16:04 / 07.09.2019
4
15643

Yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirishni qanday soddalashtirish mumkin? - Ekspert taklifi

Foto: KUN.UZ

Bugun yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning asosiy talablaridan biri — haydovchilarga qulaylik yaratish, jarayonlarning shaffofligini ta'minlash, haydovchilar va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) xodimlarining o‘zaro munosabatlarida korrupsiyaga olib keladigan sabablar va sharoitlarni minimallashtirishdir.

Shu sababli yo‘l-transport hodisalari (YTH)ni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, sug‘urta to‘lovini olish uchun YTH natijasida ma'muriy huquqbuzarlik sodir etganlik to‘g‘risidagi DYHXX bayonnomasini rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi. Biroq, ushbu amaliyot, YTH orqali yetkazilgan zarar miqdoridan qat'iy nazar fuqarolarga noqulaylik tug‘dirmoqda va ortiqcha byurokratiyaga olib kelmoqda.

Gap haydovchilar va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari jiddiy tan jarohatlarini olmagan (ya'ni, jabrlangan tomonga faqat moddiy zarar yetkazilgan), uncha ahamiyatli bo‘lmagan YTHlar haqida ketyapti. Misol uchun, tirnalgan bamper, singan orqani ko‘rish yon oynasi va boshqalar. Mana shunday hodisalar uchun amaldagi YTHni rasmiylashtirish tartibini qayta ko‘rib chiqish zarur.

Statistikaga ko‘ra, DYHXX bo‘limlariga 2018 yilda 31.715 ta yo‘l transport hodisalariga oid hujjatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 2.636 tasini, ya'ni YTHlari umumiy sonining 8 foizini mulkka yetkazilgan moddiy zarar EKIH (bazaviy hisoblash)ning 5 barobaridan oshmaydigan bayonnomalar tashkil qiladi.

YTH ishtirokchilari yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun qanday bosqichlardan o‘tishlari kerak?

Birinchi navbatda, DYHXX xodimlari chaqiriladi, bu esa ortiqcha vaqtni talab etadi. Joyga etib kelgan DYHXX xodimlari YTH sxemasini tuzadilar, dastlabki tushuntirishlarni olib, bayonnoma tuzadilar.

Ikkinchi bosqichda YTHning barcha ishtirokchilari alkogol iste'mol qilganlik yoki boshqa mastlik alomatlarini aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Keyinchalik, avtohalokatning asosiy holatlari ko‘rsatilgan bayonnoma tuziladi, unga haydovchilar va guvohlar bergan tushuntirish xatlari ilova qilinadi. YTH ishtirokchilaridan haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yiladi.

So‘ngra hujjatlar to‘plami ma'muriy ish ko‘rib chiqiladigan tuman/shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining (YHXB) Surishturuv bo‘limiga yuboriladi. Agar haydovchi YTHda aybdor emas deb topilsa, etkazilgan zararni baholab va barcha zarur ekspertizalardan o‘tgandan so‘ng, haydovchilik guvohnomasi unga qaytariladi va avtomobilni ta'mirlashga ruxsatnoma sertifikati beriladi. Agar nizo kelib chiqsa, aybdorlik darajasi sud tomonidan hal qilinadi, bu erda ish yana bir necha haftaga cho‘ziladi.

Shunday qilib, mavjud tizim tahlili uning YTH ishtirokchilari uchun ham, DYHXX xodimlari uchun ham murakkab ekanligini ko‘rsatmoqda. Chunki YTHni rasmiylashtirishga ko‘p vaqt sarflanadi. Shu boisdan, YTHning oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlarining vaqti qisqaradi. Bunday holda, yo‘l transport hodisasining haqiqiy holatini aniqlash masalasi boshqacha tarzda hal qilinishi kerak, bu holat nizo yuzaga kelgan taqdirda, zarar uchun javobgarlik masalasini hal qilishga imkon beradi.

Chet el amaliyotiga ko‘ra, ushbu muammoning samarali echimi sifatida YTH haqida xabar berishning yagona evropa shakli – evroprotokol qo‘llanilib, bu avtohalokat holatini tavsiflovchi shakllar to‘plamidan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga, haydovchilar imzolar bilan o‘z roziliklarini ham tasdiqlaydilar.

Yevropa mamlakatlarida, evroprotokol orqali xabar berish tartibini joriy etish, YTH ishtirokchilariga zararni qoplash masalasini keraksiz material va ortiqcha vaqt hamda xarajatlarsiz hal qilishga imkon beradi. Bu o‘z navbatida, haydovchilarga kompensatsiya olish uchun sug‘urta tashkilotiga murojaat qilishda YTH faktini mustaqil ravishda qayd etish va avtohalokat joyini tezda tirbandliklarni yuzaga keltirmay bartaraf etish imkonini beradi.

Yevroprotokoldan faqat quyidagi hollarda foydalanish mumkin:

·        YTHda faqat ikkita transport vositasi qatnashgan bo‘lsa;

·        haydovchilar, yo‘lovchilar yoki piyodalarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar etkazilmaganda;

·        YTH ishtirokchilari transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish polisiga ega bo‘lsa;

·        YTH ishtirokchilari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lmasa.

Yevroprotokol tamoyillarini hisobga olgan holda mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirish tartibini yanada soddalashtirish amaldagi qonunchilikni takomillashtirishda qator afzalliklarni beradi. Xususan, ushbu mexanizmni joriy etish quyidagi ijobiy natijalarga olib keladi:

·        YTH ishtirokchilari (haydovchilar) sodir bo‘lgan avariyani YHXX xodimini chaqirmasdan o‘zaro kelishgan holda mustaqil ravishda rasmiylashtiradi;

·        YHXX xodimini kutish, bayonnomani rasmiylashtirish, avtotransportni jarima maydoniga olib borish va boshqa holatlar uchun vaqt sarflanmaydi;

·        YTH oqibatida yuzaga keladigan tirbandliklar bartaraf etiladi;

·        YTHlarni rasmiylashtirishda ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi;

·        majburiy sug‘urta puli to‘lanishi uchun yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan amalga oshiriladigan rasmiyatchilik va sud qarorini kutish talab etilmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda bir qator qonun hujjatlari, xususan, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi va «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga, shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

M.KABILOVA,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti yetakchi ilmiy xodimi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top