09:45 / 08.08.2019
3650

O‘zbekiston Singapur mediatsiya konvensiyasiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Singapur mediatsiya konvensiyasini imzolash maqsadida 2019 yil 7 avgust kuni Singapurda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda 80 ta davlatning 1 500 dan ortiq mazkur sohadagi vakolatli davlat organlari, amaliyotchilar, olimlar va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari ishtirok etmoqda.

Konferensiya ishida adliya vaziri o‘rinbosari A.Toshqulov rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Unda Singapur mediatsiya konvensiyasini 46 ta davlatlar imzolashi kutilmoqda, deya xabar beradi vazirlik.

Xalqaro miqyosda nizolarni o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilish mexanizmini joriy etish va mediatsiya natijasida erishilgan kelishuv bitimini ijro etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Birlashgan millatlar tashkilotining Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha Komissiyasi (YuNSITRAL) tomonidan Mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiya – Singapur mediatsiya konvensiyasi loyihasi ishlab chiqilib, BMTning 51-sessiyasida taqdim etilgan.

Bugungi kunda xalqaro tijorat munosabatlarida yuzaga kelayotgan nizolarni hal qilishda mediatsiya institutidan foydalanish kengayib bormoqda. Mediatsiyaning ustunligi nizolar tomonlarning o‘zaro ishonch va hamkorligini saqlab qolgan holda suddan tashqari mediator (vositachi-vakil) yordamida o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinadi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur mediatsiya konvensiyasiga qo‘shilish masalasini muhokama qilish va tegishli xulosaga kelish maqsadida o‘rganish olib bormoqda, deyiladi xabarda.

Top