17:08 / 20.08.2019
8174

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sapyorlari uchun amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda (foto+video)

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sapyor mutaxassislari uchun harbiy okrug poligonlarida amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma'lum qildi.

Jumladan, Markaziy harbiy okrugdagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda sapyorlar mina maydondan yo‘l ochish, ko‘prik hosil qilish, muhandislik razvedka ishlarini olib borish, amaliy portlatish hamda muhandislik mashinalarini tavsifi va ularni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Ushbu o‘quv yig‘inda yosh sapyorlar malakali mutaxassislarga biriktirilib, ustoz-shogird an'analari yo‘lga qo‘yildi.

Sapyor mutaxassisligi hamisha Qurolli Kuchlardagi eng tanqis va kerakli soha  bo‘lib kelgan. Portlovchi vositalar bilan ishlash va ularni amaliy qo‘llash bo‘yicha O‘zbekistondagi birdan bir harbiy mutaxassislik. Bundan tashqari, xavfli minalarni zararsizlantirishdagi birgina xato katta xavfni yuzaga keltiradi, mina maydonida harakatlanib harbiy texnika va bo‘linmalar uchun yo‘l ochish esa yanada xavfli vazifa. Shu bois, sapyor bir marotaba adashadi, degan naql bor, – deydi o‘quv yig‘in rahbari mayor Sanjar Yo‘ldashev. – Kuchli bilim va katta tajribaga ega bo‘lgan sapyor o‘zi qatori minglab insonlar hayotini qutqarib qoladi. Amaliyot haftaligi esa muhandislik qo‘shinlari mutaxassislarini malakalarini oshirishda qo‘l kelyapti.

Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekistonda muhandislik qo‘shinlari mutaxassislari Qurolli Kuchlar akademiyasi Muhandislik tayyorgarlik kafedrasida 4 yillik harbiy ta'lim hamda qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi. Shu bilan birga Xalqaro hamkorlik doirasida chet el harbiy ta'lim muassasalarida malaka oshirish uchun yuboriladi.

Top