16:55 / 01.09.2019
33
60446

Torres? Drogba? Yo‘q, bu - Eldor Shomurodov!

Foto: Aleksandr Mysyakin/Sport24

Hamyurtimiz Eldor Shomurodov Rossiyani zabt etishda davom etmoqda. Kecha «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinda o‘zining ilk dublini nishonlagan hujumchi jamoasini turnir jadvalida peshqadamga aylanishiga yordam berdi. O‘zi esa gollari sonini 7taga yetkazib «Krilya Sovetov» hujumchisi Aleksandr Sobolevni quvib o‘tib, to‘purarlar ro‘yxatida yetakchi bo‘lib oldi. Rossiyalik jurnalistlar Eldordan hayratda, kimdir unga mashhur hujumchilarga yaqin narx belgilasa, kimdir yaqin kelajakda Angliya yoki Germaniyada bemalol o‘ynab keta olishini taxmin qilmoqda.

«Lokomotiv»ga qarshi o‘yindan oldin ham yaxshigina shov-shuv ko‘targan hujumchimiz haqida gol.ru saytida e'lon qilingan materialni e'tiboringizga havola qilamiz.

Eldor Shomurodov Rossiya chempionatida yangi mavsumning asosiy kashfiyotlaridan biri bo‘lib turibdi. U yetti o‘yinda beshta gol urdi («Loko»ga qarshi o‘yindan keyin 8 o‘yinda 7ta). O‘tgan yili butun mavsum davomida (26 o‘yin) atigi 3ta gol muallifi bo‘lgandi.

Bu o‘sishni boshqa jamoalar ham payqashdi: hujumchi bilan TsSKA qiziqmoqda, «Galatasaroy» skautlari esa, ataylab, Shomurodovni ko‘rgani Rossiyaga kelishdi, unga Germaniyadan taklif borligi haqida xabarlar tarqalgan, rostovliklar Xitoydan kelgan taklifni esa rad etishgan. Bunday klublarning e'tibori - juda yaxshi maqtov. Ammo hozircha Shomurodov hech qayerga ketmoqchi emas. Bor e'tiborini «Rostov»ga qaratishi haqida Shomurodov ko‘p marta ta'kidladi, uning agenti Qahhor esa, yaqinda TsSKA tomonidan bo‘layotgan qiziqishga munosabat bildirdi:

«TsSKA - Rossiyaning eng yaxshi klublaridan biri, lekin biz mamlakat ichidagi takliflarga e'tibor qaratmayapmiz. Eldorning maqsadi Yevropada o‘zini sinab ko‘rish. U yerdan ham takliflar bor, lekin biz «Rostov»ni hurmat qilamiz va bu vaziyatda qarorni ular chiqarishi kerakligini tushunamiz».

Qanotdan jokerlikkacha

Shomurodovning ketishiga bosh murabbiy Valeriy Karpin ham qarshi, aynan uning qo‘l ostida futbolchi muhim figuraga aylanmoqda. Karpin uni Miranchuk va Ozmun bilan birgalikda liganing eng iqtidorli yosh futbolchilari ekanini aytgan va «men uchun Shomurodov 50 million yevro turadi. U har mavsumda 20dan ortiq gol urish uchun barcha imkoniyatga ega. Hozircha u buni uddalayapti, mehnat qilishda davom etishi kerak», deb qo‘shimcha qilgan.

Tabiiyki, Karpinning hujumchiga ta'siri katta. Eldorning o‘zi ham murabbiyning unga yordami haqida ko‘p bor aytib o‘tgandi.

«Murabbiy sifatida Karpin - top», - deydi u, - «taktik tarafdan ham, jismoniy tayyorgarlik borasida ham. Uning qo‘l ostida men qarshi hujumlarda ham, himoyaga yordam berishda ham o‘sdim. Nazariy tomondan u top-klublar qanday o‘ynashini bizga tushuntirib beradi. Ularning himoyadan qanday chiqishlari, hujumlari bizga yaxshi ko‘rgazma bo‘ladi».

Karpingacha Shomurodov boshqacha futbolchi edi. Birinchidan, u ko‘pincha zaxiradan, qanotda o‘ynash uchun maydonga tushardi. Eldorning tezligi, yaxshi driblingga ega ekani yordam berardi. Ikkinchidan, Kuchuk davrida Shomurodov deyarli o‘ynamagan, uzoq vaqt Rossiya chempionatiga ko‘nika olmagandi. Rossiyaga kelishidan oldin u «Bunyodkor» va O‘zbekiston chempionati yulduzi edi, ammo u yerda osonroq - yanayam ochiqroq o‘ynashadi, himoyachilar hujumchilarni qattiq qo‘riqlashmaydi. Dastlabki paytlarda Shomurodov buni tan olgan:

«Bu yerda himoyachilar zichroq o‘ynashar ekan, hujumchilarga to‘pni qabul qilib, qayrilishga imkon berishmaydi. Osiyoda biroz ochiqroq futbol ko‘rsatishadi. Hechqisi yo‘q, asta-sekin ko‘nikib boryapman».

