14:31 / 16.08.2019
6327

O‘zbekistonda investitsiyalarga to‘siq bo‘layotgan omillar qanday?

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

2019 yil 16 avgust kuni «Investitsiyalarga to‘siq bo‘layotgan omillar: to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari yo‘lidagi institutsional cheklovlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Tadbir Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan USAIDning Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo va ish o‘rinlari yaratish loyihasi (CTJ) doirasida tashkil etildi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekistonning kelajagi va uning sanoatlashgan davlat sifatidagi maqomi mamlakat iqtisodiyotini zamonaviy texnologik asosda modernizatsiya qilishga bog‘liq. Bu esa, o‘z navbatida, ham mahalliy, ham xorijiy investitsiyalarning katta oqimlarini ta'minlashni taqozo etadi. Mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilinayotgan chet el sarmoyalari hajmini ko‘paytirish uchun, avvalo, investitsiya muhitini dunyo miqyosida belgilangan standartlar darajasiga olib chiqish lozim.

So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, joriy yil birinchi yarim yillikda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan O‘zbekistonda 1,6 barobar ko‘p investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 2,7 barobar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,7 barobar o‘sgan, investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 25 foizga ham yetmasdi.

Shu bilan birga, bugungi kunda investitsiyalar oqimiga to‘siqlar, ularni aniqlash, bartaraf etish yo‘llarini topish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi. Jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar mamlakat uchun tashqi moliyalashtirishning muhim manbaiga aylangani, bu innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqaruvni yaxshilash nuqtai nazardan katta iqtisodiy ta'sirga ega ekanligi qayd etildi.

Anjumanda bu yo‘nalishda mavjud muammolar tahlil etilar ekan, investorlar korrupsiya, mahalliychilik va to‘rachilik ildiz otgan mamlakatlarga sarmoya kiritishga moyil emasliklari, chunki bunday holatda vaziyatni avvaldan bir necha yilga prognoz qilib bo‘lmasligi, qolaversa, bunday davlatlarda biznes yuritishga ko‘p xarajat sarflanishi haqida fikr yuritildi.

Bu borada sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, undagi mulkdan, yerdan foydalanishga cheklovlarni bartaraf etish, tijoriy nizolarni ko‘rib chiqishda shaffoflikni ta'minlash masalalari muhokama qilindi. Bu kabi muammolar qatorida moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyati cheklanganligi va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining yuqoriligi, tegishli infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi ham qayd etildi.

Shuningdek, amaldagi investitsiyalarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi bitimlarni inventarizatsiya qilish, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashishda ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rganish xususida ham fikr almashildi. 

Top