10:11 / 04.09.2019
1
17692

Ko‘k-qoraga bo‘yalayotgan A Seriya. Orzusidagi murabbiyni topgan yangi «Inter» haqida

Milanning «Inter» klubi joriy mavsumni juda yaxshi boshladi. Antonio Konte murabbiyligidagi ko‘k-qoralar yozda amalga oshirilgan transferlar samarasini maydonda ko‘rsatishmoqda. So‘nggi vaqtlarda «Inter» deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Ikardi yoki Vanda Nara  kelayotgandi, hozir esa muxlislar Konte tuzayotgan jamoaning chiroyli o‘yin ko‘rsatayotgani haqida baralla gapirishmoqda.

«Inter» mavsumni shunchalik yaxshi boshladiki, Ikardi «PSJ»ga o‘tganini ko‘pchilik sezmay ham qoldi. Konte uzoq yillardan buyon yuqori darajada o‘ynashga qiynalayotgan «Inter»ni qanday qilib kuchaytira oldi? Yoki bu vaqtinchalik holatmi?

«Inter» chinakam kuchli murabbiyni qo‘lga kiritdi

«Inter»ni so‘nggi yillarda kimlar boshqarganiga e'tibor bering: Valter Madzarri, Roberto Manchini, Frank de Bur, Stefano Vekki, Stefano Pioli va Luchano Spalletti. Ularning barchasi kuchli murabbiylar, ammo ular faoliyatining cho‘qqisida «Inter»ga kelishmadi. Har qancha g‘alati bo‘lsa-da, murabbiylarda ham futbolchilarda bo‘lgani kabi qanday formada ekani muhim. Ana shu jihatdan Konte ayni damda yaxshi «sport formasida» deyish mumkin.

Italiyada qadr topib, «Yuventus»ni yengilmas jamoaga aylantirib ketgan murabbiy Angliyaga borib birinchi urinishdayoq Premer-Ligani yutib, kuchli murabbiy ekanini isbotladi. «Chelsi»dan ketishidan avval ham Konte Angliya Kubogida g‘olib bo‘ldi. Angliyada ochiqchasiga uning qadriga yetishmadi va Konte Italiyaga qaysidir ma'noda futbolni sog‘inib qaytdi. Futbolga chanqoq murabbiyning g‘alabalarga, sovrinlarga chanqoq jamoani qabul qilib olishi esa «Inter»ning shijoatini yanada oshirdi.

Bugun «Inter»da odamlarga nimanidir isbotlashni xohlayotganlar yig‘ilgan desak, xato bo‘lmaydi. Konte hamon Italiya futbolida tengsiz murabbiy ekanini, Lukaku faqat o‘rtamiyonalarga gol uradigan hujumchi emasligini, Sanches instagramga itlari bilan tushgan suratlarini joylashdan boshqa ishlarni ham qila olishini, Lautaro Martines Argentinada Messidan boshqa hujumchilar ham borligini, Godin hali «nafaqaga chiqmagani»ni isbotlashni xohlaydi. «Inter» esa hamon katta klub ekanini ko‘rsatishni maqsad qilgan. Bunday katta motivatsiyasi bor jamoa yo‘lida uchragan barcha jamoalarni yengishga qodir.

Aqlli transferlar

Konteni ko‘pchilik qo‘pol murabbiy deb biladi, ammo aslida bunday emas. Agar Konte futbolchilar bilan muomala qilishni bilmaganida, bugungi tarkib bilan solishtirganda ancha kamtar bo‘lgan «Yuventus»ni A Seriyada yengilmas jamoaga aylantira olmagan bo‘lardi. Lukaku va Sancheslar «MYu»dek klubni tashlab aynan Konte uchun «Inter»ga kelishdi. Esingizda bo‘lsa, Antonio «MYu»ni boshqarishni xohlashini yashirmagandi. Balki shu uchundir bu ikki futbolchini o‘zining yangi jamoasiga olib kelgandir. Lukaku 65 million yevro evaziga transfer qilindi, Sanches esa hozircha ijaraga olingan.

