11:25 / 19.08.2019
3698

216 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori-darmonlar to‘xtatib qolindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Respublikamizga sifati kafolatlanmagan dori-darmon vositalarini noqonuniy olib kirish holatlariga qarshi bojxona xodimlari samarali kurash olib borishmoqda.

Jumladan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizligi xizmati Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Tadbir davomida, fuqaro X.S. boshqaruvidagi “GAZ-2834” rusumli yuk avtomashinasi belgilangan tartibda Namangan shahri I.Karimov ko‘chasida to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu yuk mashinasida xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 216 million so‘mlik 5434 ta qadoqdagi dori-darmon vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.

Top