00:06 / 01.09.2019
0
11128

Shavkat Mirziyoyev: barchamizga, ayniqsa, rahbar va yetakchilarga chuqur bilim, aql-zakovat, sabr-toqat kerak  

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 31 avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilari, ko‘pmillatli xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Prezident tabrik nutqida har bir masalani ma'rifat asosida chuqur o‘ylab, xalqqa hurmat bilan, odamlar fikrini inobatga olib hal etish zarurligini ta'kidladi.

“Barchamizga, ayniqsa, rahbar va yetakchilarga chuqur bilim, aql-zakovat, sabr-toqat kerak. Shuning uchun “Jaholatga qarshi – ma'rifat” degan fikrda katta ma'no bor. Bu g‘oya faqat diniy tarbiya bilan bog‘liq ishlarda emas, balki hayotimizning barcha sohalarida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Har bir masalani ma'rifat asosida chuqur o‘ylab, xalqqa hurmat bilan, takror va takror aytaman, odamlar fikrini inobatga olib, faqat qonun va adolat mezoniga tayangan holda hal etsak, el-yurtimiz bizdan albatta rozi bo‘ladi.

Bugun zamon o‘zgardi. Endi hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga o‘rganishimiz lozim. Barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda.

Davrning, hayotning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun barchamiz har kuni o‘qib-o‘rganishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz, bilim va saviyamizni doimo oshirib borishimiz kerak.

Bizning tomirlarimizda ulug‘ ajdodlarimizning qoni oqmoqda. Buyuk bobolarimizning munosib izdoshlari va davomchilari bo‘lish biz uchun ham qarz, ham farz, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

O‘z Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – to‘g‘ri tarbiya va amaliy namuna demakdir”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top