18:41 / 06.09.2019
6
15188

«Mahalliy organlar bosh reja yechimlaridan chetga chiqishmoqda» - Qurilish vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

O‘zbekiston bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan. Qurilish sohasida bo‘layotgan yangiliklar, soha oldiga qo‘yilgan vazifalar, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari haqida Qurilish vazirining o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Rahmatjonovich Hoshimov bilan suhbatlashdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— O‘tgan yili Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi Qurilish vazirligiga aylantirilgandi. Vazirlik maqomi berilgach, tashkilot oldiga qanday vazifalar qo‘yilgandi?

— Qo‘mita vaqtida shtat birligi 81 kishidan iborat edi. Bu shtat bilan qo‘yilgan vazifalarni tashkillashtirishda ayrim muammolar yuzaga kelardi. Vazirlik tuzilgach, uning tashkiliy tuzilmasi 112ta shtat birligidan iborat qilib belgilandi. Vazirlik arxitektura va qurilish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga, innovatsion g‘oyalarni qamrab olgan va energiya samarador loyiha va loyihayaviy yechimlarni tatbiq qilish, qurilish sohasidagi nazoratni joyiga qo‘yish, hududlarni kompleks rivojlantirishda bosh rejalarni ishlab chiqish masalalarini tashkil qilish, shu bilan bir qatorda shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini o‘z o‘rniga qo‘yish — umuman mana shu kabi ishlarni tizimli ravishda bir yo‘nalishga keltirish uchun katta huquqiy asos bo‘ldi.

— Siz qator yillar davlat loyihalash idoralarida rahbarlik qilgansiz. O‘zbekistondagi viloyatlar va tumanlar markazlarining bosh loyihalari qanchalik tayyorlangan. Ular qachon tasdiqlanadi? Bu borada ishlar qanday ahvolda?

— Bugungi kunda respublikamizda 1200ta shahar va shaharchalar mavjud. Bulardan 87 foizining bosh rejalari ishlab chiqilgan. Prezidentimizning 2018 yil 2 fevralda qabul qilingan «2018–2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta'minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3502-sonli qarorida 138ta bosh rejani ishlab chiqish belgilangan, 2022 yilgacha dastur qabul qilingan. Mana shu dastur asosida shaharlarning bosh rejalari 2020 yil oxirigacha 100 foiz yakunlanadi.

Bosh rejalar hududlarning kompleks rivojlanishini belgilab beradigan hujjat. Unda ijtimoiy-iqtisodiy, infratuzilma obektlarining qurilishi va boshqa jihatlar inobatga olinishi kerak. Shuning uchun bu hujjat shoshilmasdan, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilishi kerak.

Bosh reja ishlab chiqilganidan so‘ng keyingi bosqichda batafsil rejalashtirish loyihasi yaratiladi. U hududlardagi keng jamoatchilik bilan bamaslahat ishlab chiqiladi va shundan so‘nggina tasdiqlanadi.

— Qurilish sohasida ishlovchi kadrlar borasida qandaydir yetishmovchiliklar bormi?

— Tasarrufimizda qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlovchi ikkita oliygoh — Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bor. Shu bilan bir qatorda 14ta kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatmoqda. Sifatli kadrlar tayyorlash borasida oliy ta'lim muassasalarida tizimli ravishda ish olib borilmoqda. Xorijiy davlatlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni kundagi vazifalarimizdan biri kadrlarning saviyasini ko‘tarish, zamonaviy fikrlaydigan, mablag‘lar ishlatilishi samaradorligini ta'minlaydigan, energiya resurslari tejamkorligini ta'minlaydigan kadrlar yetishtirishdan iborat.

Shuningdek, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan, pudratchi tashkilotlardagi ishchilarning malakasini oshirish masalasi ham bor. Eskidan «Har bir shogird albatta usta ko‘rishi kerak», degan naql bor. U beton qorish bo‘ladimi, g‘isht terish bo‘ladimi. Shu sababli yil oxirigacha kasb-hunar kollejlari bazasida qisqa muddatli kurslarda ikki mingdan ortiq mutaxassislarning malakasini oshirish vazifasini belgilab olganmiz.

