18:46 / 05.09.2019
14
28775

Uy hayvonlariga pasport rasmiylashtirish majburiymi? Mutaxassis bilan suhbat

Shu yilning 26 avgust kuni «Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlari to‘g‘risidagi nizom»ni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgach, bu xabar internet nashrlarida tarqaldi va ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv keltirib chiqardi.

Veterinariya pasporti to‘g‘risida aholida tug‘ilgan turli tushunmovchiliklar hamda yangi tartibning qator jihatlariga aniqlik kiritish maqsadida Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Nargiza Omonboyevaga bir qancha savollarimiz bilan murojaat qildik.

— Veterinariya pasporti nima?

— Bu aksariyat yurtdoshlarimiz tasavvur qilayotganidek, hayvonning shaxsini, propiskasi va fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjat emas. Veterinariya pasporti –identifikatsiya qilingan hayvonlarga rasmiylashtirilgan, hayvon egasini belgilovchi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi profilaktikasi va ularni davolash ishlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjat.

Aslida hayvonlarga birkalash, tamg‘alash, jyetonlash va chip o‘rnatish orqali individual raqam berish va veterinariya pasporti rasmiylashtirish tartibi ikki yil oldin - 2017 yil 22 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga asosan joriy qilingan. Unda saqlanayotgan (boqilayotgan) har bir bosh hayvonga veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi alohida ta'kidlab o‘tilgan (qo‘y va echkilarga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi mumkin).

— Uy hayvonlariga pasport rasmiylashtirishning qanday afzalliklari mavjud?

— Identifikatsiya qilingan hayvonlarni yagona elektron ma'lumotlar bazasiga kiritish faqat qulayliklar tug‘dirib, bir qancha muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Avvalo, har bir uy hayvonini nazoratga olish, uning salomatligini nazorat qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanadi. Bundan buyog‘iga har bir hayvon turi tug‘ilganidan keyin belgilangan muddatda identifikatsiya qilinib, ro‘yxatga olinadi, uning qanday kasalliklarga chalingani, qachon emlangani qayd etib boriladi. Kelajakda savdo do‘konlaridan go‘sht mahsulotlari xarid qilayotganda ularning «tarixi»dan ham boxabar bo‘lamiz.

Shuningdek, chorva mahsulotlarini xorijga eksport qilishda birmuncha qulayliklar yaratiladi. Ayni paytda o‘nlab xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda hayvonlarni  identifikatsiya qilish tizimini yaratish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga olib chiqish maqsadida grantlar ajratayotgani yanada e'tiborga molik.

Hayvonlar kasalliklarga qarshi emlanganini tasdiqlash, ularning aniq hisobini yuritish va ro‘yxatga olingan hayvonlar to‘g‘risida yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirishda, hayvon egasini belgilashda pasport rasmiylashtirish juda ham muhim. Bundan tashqari, aholi o‘rtasida jonivorlarga oid bo‘lgan turli kasalliklar kelib chiqishi, har bir hayvonning elektron qaytarilmas raqamga ega bo‘lishi va shu asosida uni egasiga rasmiylashtirish orqali hayvonlar o‘g‘irlanishining oldini olishga erishish mumkin.

Identifikatsiya qilish va hisobdan chiqarish tartibi haqida ham gapirib o‘tsangiz?

— Hayvon egalari hayvon tug‘ilgandan ma'lum muddat o‘tgach doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmati vakiliga murojaat qilishi lozim. Veterinariya xizmati xodimi ariza kelib tushgandan so‘ng 3 kun ichida joyiga borib hayvonlarni identifikatsiya qiladi. Nizomda belgilangan to‘lov shuning uchun undiriladi.

Qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan 14 kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan, qulunlar va xo‘tiklar 4 oyligidan, cho‘chqa bolalari 1 oyligidan, it va mushuklar 3 oyligidan hisobga olinadi. Hayvonlar egasi almashganda, bir hududdan boshqa hududga ko‘chirilganda doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmatining vakiliga 7 kun ichida hayvonni hisobga qo‘yish uchun murojaat qiladi. Bunda hayvon yangidan identifikatsiya qilinmaydi yoki yangi pasport berilmaydi. Eski pasportiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Davlat veterinariya xizmati vakiliga hayvon egalari hayvon sotilgani yoki hadya qilinganini veterinariya pasportida tasdiqlatishga majburdir, bunda hayvon egalari o‘zlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ham taqdim etadi.

Identifikatsiya qilish majburiymi?

— Qoramollar, qo‘y va echkilar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar va tuyalar, itlar va mushuklarni identifikatsiya qilish shart. Ushbu shartni bajarmaslik veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka olib keladi.

Hayvonlarga turlariga qarab individual raqam berish jarayoni qanday kechadi?

— Mazkur holat quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:

  • birkalash usulida qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalar, cho‘chqalarning qulog‘iga (elektron, vizual) birkalar taqiladi va u hayvonlarning yashash davri davomida olinmaydi;
  • ip o‘rnatish (elektron identifikatsiya) usuli hayvonlarning barcha turlariga qo‘llanishi mumkin.

Nobud bo‘lgan yoki so‘yilgan hayvonlarning pasporti veterinariya vakiliga qaytarib beriladimi?

— Hayvon egalari hayvon so‘yilganda (nobud bo‘lganda, yo‘q qilinganda) hayvonning identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va veterinariya pasportini (elektron identifikatsiyalashda faqat veterinariya pasportini) 7 kun muddatda doimiy yashash manzili bo‘yicha davlat veterinariya xizmatining vakiliga hisobdan chiqarish uchun taqdim qiladi. So‘yilgan hayvonlarga ixtisoslashgan so‘yish korxonasining veterinariya vrachi tomonidan hayvon egasiga berilgan «Hayvon so‘yilganligi to‘g‘risida» ma'lumotnoma ham taqdim etiladi.

So‘yish maqsadida import qilingan hayvonlar identifikatsiya qilinmaydi. Ushbu hayvonlar keltirilgan vaqtdan boshlab yetti kalendar kunida so‘yilishi shart.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lov undiriladimi?

— Ha, ammo ko‘p miqdorda emas. Identifikatsiya qilish shartnomaga asosan amalga oshiriladi va quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:

  • har bir qoramol, ot, eshak va tuyalar uchun 4 ming 460 so‘m;
  • har bir qo‘y, echki va cho‘chqalar uchun 3 ming 345 so‘m;
  • har bir it va mushuklar uchun 2 ming 230 so‘m.

Identifikatsiya uchun to‘lov tuman (shahar) veterinariya bo‘limlari hisobvarag‘iga, naqd pul va naqd pulsiz shaklda bajariladi. Veterinariya pasporti yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelib qolganda uning dublikati bepul beriladi.

Shu kungacha qancha hayvon ro‘yxatdan o‘tkazildi?

— 2018 yil 1 yanvardan shu paytga qadar qo‘mita tomonidan 82 mingdan ziyod chorva mollari identifikatsiyadan o‘tkazildi.

Ayni paytda hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan usulini yo‘lga qo‘yish va bu sohaga innovatsiyalarni jalb qilish jiddiy ishlar olib borilyapti. Yil yakunigacha maxsus dastur va ilovalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Hayvon egasi bazaning elektron manzili orqali kirib, o‘ziga tegishli bo‘lgan ma'lumotlarni yagona elektron ma'lumotlar bazasidan onlayn tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Suhbat uchun katta rahmat!

Mirolim Isajonov suhbatlashdi

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top