11:24 / 09.09.2019
0
8576

O‘zbekiston tibbiyotida oftalmologiyaning yana bir yangiligi joriy etildi

Ko‘z olmasi va to‘r pardada ro‘y beradigan kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlab samarali davolash jahon tibbiyotining dolzarb muammosidir. Keyingi yillarda ilm-fan va innovatsiyalarning jadal rivojlanishi bu yo‘nalishda yangi istiqbollarni ochmoqda. Xususan, sohaga lazer jarrohlik texnologiyalari tatbiq etilgani va soha uzluksiz takomillashayotgani oftalmologiya yo‘nalishida diagnostika va davolash ishlarini yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Kuni kecha ushbu yo‘nalishda yana bir yangilik O‘zbekiston tibbiyoti amaliyotiga joriy etildi. Ya'ni, Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasiga Fransiyaning nufuzli QUANTEL MEDICAL kompaniyasining VITRA PDT rusumidagi lazer jarrohlik uskunasi olib kelindi.

Ko‘z inson sezgi a'zolari ichida eng muhim a'zolardan biri, hayot go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishda eng bebaho vositadir, Shu bois butun dunyoda ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq xastaliklar tibbiyotning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Prezidentning 2017 yil 20 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017— 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tibbiyotning turli yo‘nalishlari kabi oftalmologiya sohasida ham xalqaro aloqalarga keng yo‘l ochilgan, jahon tibbiyotining bu boradagi yutuqlarini chuqur o‘zlashtirish va tibbiyotimiz amaliyotiga tatbiq etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi jamoasi bu yo‘nalishda dunyoning qator tibbiy-ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasining «Ko‘z mikroxirurgiyasi» milliy tibbiyot tadqiqot markazi Sankt-Peterburg filiali bilan oftalmologiyada lazer jarrohligining zamonaviy yutuqlarini joriy etish yuzasidan ilmiy-amaliy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik loyihasi doirasida rossiyalik bir guruh malakali shifokorlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, oftalmologiyada yangi lazer texnologiyalari vositasida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali operatsiyalar va mahorat darslari tashkil etdi.

 — Aytish kerakki, oftalmologiyada lazer texnologiyalarini qo‘llash bir qator ko‘z kasalliklarini davolashda katta yutuqlarga zamin yaratmoqda. — deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Jumladan, mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, ilm-fanning bunday yutuqlari tufayli ko‘z to‘r pardasi distrofiyasini yigirma martagacha kamaytirishga erishilmoqda. Jahon tibbiyotining bunday yangiliklari yurtimiz tibbiyotiga tatbiq etilishi aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.

«Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida ham Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasiga oftalmologiyada qo‘llaniladigan yana bir yangi apparat keltirilgan edi. Ushbu zamonaviy texnologiya vositasida xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda diabet kasalligining ko‘z bilan bog‘liq asoratlari, jumladan, diabetik retinopatiya va to‘r parda kasalliklari bilan kasallangan bemorlar uchun imtiyozli narxlarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top