11:40 / 08.09.2019
10
69556

Samarqandda ulkan mardikor bozori barpo etish istagi ortida qanday niyatlar yashirin?

Tahririyatga Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy ko‘chasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar hamda shu ko‘chada yashovchi fuqarolardan savdo do‘konlari va xonadonlari majburiy buzilishga tushgani haqida murojaat kelib tushdi.

Qator viloyatlarda «snos» - so‘nggi oylarda yuz bergan majburiy buzilishlar bilan bog‘liq voqealardan so‘ng ham bunday holat takrorlanishi, noqonuniy tarzda birovning mulkini buzishga urinish bo‘lishiga ishonish qiyin, albatta. Shu sababdan, masalaga oydinlik kiritish uchun ana shu ko‘chada joylashgan bir qator xonadon va do‘konlar egalari bilan suhbatlashdik.

Darhaqiqat, allaqachon Sadriddin Ayniy ko‘chasida joylashgan bir necha do‘konlarni buzish ishlari boshlab yuborilgan ekan. Qolganlariga ham buzish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Shuningdek, mazkur ko‘chadagi 2-«B» manzilda joylashgan Firdavs Qodirovga tegishli uy-joyni buzish to‘g‘risida ham shahar hokimligi tomonidan allaqachon fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da'vo arizasi kiritilgan.

Shu ko‘chadagi 5-uyda joylashgan «Nur» xususiy korxonasi ta'sischisining ma'lumotiga ko‘ra, korxona 1990 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. 11 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan. Shu va yana bir qator binolar buzilishga tushganidan ularning egalari norozi. Xullas, 2ta uy-joy, 6ta noturar joy buzilishi ma'lum.

Xo‘sh, buzilishlar uchun nima asos qilingan?

Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari mazkur xonadonlar va savdo do‘konlari buzilishiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning tasdiqlagan bayonni asos qilib ko‘rsatishmoqda. Ya'ni, hukumat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga asosan mazkur hududdagi bino va uylar buzilib o‘rniga mehnat bozori barpo etilishini ta'kidlashmoqda.

Buzilishga tushgan binolar egalari esa «Bosh vazir bizning binolarni emas, shu ko‘chada joylashgan «O‘zagrokimyohimoya» hududiy AJga tegishli binolarni buzishga ko‘rsatma bergan, shahar hokimligi esa bosh vazir bahonasida bizning mulklarni buzmoqchi», deyishmoqda.

Boshqa tomondan, aynan bosh vazirning o‘zi keyingi oylarda buzilish ishlarini keskin qoralab chiqqani ham bor gap. Jumladan, joriy yil 31 iyulda o‘tgan videoselektorda mazkur muammo yuzasidan Abdulla Aripov shunday fikrlarni bildirgandi:

«O‘zbek tilida yangi so‘z paydo bo‘ldi – «snos». Prezidentimiz mazkur masala yuzasidan juda katta e'tiroz bildirdi, bu bo‘yicha yangi qaror loyihasini tayyorlayapmiz. Asossiz buzilishlar taqiqlandi. Bundan keyin buzish bo‘yicha uning qanchalik zarurati, ehtiyoji, qurilish normalari, arxitektura normalari va hokazolar bo‘yicha mening birinchi o‘rinbosarim Ochilboy Ramatov boshchiligidagi ishchi guruh ko‘rib chiqadi. Iqtisodiy jihatdan to‘g‘riligi bo‘yicha Moliya vaziri, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh ko‘rib chiqadi. Undan keyin bosh vazirga kiritilib, qabul qilingan qaror bo‘yicha amalga oshirilishi mumkinligini e'lon qildik».

Xullas, aholi Bosh vazirning uy va do‘konlarni buzish haqdagi buyrug‘i borligiga ishonmayapti. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan? Rostdan topshiriq bo‘lganmi yoki yo‘q?

