14:56 / 08.08.2019
5030

O‘zbekiston harbiy tibbiyotchilari xalqaro musobaqaning ikki tanlovi natijalari bo‘yicha birinchilikda ketmoqda

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Xandaqni bosib, labirintni oshib, qiya to‘sin qo‘yilgan panjaradan sakrab va zirhli texnika ostidan emaklab… V Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” ishtirokchilari 6—7 avgust kunlari tanlovning ikkinchi shartini — kichik va o‘rta tibbiyot personali hamda haydovchilar o‘rtasida “Individual mahorat” bosqichi doirasida to‘siqli yo‘lakdan o‘tish kompleks mashqlarini bajardi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, dala kiyimidagi erkak va ayollar “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining eng murakkab shartlaridan birida qurolsiz qatnashib, kuch, matonat va shijoatini namoyish etdi.

To‘siqli yo‘lakning uzunligi 400 metrga teng bo‘lib, BTR-80 ostidan emaklab o‘tish lozim bo‘lgan masofa 15—20 metrni tashkil etadi. Bundan tashqari ishtirokchilarni oldinda boshqa qiyinchiliklar ham kutib turdi, masalan: xandaq, labirint, qiya to‘sinli panjara, uchta egilgan joyi hamda vertikal zinapoyali buzilgan ko‘prik, og‘ma zinapoya, zovur va boshqa to‘siqlar.

Ishtirokchilar to‘siqlarni bosib o‘tish vaqtida Kalashnikov avtomatini yoyib-yig‘ishi hamda qurol-yarog‘ qutisini tashishi lozim edi (erkaklar uchun 20 kg, ayollarga esa — 10 kg).

Ta'kidlash kerakki, har bir ishtirokchiga to‘siqlarni bosib o‘tish uchun uzog‘i bilan uchta imkoniyat beriladi. 

Qoidalarga ko‘ra, tanlov ishtirokchisi qo‘lidan harbiy kiyim-boshga oid biror predmetni tushirib yuborsa ortga qaytishi va tushirib yuborilgan predmetni ko‘tarib, shundan so‘nggina harakatini davom ettirishi lozim.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi eng yaxshi natijalarning barchasi O‘zbekiston harbiylariga nasib etdi: Xokimbek Madaminjonov (317 ball), Shohrux Ibrohimov (310 ball) va Valijon Begaliyev (308 ball).

Ayollar o‘rtasida eng yaxshi natijani 281 ball to‘plagan O‘zbekiston jamoasi vakili Liliya Manasipova ko‘rsatdi. Ikkinchi pog‘onadan rossiyalik ishtirokchi Viktoriya Basarkina (271 ball) joy oldi. Kuchli uchlikka ham Rossiya vakili — Mariya Nechiporenko (270 ball) yakun yasadi.

Mazkur bellashuvning haydovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan alohida nominatsiyada birinchilik O‘zbekiston vakili — Xayrullo Olimovga (321 ball) nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni qozog‘istonlik Nurjan Sagindikov (285 ball) egallagan bo‘lsa, uchinchi pog‘onadan yana o‘zbekistonlik harbiy xizmatchi Bahodir Otaxonov (281 ball) o‘rin oldi.

Bugun, 8 avgust kuni tanlovning yanada murakkab bosqichi o‘tkaziladi, unda shifokorlar tarkibi to‘siqlar yo‘lagini bosib o‘tishi kerak.

Top