19:06 / 08.09.2019
1
9508

Maktablar «avtobiografiyasi»: Ta'lim tizimidagi yangi elektron resurslar haqida bilasizmi?

Farzandingiz maktabda necha bahoga o‘qiyotgani va davomatini masofadan turib bilib olishingiz mumkinligidan xabaringiz bormi? O‘qituvchilar endi har qanday qog‘ozbozlikdan qutulib, barcha hujjatlarni elektron formatda oson shaklda yuritishidan-chi?

Quyida xalq ta'limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi ma'lumotlariga tayangan holda maktablardagi yangi qulayliklarni taqdim etuvchi dasturlar haqida ma'lumot beramiz. Ulardan foydalanish orqali o‘quvchi ham, ota-ona ham, pedagog ham vaqt va sifatdan yuta oladi.                                                                           

OpenEmis ─ maktablar haqida ochiq portal

Respublika bo‘yicha mavjud 9819ta umumta'lim maktabining «avtobiografiyasi» OpenEmis portalida jamlangan. emis.uzedu.uz manziliga kirish orqali maktab haqida qiziqtirgan barcha axborotni topish mumkin.  Maktabning joylashuvi, binolarning ijtimoiy va texnik holati, o‘qituvchi va o‘quvchilar soni, muassasaning darsliklar bilan ta'minlanganlik darajasi, davomat ko‘rsatkichlari kabi ma'lumotlar to‘liq ko‘rsatilgan. Qisqacha aytganda, OpenEmis orqali maktabda ichimlik suvi bor-yo‘qligidan tortib, o‘qituvchilarning bilim darajasigacha bo‘lgan ma'lumotga ega bo‘lish mumkin.

Shahodatnomalar elektron shaklda ham beriladi

An'anaviy qog‘oz shahodatnoma bilan birga uning elektron varianti ham joriy etildi. Ya'ni shahodatnoma qog‘ozining orqa qismiga tushirilgan maxsus QR-kodni skaner qilish orqali maktab bitiruvchisi haqida umumiy yagona baza ─ attestat.uzedu.uz veb-manzilidan ma'lumot olish mumkin. Bunday shahodatnoma elektron imzo yordamida tasdiqlanadi. Maktabni bitirganlik to‘g‘risidagi shahodatnomani elektron variantda ham rasmiylashtirish bitiruvchilar haqida ma'lumotlarni idoralararo tarmoq orqali almashish imkoniyatini beradi. Onlayn hujjatlar almashinuvini ham osonlashtiradi. Hujjat xalqaro talablarga javob beradi. Xalqaro universitetlarga hujjat topshirishda qulaylik bo‘lishi uchun shahodatnomadagi ma'lumotlar uch ─ o‘zbek, rus, ingliz tillarida kiritiladi.

O‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha bilimlari milliy dastur asosida aniqlanadi

«Umumta'lim muassasalari o‘quvchilarining ingliz tilidagi bilim darajasini aniqlash bo‘yicha barqaror kompyuterlashtirilgan baholash tizimini joriy etish» loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini yangi mezonlar asosida baholashni ko‘zda tutadi. Bunda kompyuterdagi mantiqiy testlar yordamida o‘quvchining ingliz tilida fikrlay olish mahorati baholanadi, shuningdek, ingliz tilida erkin suhbat qura olish va o‘z fikrini yozma ifodalash ko‘nikmalari ham alohida yondashuv asosida tekshiriladi. O‘quvchilarning ko‘rsatkichlari https://neat.uzedu.uz tizimiga kiritib boriladi. Amerikalik mutaxassislar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bu tizim respublikaning turli hududlarida o‘quvchilarning ingliz tilini o‘zlashtirish darajasini qiyosiy tahlil qilish imkonini ham beradi.

Maktab qachon ta'mirlanishini muammosiz bilib olish mumkin

Hududlardagi maktablarning qurilishi, rekonstruksiya va ta'mirlash masalalari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati kabi ota-onalarni qiziqtiradigan masalalarga javob beruvchi stat.uzedu.uz axborot tizimi ishga tushirildi. Bu maktabning texnik holati haqida muntazam ma'lumot berilishini ta'minlaydi va turli noqulayliklar bo‘yicha ota-onalarda e'tirozlar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Darsliklarning barchasi elektron shaklda

www.eduportal.uz axborot-ta'lim portalida respublika bo‘yicha umumta'lim maktablarida barcha sinf o‘quvchilari foydalanayotgan darsliklar va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan metodik qo‘llanmalarning hammasi elektron shaklda joylashtirilgan. Darslik va qo‘llanmalarni to‘liq matnda 7ta tilda topish mumkin.