Lukaku jamoaning asosiy hujumchisi ekani dastlabki ikki o‘yinda ko‘rindi. Belgiyalik futbolchi A Seriyaning dastlabki ikki turida ikkita gol urdi. «Inter»ning yangi penaltichisi ham aynan Lukaku. U so‘nggi vaqtlarda faqat mojarolari bilan yodda qolgan Mauro Ikardining o‘rnini egalladi. Darvoqe, 9-raqam ham endilikda Lukakuga tegishli.

Sanches esa «Inter»ning «o‘nlik» pozitsiyasi uchun juda munosib nomzod. Konte «Inter»da o‘zi sevgan 3-5-2 sxemasida o‘ynamoqda va hujumning oldingi qismida Lukaku hamda Lautaro Martines joy oladi. Sanches esa aynan hujumchi ortida harakat qilishi ko‘rinib turibdi. Aleksis bu ishni «Barselona»da yaxshi uddalagani esingizda bo‘lsa kerak. «Inter»da Sneyderdan keyin o‘nlik pozitsiyasida yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchini eslash qiyin. Aynan Sneyder davrida (u vaqtlarni «Mourino davri» deb atash to‘g‘riroq) «Inter» oltin trebl qayd etgandi.

Himoyada ham Konte yaxshi futbolchilarni jalb qildi. Godin hozircha jarohatini davolamoqda, ammo urugvaylik tajribali futbolchi safga qaytsa, bunday yetakchilik xususiyatiga ega futbolchining jamoaga ko‘p foydasi tegadi. «Inter» himoya chizig‘iga, masalan Kristian Biragi kabi yaxshi futbolchini ham olib keldi. «Fiorentina»dagi o‘yinlari sabab Italiya milliy jamoasiga chaqirilgan Biragi «Inter» himoyasida yaxshigina raqobatni hosil qiladi.

«Inter» yarimhimoya chizig‘iga ham yaxshi futbolchilarni to‘pladi. Nikolo Barella, Stefano Sensi, Valentino Lazaro kabi futbolchilarning transfer qilinishi «Inter» zaxirasini ham kuchaytirayotganidan dalolat beradi. Demak, Konte Chempionlar ligasida ham jamoa oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan.

Bilasizmi, «Inter» Kontega Chempionlar Ligasida maksimal yaxshi qatnashishi uchun eng yaxshi imkoniyat. Chunki, Konte «Yuventus»ni boshqargan vaqtida birinchi navbatda A Seriyada g‘olib chiqishga majbur edi, chunki Turinda asosiy vazifa shu bo‘lgan. «Chelsi»da esa APL g‘olibligi birlamchi edi. «Inter»da Konte Italiya chempioni bo‘lmasa, uni hech kim so‘kmaydi va murabbiy ichki chempionatda o‘zini maksimal darajada erkin his qilishi mumkin. Bu Chempionlar Ligasida ham yaxshiroq qatnashish imkonini beradi.

Chempionatda g‘oliblikning suv va havodek zarur emasligi «Inter»ga chempionlik poygasida ustunlik berishi ham mumkin. Chunki hozirda «Yuventus»ni hali hech qachon skudettoni yutmagan va himoyani yoqtirmaydigan Sarri boshqarmoqda. Uni italyancha strateg sifatida emas, chiroyli futbol o‘ynash tarafdori sifatida bilishadi. Konte esa Italiyaning klassik sovuqqon murabbiylaridan. Yuqorida aytganimizdek, Konteda hozir deyarli hech qanday bosim yo‘q, Sarrida esa aksincha. 7 yildan buyon skudettoni hech kimga bermayotgan «Yuve» Ronaldu va de Ligtlar bilan chempionlikni topshirib qo‘ysa, Sarrining yumshoq qilib aytganda, Turinda bosh ko‘tarib yurishi qiyin bo‘lib qoladi. Asosiy raqibning bunday holatdaligidan xato qilishni xushlamaydigan Konte foydalanib ketishini kutish mumkin. Kontening qaytishi ortidan oxirgi yillarda oq-qoraga bo‘yalgan A Seriya endilikda ko‘k-qoraga bo‘yalishi hech gap emas...

O‘tkir Jalolxonov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top