19:30 / 06.09.2019
1
15227

«Qanot Sharq» Sukhoi Superjet samolyotlarini sotib olish majburiyatini olmaganini ma'lum qildi

«Qanot Sharq» Rossiyaning Sukhoi Superjet 100 samolyotlarini sotib olish majburiyatini olmagan. Bu haqda Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kompaniya muassisi Nosir Abdug‘afforov ma'lum qildi.

Avvalroq Rossiya matbuotida «Qanot Sharq» «Grajdanskiye samoleti Suxogo» kompaniyasi bilan uchta Sukhoi Superjet 100 samolyoti yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.  

«Bu shunchaki maqsad to‘g‘risidagi protokol. Biror narsa haqida yozishdan oldin unga xolisona yondashish lozim. Hech qanday majburiyat olmaganmiz, bu qat'iy shartnoma emas. Yozayotganlari noto‘g‘ri. Biz aviatsiya texnikasi tanlash jarayonidamiz», – dedi Abdug‘afforov.

«O‘rganish jarayonida oshkor qilmaslik to‘g‘risida va maqsadlar to‘g‘risida kelishuvlar tuzilishi mumkin. Shundan keyin go‘yoki biz samolyot sotib olmoqchiligimiz to‘g‘risidagi tushunarsiz maqolalar paydo bo‘ldi», – dedi Kun.uz suhbatdoshi.

Abdug‘afforov kompaniya aviatsiya texnikasi tanlashda shoshilmasligini ta'kidladi.

«Samolyot tanlash masalasida jarayon bormoqda. Biz uni tezlatmayapmiz. Biz boshqa masalalar bo‘yicha ham javob olishimiz kerak. Aynan qanday samolyot sotib olishimizni aytolmaymiz», dedi u. 

U shu bilan birga kompaniya yo‘l xaritasidan Kanadaning Bombardier samolyoti chiqarib tashlanganini ma'lum qildi. Kompaniya hozirda Embraer (Braziliya) va Sukhoi (RF) kompaniyalari texnikalariniko‘rib chiqmoqda.

«Qanot Sharq» O‘zbekistonda hududiy aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirmoqda.

 Kompaniya 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKdan Il-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha Il-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, Qanot Sharq’ning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top