Mana bu hujjat — joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov rahbarligida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishlar bayoni:

Yig‘ilish bayoni 10-bandiga e'tibor bering, unda shunday yozilgan:

«Samarqand viloyati hokimligi (Turdimov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Haydarov) va «Agrokimyohimoya» AJ (Isayev)ning Samarqand shahri Sadriddin Ayniy ko‘chasi, 2-uy manzilda joylashgan Samarqand viloyati «Agrokimyohimoya» hududiy aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarni yer maydoni bilan birga Samarqand shahar hokimligi balansiga o‘tkazish va mazkur hududda mehnat bozori barpo etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha taklifi ma'qullansin».

Ko‘rib turganingizdek, yig‘ilish bayonnomasida faqat «Agrokimyohimoya» AJga tegishli bino va inshootlar ShAHAR HOKIMLIGI BALANSIGA O‘TKAZILIShI va uning O‘RNIDA MeHNAT BOZORI BARPO ETISh TAKLIFIGA ROZILIK berilmoqda. Bosh vazir tasdiqlagan hujjatda hech qanday yondosh uy-joylar, tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli binoni buzish, majburiy chiqarish, davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va ularga kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilmagan. Shahar hokimligi esa Bosh vazir nomidan foydalanib, tadbirkorlarning yurib turgan ishini parokanda qilmoqda va noo‘rin xarajat (kompensatsiya) sabab mahalliy budjetga ham zarar keltirmoqda.

Mana shu hujjat bilan yaxshigina tanish fuqarolar tabiiyki, voqealar boshqacha tus olishiga rozi emas.

Bosh vazir ko‘rgan reja qachon o‘zgarib qoldi?

Quyidagi surat Samarqand viloyati hokimining telegram tarmog‘idagi rasmiy kanalida e'lon qilingan postdan olingan. Unda aynan Bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni tilga olinadi (Sadriddin Ayniy ko‘chasida joylashgan «Agrokimyohimoya»ga tegishli bino va inshootlar qizil to‘g‘ri to‘rtburchak bilan ajratib ko‘rsatilgan).

Bosh vazirga ko‘rsatilib, tasdiqlangani katta shubha ostiga olinayotgan quyidagi bosh rejada esa, Sadriddin Ayniy ko‘chasi yuzasidagi fuqarolarga tegishli turar va noturar joylar o‘rniga ham yangi inshootlar qurilishi nazarda tutilmoqda.

Agar bu uylar ham buzilishi bosh vazir ishtirokida muhokama qilinganida, nega bayonnomaga buzilishi aytilayotgan boshqa uylar emas, aynan 2-uy kiritilgan? 

Yuqorida ham ta'kidlab o‘tildi, Samarqand shahar hokimligi buzilishi nazarda tutilgan uy-joylar uchun fuqarolarga albatta pul taklif qilmoqda. Aytaylik, birgina yuqorida tilgan olingan ko‘chadagi 2-«B» uy uchun F.Qodirovga 600 million so‘m taklif qilinmoqda. Boshqalarga ham albatta belgilangan tartibda shahar hokimligi tomonidan mablag‘ berilishi ma'lum qilinmoqda.

Xo‘p, yaxshi. Ammo shahar budjeti tomonidan shuncha mablag‘ sarflab binolarni sotib olish nega kerak bo‘lyapti? Axir, shaxsan bosh vazir hududi salkam 2 gektar keladigan maydonni ajratishni ma'qullab turgan bo‘lsa? Nima sababdan bu bayonnomaga kiritilmagan qo‘shni binolar ham katta mablag‘ evaziga buzilishi, bundan tashqari tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati to‘xtab qolishi kerak? Nahotki, samarqandliklarning mehnat bozori (xalq tilida — mardikor bozor) uchun buncha maydon kamlik qilmoqda?

Agar gap shu ko‘chadagi ayrim do‘konlarning ko‘rimsizligi haqida ketayotgan bo‘lsa, katta mablag‘ evaziga uni sotib olish hamda tadbirkorning ishini to‘xtatib qo‘yish o‘rniga, do‘kon egasiga binoni shaharsozlik me'yorlariga moslab, talab qilinayotgan ko‘rinishda ta'mirlashni tavsiya etishning o‘zi kifoya emasmi?

