12:00 / 25.08.2019
139848

Buloqboshida neft quvuridan uyiga lahm kavlab, kuniga 2,5 tonna neft olayotgan fuqaro qo‘lga tushdi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida xalq orasida «Nefteprom» deb nom olgan shaharchada («Sanoat» MFY) yashovchi amakivachchalarning qing‘ir ishi fosh bo‘ldi.

Ular o‘z uyidan uch oy davomida ko‘chalaridan o‘tgan neft quvuri tomon yer ostidan 16 metrlik lahm kavlab, neft yoqilg‘isi oqayotgan quvurni teshib unga rezina shlang ulashgan va «qora oltin»ni o‘z xonadonlari tomon oqiza boshlashgan.  

Yer ostidan kelayotgan neft rezina shlang orqali qo‘shnining uyiga yetib borib, o‘sha yerda yer ostiga ko‘milgan 3 tonnalik sisternaga quyilgan. Xaridorlar o‘sha yerdan transport orqali noqonuniy neft yoqilg‘isini tashib olib ketishgan.

2019 yil 23 avgust kuni soat 23:00 atrofida Buloqboshi tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari hamda tuman DXX xodimlari hamkorlikda olib borgan tezkor tadbir davomida «Sanoat» mahallasi, Kattatol ko‘chasi 7–uyda yashovchi fuqaro I.S o‘z xonadoni oldidan o‘tgan neft quvurini teshib, shlang orqali uyiga oqizib, so‘ng bu mahsulotni qo‘shni uyda yashovchi jiyani X.Aning xonadoniga olib o‘tib, yerga ko‘milgan 3 tonnalik sisternaga quyishni yo‘lga qo‘ygani aniqlangan.

Bu shaxslarning qancha vaqtdan beri «neft qudug‘i egasi»ga aylangani noma'lum.

«Bir oy bo‘lgandi. Kuniga ko‘p emas, ikki yarim tonna neft quyilayotgan edi», deydi ulardan biri.

Ayni paytda har ikki shaxsga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top