilgan Humo to‘lov tizimi haqida ma'lumot berib, ayrim savollarga javob berdi.

Humo nega tashkil etilgan?

Humo tizimidan barcha banklar bir xil foydalana olishi kerak. Shuning uchun Milliy banklararo protsessing markaz Respublika Markaziy banki huzurida tashkil etildi. To‘lov tizimini tashkil etishdan maqsad, bozorda mavjud va faoliyat yuritib kelgan tizimga o‘xshash yana bitta xizmatni ishga tushirish emas. Aslida, tizim banklar uchun yaratildi. Davlat rahbari imzolagan qarorga muvofiq, Humo to‘lov tizimi ikki yil ichida to‘laqonli banklar ixtiyoriga o‘tkazilishi kerak.

Ko‘pchilik mahalliy banklarda o‘z protsessing markazi mavjud, faqat ular VISA va MasterCard tizimida emissiya qilingan kartalar uchun ishlaydi. Bizning oldimizda turgan vazifa – banklar o‘z protsessing markazlarida Humo’ni ham ishlatish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Sodda qilib aytganda, Humo markazlashgan to‘lov tizimi bo‘lmaydi. Ayni paytda markazda muammo bo‘lsa, barcha yerda muammo o‘z aksini ko‘rsatadi. Humo markazlashgan tizim bo‘lib, unda nimadir ishlamasa, hech kimda karta ishlamay qoladi. Bunday holatlarni ko‘rdik, shu tufayli markazlashgan tizimdan uzoqroq ketish kerak.

Har bitta bank o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, mahsulotini bozorga chiqarishi va mijozlar uchun kurashishi kerak. Shunda ichki raqobat kelib chiqadi. Biz mijozlar bilan ishlamaymiz, karta ko‘pligi yo kam ekanligi masala emas, balki banklar bu kartalar bilan ishlashni o‘rganishi kerak.

Humo qanday farqlanadi?

Kontaksiz to‘lovlar – NFC texnologiyasida ishlaydigan kartalar bizning tashrif qog‘ozimiz. Shu tufayli, mijozlarni ma'muriy yo‘llar bilan ko‘paytirish rejasi umuman yo‘q. Yangi texnologiya va qulayliklar yaratish bilan raqobat kuchayib boradi. Kartani majburlab tiqishtirish davri o‘tib ketdi, hozir hech kimni o‘zi istamagan ishga majburlab bo‘lmaydi. Kartani ham, iloji bo‘lsa, uyiga chiroyli konvertda eltib berish kerak.

Qisqa muddatda yarim million foydalanuvchi qanday paydo bo‘ldi?

Biz ishni karta qo‘yish emas, terminallarni ishga tayyorlash bilan boshladik. Ishni to‘laqonli boshlash uchun infratuzilmani hosil qildik. Aprel-may oylarida terminallar qo‘yildi, keyin kartalar mijozlarga taklif qilindi. Kontaksiz to‘lovni amalga oshirish ko‘pchilik uchun qiziq bo‘ldi. Bundan tashqari, Humo kartalarini emissiya qilinishi banklar uchun ancha iqtisodiy foyda keltirdi. Negaki, uning xarajatlari ancha past, yangi texnologiyalar bilan ishlaydi. Mijozning ism-familiyasi plastik kartada bo‘rtma harflar bilan yozilgan, biroz muddat foydalanilsa, yozuv o‘chib ketmaydi.

Tizimda qanday yangiliklar bo‘ladi?

Plastik kartalar bozorida oxirgi bir yilda undan avvalgi besh yilga qaraganda ko‘p o‘zgarish yuz berdi. Masalan, o‘rnatilgan 85 mingta terminallarda VISA kartani qabul qilib, to‘lovni amalga oshirish imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu masalada texnik ishlar yakunlangan, yuridik tomondan shartnomalar tuzilmoqda. Ma'lumotimga ko‘ra, xalqaro kartalarni qabul qiluvchi terminallar soni 4-5 mingtadan oshmagan. Xorijiy shaxs, tadbirkor yo investor qo‘lidagi karta qayerda ishlaydi, deb yurishi kerak emas. Bu masala endi bartaraf etiladi. MasterCard bilan katta shartnoma tuzish maqsadida muzokara olib boryapmiz. Buning yakunida, MasterCard qabul qilinadigan barcha terminallarda Humo kartasi ham ishlaydi. Yil yakuniga qadar, ushbu masalada ham ijobiy natijaga erishamiz, deb umid qilaman. Shundan keyin, chet elga chiqmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz alohida karta ochishiga ehtiyoj qolmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top