10:26 / 06.09.2019
2
44843

Robert Mugabe vafot etdi

Zimbabvening sobiq prezidenti Robert Mugabe 6 sentabr kuni 96 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda BBC News xabar tarqatdi.

Keyinchalik diktatorga aylangan siyosatchi 1924 yilning 21 fevralida o‘sha vaqtda Rodeziya deb atalgan Zimbabve hududida tug‘ilgan.

1964 yilda uni Rodeziya hukumatini tanqid qilgani uchun 10 yildan ortiq muddatga qamashgan. 

Robert Mugabe 1980 yilda mamlakat bosh vaziriga aylanadi, 1987 yilda esa prezidentlikka saylanib, 30 yil davomida Zimbabveni boshqaradi.

U ilk yillarda sog‘liqni saqlash sohasi va ta'lim tizimida islohotlar amalga oshirishi bilan e'tibor qozongandi. 2000-yillar boshida esa Mugabe Zimbabveda yer islohoti o‘tkazadi, bu islohot doirasida oq tanli fermerlarning yerlari tortib olinadi. Aynan shu islohot mamlakatda iqtisodiy inqiroz boshlanishiga olib keladi.

2007 yilda mamlakatda giperinflatsiya boshlanadi, ba'zi oylarda inflatsiya darajasi o‘n millionlab foizni tashkil etadi. Ikki yil o‘tib hukumat Zimbabvening o‘z valutasini chiqarishni to‘xtatadi: uning o‘rniga xorij valutasi ishlatilishi joriy qilinadi.

Mugabe boshqaruvining so‘nggi yillari yuqori darajadagi korrupsiya va inson huquqlari buzilishi bilan xarakterlanadi.

U sayyoradagi eng uzoq vaqt davomida hokimiyat tepasida turgan va eng keksa davlat rahbarlaridan biri edi.

G‘arb mamlakatlari Mugabeni inson huquqlarini buzish va korrupsiyada ayblar, uning tuzumi diktatorlik deb baholanardi. Afrikada esa u ozodlik uchun kurashchi va mustaqil Zimbabve davlati asoschisi sifatida hurmat qilinardi.

Mugabe 2017 yilning noyabrida ommaviy norozilik namoyishlari ortidan ro‘y bergan harbiy davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatdan chetlatilib, uy qamoqxonasiga tashlangan, ko‘p o‘tmay o‘z ixtiyori bilan hokimiyatni topshirgan, uning o‘rnini ZANU-PF partiyasi yetakchisi, Mugabening o‘rinbosari Emmerson Mnangagva egallagandi.

So‘nggi marta 2018 yilda uning sog‘ligi yomonlashgani va yurish qobiliyatini yo‘qotgani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top