— Aholi soni mustaqillik yillarida 1,5 barobarga ko‘paydi. Yer resurslari cheklangan. Aholini turar joy bilan ta'minlash masalalarida nega ilg‘or xorij davlatlarining zamonaviy qurilish uslublaridan foydalanilmayapti, osmono‘par binolar qurilmayapti?

— Prezident tomonidan olib borilayotgan siyosatning asosiy negizlaridan biri yer resurslariga juda katta mas'uliyat va tejamkorlik nuqtai nazari bilan qarab, ulardan intensiv foydalanish belgilangan. Bugungi kunda viloyatlarda 5-7 qavatli uy joylar va boshqa obektlar qurilmoqda. Viloyat markazlarida 12–16 qavatli energiya tejamkor monolit uylarni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Biz yuqoriga o‘sayapmiz. Har bir hududning muhandislik-geologik xususiyatlari, seysmik holati, iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, loyihaviy yechimlar qabul qilinib, har tomonlama zamonaviy talablarga javob beradigan uy-joylar qurilmoqda.

— BAAda bo‘lganimizda qurilish ishlari qanday olib borilishiga guvoh bo‘ldik. Avval obekt hududiga asfalt yo‘l yotqizilib, boshqa kommunikatsiya tarmoqlari tortilib, so‘ngra qurilish ishlari boshlanar ekan. Bizda qurilish ishlarini olib borish ketma-ketligi bormi, yo‘q bo‘lsa xorijning ijobiy tajribasidan foydalanish fursati yetmadimi?

— Bu sohada Amerika ochish kerak emas. Tasdiqlangan hujjatlar bor. Faqat tashkilotlar va buyurtmachilar tomonidan joylarda qabul qilingan hujjatlar va qoidalar ijrosiga rioya qilish yetarli darajada emas. Har bir obekt qurilishidan avval Qurilishni tashkil etish loyihasi tuziladi. Unda qurilish muddatlari va boshqa jihatlari belgilab olinadi. Ana shu hujjat asosida qurilish bosh rejasi ishlab chiqiladi. Qurilish bosh rejasida vaqtinchalik yo‘l, vaqtinchalik suv, energiya kommunikatsiya tarmoqlari, qurilish kranining o‘rnatilish nuqtasi va yurish yo‘li, qurilish materiallari qaysi joyga to‘planishi, ishchi-xizmatchilarning yurish va dam olish nuqtalari kabi jihatlar tasvirlanadi.

Bizda ham bunday hujjatlar va qoidalar bor, unga rioya qilish kerak, xolos. Umuman, bizda qurilish madaniyatini oshirish kerak. Bu narsaga e'tibor bermaydigan bo‘lsak, dunyoqarashimiz o‘zgarmaydi.

— Qurilish sohasiga yot bo‘lgan puldor odamlar ham shaharlarda turar joy massivlari o‘rtasida ko‘pqavatli uy-joylar qurish bilan shug‘ullanmoqda. Ular qurilish ishlarini olib borish uchun litsenziyani qanday qo‘lga kiritishgan? Vazirlik ularga litsenziyani beradimi?

— Joylarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining barchasi mavjud shaharsozlik hujjatlari doirasida bo‘lishi shart. Lekin bugungi kunda mahalliy organlar bosh reja yechimlaridan uzoqlashib, bu masalaga e'tiborsizlik bilan qarab, shunday qarorlar qabul qilayotgani bor gap. Bunga albatta chek qo‘yish kerak. Lisenziya masalasiga keladigan bo‘lsak, pudrat tashkilotlari reyestri bor edi. Lekin u yo‘q bo‘lib ketdi. Hozir biz topshiriqqa asosan, sohada qurilish ishlarini litsenziyalash bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlaganmiz. Loyihaga ko‘ra, litsenziya berishda qurilish ishlarini olib borayotgan tashkilotlarning moddiy-texnika bazasi, tashkiliy tuzilmasi, malakali kadrlariga e'tibor qaratiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhammadjon G‘ANIYeV.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top