Kundalik.uz: qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi

Kundalik.uz o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar va maktab ma'muriyati uchun axborot almashish platformasi vazifasini ajratadi. Unda ular o‘zaro axborot almashishlari, turli guruhlarda muayyan mavzu bo‘yicha muloqot qilishlari, foto va video materiallar bazasidan foydalanishlari mumkin. Har bir foydalanuvchi o‘z profilini yaratish orqali portaldan foydalanadi.

Unda o‘qituvchilar jurnal, dars jadvali va o‘quv rejasidan elektron tarzda foydalanishlari, virtual konferensiyani amalga oshirishlari hamda e'lonlarni berib borishlari mumkin. Pedagoglar o‘z o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan operativ muloqotni yo‘lga qo‘ya olishadi, boshqa hududdagi o‘qituvchilar bilan tajriba va materiallar almashishlari qulaylashadi. O‘quvchilar o‘z vazifalari, dars jadvali, baholari haqida doimiy ravishda ma'lumot olib borishlari mumkin bo‘ladi, kundaliklar elektron shaklda yuritiladi. Onlayn test va masofaviy o‘qitish imkoniyati ham mavjud. Ota-onalar esa farzandining davomat va o‘zlashtirishidan doimiy ravishda boxabar bo‘ladi. Maktab rahbariyati bilan masofaviy tarzda muloqot qila oladi. Xalq ta'limi tizimidagi boshqaruv organlari esa mazkur portal orqali ta'lim jarayonini monitoring qilishi, hisobot va hujjatlarni yagona bazadan qiyinchiliksiz qabul qilishi va statistik tadqiqotlarni olib borishi mumkin.

Vakansiyalar haqida yagona baza

Xalq ta'limi tizimida faoliyat olib borishni xohlagan tegishli mutaxassislikka ega kadrlar ish.uzedu.uz tizimi orqali bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumot olishlari mumkin. O‘z hujjatlarini ham onlayn tarzda taqdim eta olishadi. Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlarning jamoatchilikka ochiq e'lon qilinishi nomzodlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, ish beruvchilarga eng munosib mutaxassisni tanlash imkonini beradi.

Muammolar bo‘yicha operativ murojaat va yechim

Xalq ta'limi tizimidagi muammmolar, e'tirozlar, takliflar va murojaatlarni qabul qilib, o‘rganuvchi «Ustoz ovozi» interaktiv xizmati ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolar ular orqali umumta'lim tizimi haqidagi fikr va murojaatlarini qoldirishlari mumkin. Shuningdek, telegramda USTOZOVOZI boti ham murojaatlarni operativ o‘rganishga xizmat qiladi. 

O‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari baholanadi

Umumta'lim maktablar o‘quvchilarining barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish darajasini ko‘rsatuvchi va qiyosiy tahlil qilish imkonini beruvchi Intellekt.uzedu.uz portali yaratildi. Unda o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha yutuqlari va kamchiliklarini tahlil qilish va qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq ishlash kerakligini aniqlab olish mumkin bo‘ladi.

Mazkur loyihalarning barchasi O‘zbekistonda fundamental ta'lim tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, maktablarni shunchaki qo‘lida shahodatnoma tutgan shaxslarni chiqaruvchi konveyer emas, balki haqiqiy bilimli kadrlarni tayyorlovchi maskanga aylantirishni nazarda tutadi. Bu loyihalarning ishlashi esa hududlardagi internet ta'minoti bilan bog‘liq. Buning uchun 2019 yilda 3772ta, 2020 yilda 6120ta, 2021 yilda 488ta maktabni yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash rejalashtirilgan. Shuningdek, yuqoridagi loyiha va dasturlarni amaliyotga joriy qilish orqali 2030 yilda O‘zbekitonni xalqaro PISA (The Programm for International Student Assessment) ─ xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning eng ilg‘or 30 davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top