11:09 / 15.08.2019
16692

Buzilayotgan imoratlarni baholash: loyiha savollar tug‘dirmoqda

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Buzilishi lozim bo‘lgan imoratlarni baholash tartibi loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma eksperti Oleg Zamanov.

Buzilishi lozim bo‘lgan imoratlarni baholash – yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish mexanizmining muhim elementi. U fuqarolar va yuridik shaxslarga ularning uy-joylari, ishlab chiqarish va boshqa qurilmalari, inshootlar va dov-daraxtlari buzilganligi, olib qo‘yilganligi bilan bog‘liq qoplanadigan zarar miqdorini belgilaydi. Aynan shu sababli, amaliyotda bo‘lg‘usi nizoli vaziyatlarning oldini olish maqsadida ushbu tartib-taomilni to‘liq va batafsil tartibga solish juda muhimdir.

Ushbu masalaga oid mavjud normativ baza mazkur talabga to‘liq javob bera olmaydi. Buzilayotgan mol-mulkni baholash ushbu taomilning barcha jihatlari ochib berilmagan holda quyidagi hujjatlarda qayd etiladi:

• «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun;

• Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

• Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari ijarachilari va mulkdorlarining ko‘rgan zararlarini, shuningdek qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Bu nuqtai nazardan ishlab chiqilgan loyiha to‘g‘ri yo‘nalishda qilingan qadam bo‘ldi. Hujjatda obektlarni baholashning asosiy bosqichlari, muddatlari, mulkdorlar, baholovchilar va vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari, ularning o‘zaro munosabatlari tavsifi va boshqa muhim jihatlar, masalan, qurilmaning jismonan eskirishini aniqlash mezonlari va boshqalar aks ettirilgan.

Hujjat ikki qismdan – Vazirlar Mahkamasi qarorining matni (qaror qismi) va u bilan tasdiqlanadigan Buzilishi lozim bo‘lgan qurilmalarni baholash tartibidan (qarorga ilova, keyingi o‘rinlarda - Tartib) iborat. Ishlab chiquvchining (Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) nuqtai nazarida eng muhim jihatlar, buzilishi lozim bo‘lgan qurilmalarni baholash mexanizmiga asos bo‘luvchi tartib-taomillar qaror qismida keltirilgan. Masalan, bu yerda qat'iy ravishda kadastr hujjatlari bo‘yicha baholash ko‘rsatilgan, unda aks ettirilmagan imoratlar baholash obektiga kiritilmaydi – bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatni to‘liq o‘qib chiqish chog‘ida qaror qismi va ilovaning matnlarida ayrim nomuvofiqliklar borligini aniqlash mumkin, bular qator savollarga sabab bo‘lmoqda.

Shaxsan mulkdormi yoki ishonchli vakilmi?

Qarorning 2-bandida qat'iy belgilanishicha: baholash buyurtmachisi faqat imorat mulkdori bo‘lishi mumkin. Biroq Tartibning 9-bandida quyidagicha yozilgan: baholash buyurtmachisi faqat baholash obekti mulkdori yoki u ishonch bildirgan shaxs bo‘lishi mumkin.

Bu muhim – qonun ishlab chiqaruvchilar mazkur holatda, xususan, yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga vakolatli mahalliy ijro etuvchi hokimiyatni baholash buyurtmasi bo‘lish huquqidan mahrum etadi (bu haqda Tartibning 11-bandida aniq yozilgan).

Bunda mulkdor – jismoniy shaxs mamlakatdan tashqarida bo‘lishi, salomatligi holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ushbu masala bilan shaxsan shug‘ullanish imkonidan mahrum bo‘ladi. Tashkilot nomidan har doim rahbarning chiqishi shart emas. Shu bois Tartibda ishonchli shaxslarning qayd etilishi mantiqan to‘g‘ridir. Shubhasiz, ular mustaqil sub'yekt hisoblanmaydi, ularga berilgan ishonchnomaga asosan mulkdor nomidan va uning topshirig‘iga binoan harakat qiladilar. Biroq hech kimda bu borada shubha tug‘ilmasligi uchun qarorning 2-bandida ham ishonch bildirilgan shaxslarni qayd etib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lib ko‘rinyapti.

Qayta baholashga yo‘l qo‘yiladimi yoki yo‘l qo‘yilmaydimi?

Qarorning o‘sha 2-bandida yana qat'iy ravishda quyidagilar bayon etilgan: obektni takroran baholashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan bir vaqtda Tartibning 7-bandida quyidagilar aytilgan:

7. Baholash to‘g‘risidagi hisobot u mulkdorga taqdim etilgan kundan boshlab olti oy davomida haqiqiy deb e'tirof etiladi. Olti oy o‘tgach mulkdorga pullik kompensatsiya to‘lanmagan taqdirda, baholash obektini takroran baholashdan o‘tkazish lozim. Yangi baholash sanasi sifatida mulkdor takroran baholashni o‘tkazish uchun murojaat qilgan oyning 1-sanasi qabul qilinadi.  

