20:01 / 13.08.2019
6253

Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Tszin Litsyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va OIIB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ijobiy sur'at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda yangi dasturlarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan bugungi davra suhbati muvaffaqiyatli bo‘lgani alohida qayd etildi.  

Samarali hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, sheriklik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

OIIB prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatimizda ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yo‘lida aniq choralar ko‘rish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Tszin Litsyun mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyotini ta'minlash maqsadida bank O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga qat'iy intilishini ta'kidladi.

Bank mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida suv ta'minoti va suv oqizish tizimlarini rivojlantirish, avtomobil yo‘llarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan ilk investitsiya loyihalarini tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda.

Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda ijtimoiy, kommunal va transport infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat korxonalari va kichik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Top