20:04 / 07.09.2019
22
35944

Yana shifokorga tajovuz qilindi: asakalik 55 yoshli feldsher kaltaklandi

6 sentabr kuni kechki soat 8lar atrofida Andijon viloyati Asaka tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli “Sharq haqiqati” shoxobchasiga og‘ir jarohat olgan bemor olib kelingan, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, shifokorlar bemorga zudlik bilan birinchi yordamni ko‘rsatgan. Tibbiy ko‘rik paytida bemorga o‘zgalar tomonidan tan jarohati yetkazilganiga ishonch hosil qilgan tibbiyot xodimlari xizmat vazifasidan kelib chiqqan holda, tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar bermoqchi bo‘lishganida bemorni olib kelgan S.N. tez tibbiy yordam feldsheri B.Gadoyevning burniga boshi bilan zarba bergan va kaltaklay boshlagan. Bundan tashqari, u shifokorni kaltaklash bilan qanoatlanmay hovlida turgan tez tibbiy yordam avtomashinasiga ham ziyon yetkazgan. 

Ushbu holat haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilganidan so‘ng ma'lum vaqt o‘tib ichki ishlar xodimlari voqea joyiga yetib kelgan.

Jarohat olgan feldsher esa tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. Bo‘limda unga “Burun suyagi yopiq sinishi. Chap tirsak, tizza bo‘g‘imining yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Pastki jag‘ chap sohasining yirtilishi va yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi vaqtda B. Gadoyev Asaka tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqda. 

Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.  

“Shu o‘rinda aytish joizki, oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, shifokorlarning sog‘ligiga ziyon yetkazish, tahqirlash holatlari tez-tez uchrab turgani barchamizni tashvishga solmoqda. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib beg‘araz ko‘mak beradi. Tibbiyot xodimlarining shirin so‘zi, dori-darmoni va mehrli qo‘li bilan qanchadan-qancha bemorlar og‘ir darddan xalos bo‘layotgani hammamizga kundek ravshan. Ana shunday fidoyi, o‘zgalar salomatligi uchun o‘z halovatidan kechib, mehnat qilayotgan oq xalat sohiblarini tahqirlash, nohaq kaltaklash aqlga sig‘adimi?”, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top