Ya'ni, faqat istisno tariqasidagi holatlarda yo‘l qo‘yiladimi? Iqtibos sifatida keltirilgan normadan kelib chiqadigan bo‘lsak, nafaqat yo‘l qo‘yiladi, balki o‘tkazilishi shartdir. Yoki qaror qismida xuddi o‘sha obekt o‘sha baholovchi tashkilot tomonidan takroran baholanishi nazarda tutilganmi? Ammo aytish joizki, aynan o‘sha bandning oxirgi xatboshisida bayon etilganlar uchun suddan tashqari tartibda litsenziyadan mahrum etishadi. Yoki bu yerda baholash to‘g‘risidagi hisobotga norozilik bildirgan hokimiyat haqida so‘z boryaptimi? Mazkur holatda haqiqatan ham takroran baholash o‘tkazilmaydi, balki ekspertiza tayinlanadi.

Tushunish biroz mushkul bo‘lyapti, ushbu savollarning yuzaga kelishi loyihaning mazkur qismlariga tuzatish kiritish kerakligidan dalolat bermoqda.

Rozi bo‘lmasangiz – ekspertiza?

Loyihada bayon etilgan baholash natijalaridan norozi bo‘lgan holatlarda harakat qilish algoritmi ham savol tug‘diryapti. Mazkur holatlarda qaror qismidan kelib chiqib, baholash to‘g‘risidagi hisobot ekspertizadan o‘tkaziladi. Biroq Tartibda bu jihat aynan kim noroziligiga qarab turlicha belgilangan. 

Baholash natijasi mulkdorni qoniqtirmagan taqdirda, u Baholovchi tashkilotlar uyushmasi va O‘zbekiston baholovchilar jamiyati tomonidan tashkil etilgan Jamoat ekspert kengashiga yoki uning hududiy bo‘limlariga murojaat qiladi. Garchi kengash ekspertlar kengashi deb nomlangan bo‘lsa-da, u baholash to‘g‘risidagi hisobotni ekspertizadan o‘tkazmaydi, balki ko‘rib chiqadi va baholovchiga yuboriladigan «fikrlar va tavsiyalari», shuningdek mulkdorga yuboriladigan «qaror» ko‘rib chiqish natijasi hisoblanadi (Tartibning 12-13-bandlari).

Norozi tomon hokimiyat bo‘lsa, u boshqa baholash tashkiloti bilan baholash to‘g‘risidagi hisobotni ekspertizadan o‘tkazishga shartnoma tuzadi va hisobot bo‘yicha ekspert xulosasini oladi (Tartibning 16-bandi).

Savollar tug‘ilishi tayin. Birinchidan, hujjat qay maqsadda sub'yektga bog‘liq ravishda harakatlar algoritmini har xil belgilaydi? Nima uchun baholash to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligidan shubhalangan mulkdor boshqa baholovchi tashkilotga uni ekspertizadan o‘tkazishga buyurtma bera olmaydi? Ikkinchidan, qaror qismida faqat ekspertiza haqida aniq-ravshan aytilgan (qarorning 2-bandi 4-xatboshisi). Demak, yoki Tartibda ekspert kengashi ishi va uning natijalariga taalluqli atamalar noto‘g‘ri ishlatilgan, yoki qaror qismida voqealar rivojining ikkitaraflama varianti aks ettirilmagan, faqat asosiy manfaatdor shaxs – mulkdor haqida unutilgan holda hokimiyat baholash natijalariga rozilik bildirmagan holatlar bayon etiladi.   

Ehtimol, yuqorida bayon etilganlar kimgadir o‘rinsizdek tuyular. Haqiqatan ham, ularni qaror qismiga kiritish uchun Tartibning asosiy tezislari mazmunini shakllantirish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan texnik nuqsonlar deb qabul qilish kerakdir.

Shunga qaramay, loyihada tartibga solinayotgan masala so‘nggi paytlarda qizg‘in muhokama qilinayotganini hisobga olib, yakuniy hujjatda, fikrimizcha, bir-biriga zid keladigan jihatlar, turlicha talqin qilinadigan normalar va uni qo‘llash paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘lmasligi kerak. 

Loyihani qo‘shimcha ishlash uchun hali vaqt bor – jamoat muhokamasi 23 avgustgacha davom etadi. Hozircha har bir xohlovchi unga doir o‘z sharhini, fikr-mulohazalari va takliflarini qoldirishi mumkin, umid qilamizki, ular vakolatli organlar tomonidan e'tiborga olinadi.

Top