13:50 / 08.08.2019
22908

Misr loukosteri O‘zbekiston bozoriga kirishga erishdi

Foto: Aeronantes Spotters

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Misr aviakompaniyasi – “Nile air” loukosteri vakilini Sharm al-Shayx – Toshkent – Sharm al-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni bajarish uchun  zarur bo‘lgan slotni olishga  ko‘maklashish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqdi.

Slot – bu  ma'lum bir vaqt yoki sanada samolyotning uchib kelishi yoki uchib ketishi uchun aeroportda ajratiladigan vaqt.

Murojaatni o‘rganish mobaynida ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha  parvozlar bilan Misrning yagona aviakompaniyasi – “Al Masria” shug‘ullanishi ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, “Nile air” ham Misr tomonidan ushbu yo‘nalishdagi belgilangan aviatashuvchi bo‘lsa-da, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan uning Sharm al-Shayx – Toshkent – Sharm al-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha havoda qatnovlarni  amalga oshirish uchun erkin slotlarni berish to‘g‘risidagi murojaatlari ijobiy hal etilmagan.

Joriy yilning 30 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashabbusi bilan Transport vazirligida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda, havoda tashish xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni  yanada rivojlantirish maqsadida, Sharm al-Shayx – Toshkent – Sharm al-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha “Nile air” loukosteriga tegishli slotni ajratish to‘g‘risidagi masala muhokama qilingan.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK “Nile air” loukosteriga  havoda tashishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan slotlarni kelishib berdi va parvozlar joriy yilning 21 avgustidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirildi, deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid
Top