Samarqanddagi qo‘nimsiz «mardikor bozorlar»

Murojaat egalari esa ularga tegishli joylar ishsiz insonlarga sharoit yaratish uchun sotib olinayotganiga ham shubha bilan qarashmoqda.

Chunki bir paytlar Samarqand shahridagi mardikor bozori Registon yaqinidagi O‘zbekiston tarixi muzeyi orqasida bo‘lgan. Keyinchalik Panjakent ko‘chasi bo‘ylab siljiy boshlaydi va avvaliga Karvonsaroy hududiga o‘tkaziladi. Undan keyin yana uylar buzilib, mehnat bozori uchun yangi joy barpo etiladi. Ammo bugungi kunga kelib, u yerda xususiy mehmonxona qad rostlab turibdi. «Mardikorlar» uchun esa Panjakent ko‘chasidan joy ajratilgan. Hozir u yerda supermarket ishlab turibdi. Oradan ma'lum muddat o‘tib mehnat bozori uchun Panjikent ko‘chasidan ajratilgan yana bir hududda hozir avtosalon joylashgan.

Umuman, necha marta mehnat bozori uchun joy ajratilgan bo‘lsa har doim keyinchalik bu yer kimgadir «berilgan». Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi fuqarolar boshiga tushgan vaziyat o‘sha yaqin o‘tmishni yodga solmoqda. Eng qizig‘i, yillar davomida mehnat bozori uchun necha marta joy ajratilgan bo‘lishiga qaramay, ayni vaqtda ishsiz fuqarolar u yerdan foydalanishmaydi, shundoqqina katta ko‘cha yoqasida turib ish kutishadi.

Samarqandga ibtidoiy «mardikor bozori» nega kerak?

Samarqand shahar hokimligining mehnat bozori bo‘yicha loyihasi tasdiqlanishi bir qaraganda, albatta, insonparvarlikdek ko‘rinadi. Ammo buning uchun shahar hududining katta qismini ajratish (agar rostdan ham atrofdagi uy-joylar hokimlik ixtiyoriga olingach, mehnat bozoriga aylantirilsa...) qay darajada maqsadga muvofiq?

Asosiy savol shuki, butun dunyoda mehnat bozori vazifasini bajaruvchi korxonalar innovatsion texnologiyalar asosida yuritilib, asosan onlayn tarzda faoliyat yuritayotgan bir paytda, nega biz Samarqanddek shaharda gektar-gektar maydonda «mardikor bozor» qurishimiz kerak?

Rivojlangan mamlakatlarda odatda frilanserlik firmasi deb nomlanuvchi bunday korxonalar atigi bir nechta ixcham xonada faoliyat olib borib asosan bo‘sh ish o‘rinlari haqdagi xabarlar onlayn tarzda kelib turadi. Qator bunday firmalar ham ish o‘rinlari haqda ishsizlarga tinimsiz ma'lumot yetkazib turib, ham daromad ko‘radi, ham davlatga soliq to‘laydi.

Bugungi kunda barchada — mardikorlarda ham uyali telefon bor. Aytaylik, bitta xonada turib har qanday ish beruvchining taklifini telegramda ochilgan guruhga joylashtirib borish yoki SMS orqali ma'lumot almashish mumkin-ku?! Oddiygina mehnat bozori uchun odamlarni chirqiratib, ularning ixtiyoriga qarshi borib, mahalliy budjetdan milliardlab kompensatsiya to‘lash o‘zini oqlarmikin?..

Keyinroq, bu hudud ham mardikorlar tomonidan foydalanilmasdan biror to‘yxonami yoki restoranga aylanib ketmaydi, deb kim kafolat beradi? Yangi mardikor bozori qurish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan o‘sha pullar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun, yoinki ish bilan ta'minlashning innovatsion uslublarini joriy etish uchun sarflansa davlat fuqarolarga yanada ko‘proq naf keltirmaydimi?

P.S. Bu maqola tarixda qoladi. Ko‘ramiz, «Samarqandcha innovatsion mardikor bozor» qancha vaqt faoliyat ko‘rsatar ekan?…

Shuhrat Shokirjonov, Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top