10:49 / 07.09.2019
0
6287

“Maxam-Chirchiq” korxonasi ikki sexi faoliyati to‘xtatildi, “Ammafos-maksam” jarimaga tortildi – Davlat ekologiya qo‘mitasi

So‘nggi oylarda Davlat ekologiya qo‘mitasiga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sanoat korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda.

Mazkur murojaatlarda, Toshkent viloyatining Chirchiq, Ohangaron shaharlaridagi “Maxam-Chirchiq”, “Ammafos-maksam” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati natijasida atmosferaga, ochiq suv havzalariga tashlanayotgan zararli moddalar atrof muhitga, fuqarolar salomatligiga xavf solayotganligi qayd etilgan.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi  tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJning perimetri bo‘ylab (16 km) atmosferadan 8 ta nuqtadan (oraliq 800 metr, korxona devoridan 15 metr masofada) namunalar olinib, tahlil qilinganda atmosfera havosi tarkibida ammiak miqdori ruxsat etilgan me'yordan – 1,1 – 2,8 marotaba, vodorod sulfid miqdori –

4,5 - 7,4 marotaba, uglerod oksidi – 1,2 marotaba yuqoriligi aniqlandi.

Yuqoridagi o‘rganishlar “Ammafos-maksam” AJda ham o‘tkazildi, olingan havo namunalari olinib tahlil qilinganda, havo tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me'yordan – 2,6 martaga, azot ikki oksidi 8 martaga ortganligi aniqlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Ammafos-maksam” AJ faoliyati yuzasidan tayyorlangan ma'lumotlar asosida “O‘zbekiston ekologik partiyasi” tomonidan iyul oyida jamoatchilik eshituvi tashkil etilib, mazkur korxona tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi.

Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalariga asosan yuqoridagi korxonalarda faoliyati joriy yil 5 avgustdan 26 avgust kuniga qadar davlat ekologik nazorati olib borildi.

Xususan, “Maxam-Chirchiq” AJda olib borilgan tekshirish davomida

29 ta asosiy va yordamchi sexlaridagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi

30 ta manbalaridan 62 ta namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi va ammiak moddalari bo‘yicha, shuningdek 9 ta ochiq suv havzalarini ifloslantiruvchi manbalaridan 9 ta namunalar olinib, suv tarkibidagi neft mahsulotlari, mis, temir, nitrat va nitrit ionlari hamda xlorid ingrediyentlarini aniqlash bo‘yicha jami 71 ta fizik-kimyoviy tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 2 ta ishlab chiqarish sexida atmosferani ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me'yoridan 1,2 – 8,0 marta yuqoriligi aniqlandi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ushbu sexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Shu bilan birga “Ammafos-maksam” AJning 4 ta asosiy ishlab chiqarish sexlaridagi atmosferani ifloslantiruvchi 15 ta manbalaridan namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi, ammiak moddalari va fosfor changini aniqlash bo‘yicha jami 36 ta tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 1 ta ishlab chiqarish sexida atmosferani ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me'yordan 1,15 - 1,22 marta yuqoriligi hamda ishlab chiqarish texnologik jarayonida quvurlar germetikligining buzilishi natijasida ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga tashlanayotganligi aniqlanib, mazkur sexdagi uskunalar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi va “Chiqindi to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzganlik uchun “Maxam-Chirchiq” AJ, “Ammafos-maksam” AJning 33 nafar mansabdor va mas'ul shaxslari ma'muriy javobgarlikka tortildi hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qo‘shimcha ravishda 414,4 mln. so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Shuningdek, “Ammafos-maksam” AJ hududida noqonuniy daraxtlar kesilganligi aniqlanib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 223 mln. so‘m zararni qoplash belgilandi.

Tekshirish yakunlari bilan mazkur korxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida 39 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qatiy nazoratga olindi, deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top