O‘tgan mavsumda Shomurodov Sigurdarsonga o‘rinbosar bo‘lib, asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilardi. Karpin esa, unda markaziy hujumchini ko‘rdi va kuchli jihatlaridan foydalanishni boshladi. Karpin uni o‘yin oxirlarida, biroz holdan toliqqan raqibga bosim o‘tkazish uchun tushira boshladi. Aynan Shomurodovning o‘yin oxiridagi gollari tufayli, «Rostov» «Spartak» ustidan g‘alaba qozongan, «Krasnodar»ga qarshi o‘yinda durangga erishgandi. 

Yozga kelib, Karpin Sigurdarsonni zaxiraga o‘tkazdi, Kyartanssonni «Rubin»ga ijaraga berdi. Shomurodov asosiy hujumchiga aylandi - uning klub bilan besh yillik shartnoma imzolashi esa, ahamiyatli futbolchiga aylana boshlaganidan darak edi.

Shuningdek, Shomurodovning o‘sishiga faqat Karpin yo‘l ochganini aytish noto‘g‘ri. Yanvardagi Osiyo chempionatini ham unutmaslik kerak. Va albatta, Eldorning yaqinlari e'tirof etishlaricha, u individual ravishda juda qattiq shug‘ullanishni boshladi.

Firmino, Iguain... Drogba!

Terma jamoadagi o‘yinlar rostdan ham yordam berdi, shundan so‘ng, Shomurodov «Rostov»ning asosiy tarkibida ko‘rina boshladi. Mashg‘ulotlarni ko‘rish qiyin, ammo o‘yinlardagi harakatlardan payqash qiyin emaski, u harakat qilmoqda.

Shomurodov to‘psiz juda ko‘p harakat qiladi, tez-tez orqaga qaytib, himoyaga yordam beradi, sheriklarini qo‘llaydi. Bu tomondan u, jiddiy aytganda, to‘psiz harakatlar bo‘yicha dunyoning eng yaxshisi Roberto Firminoni eslatib yuboradi. Albatta, Shomurodov pressing uyushtirish borasida saviyani oshirishi kerak. To‘psiz harakatlanishni biror statistika bilan asoslantirish qiyinroq, lekin qiziq fakt: Shomurodov Markov va Sheydayev bilan birgalikda, to‘pni olib qo‘yish borasida ligada yetakchilar qatorida bormoqda.

Yana ikki muhim xislat: Shomurodov biror himoyachini o‘zi bilan olib ketib, qanot futbolchilariga zona ochib berish va xuddi pleymeykerlar kabi, raqibning chiziqlari orasida to‘pni qabul qilishda ham juda foydali o‘yinchi. O‘tgan mavsumda Shomurodov ko‘proq yuqori qavatlarda kurashib, sheriklariga to‘pni yetkazib berish yoki uzun paslarga ochilish bilan ko‘ringan bo‘lsa, endi uning roli o‘zgargan - Shomurodov asosan, to‘p bilan ishlamoqda, driblinglarga murojaat qilyapti, jarima maydonidan uzoqda ham kombinatsiyalarda ishtirok etyapti. 

Shuningdek, u endi yaxshi ochilyapti va vaziyatlarni golga aylantira olyapti - statistikadagi o‘zgarish bunga yaxshi isbot. Uning «Ural»ga qarshi golini eslash mumkin. To‘p jarima maydoniga uzatilganda, Eldor to‘pning borishiga mos ravishda yugurish trayektoriyasini o‘zgartirdi. Bu jarima maydonida foydali o‘ynaydigan hujumchilarning asosiy qurollaridan biri, ko‘pincha, Ikardi, Iguain kabi hujumchilar shunday harakat qiladilar. Bunday vaziyatlarda himoyachilar faqat kuzatib qoladilar, chunki hujumchining qayerga yugurishini bila olmaydilar. Ushbu mavsumdagi Eldor ko‘p bora mana shunday uslubda harakatlanishi evaziga gollar urmoqda.   

Suratga qarang, «Rostov» hujum qilyapti, Shomurodov esa, qanotda, himoyachi barchasini nazorat qilyapman, deb o‘ylayapti.

Va endi, Eldor bo‘sh. To‘pni darvozaga tepish uchun tayyor.

U yana ikki golini jarima maydonidagi driblinglar yordamida urdi. Shomurodov - sobiq vinger, yoshlikdan himoyachilarni aldab o‘tishga o‘rgangan.

Uning eng muhim xususiyati esa, aynan Rossiyadagi o‘ziga xos futbolchilardan biriga aylantiradi. Shomurodov sheriklariga vaziyatlar yaratib berishda ham juda samarali. Ushbu mavsumda uning hisobida atigi bitta golli pas bor xolos, ammo «Rostov» urgan 14 golning 11tasi Shomurodovning bevosita ishtiroki bilan amalga oshganini ta'kidlash kerak. Bugungi kunda u zarba uchun to‘p oshirishlar bo‘yicha ham (bir o‘yinda 2.76) RPLda yetakchi bo‘lib turibdi, sheriklariga qulay vaziyat yaratish bo‘yicha ham tengsiz.

Eldor futbol olamidagi o‘zining kumirlari sifatida Torres va Drogbani tilga oladi. U Torresga balki tezlik bo‘yicha o‘xshashdir, ammo aynan Drogba bilan solishtirganda, umumiylik ko‘proqdek: har ikkisi ham kurashuvchan, sheriklar bilan yaxshi o‘ynaydi va to‘psiz juda foydali harakatlana oladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top