13:57 / 09.09.2019
0
8977

Qurilish obektlari qiymatiga o‘zgartirishlar kiritish tartibi tasdiqlandi

Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obektlarining hisoblangan qiymatini ko‘rib chiqish va o‘zgartirishlar kiritish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Hujjat Prezidentning 2018 yil 14 noyabrdagi PF-5577-son Farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan va loyiha-smeta hujjatlariga (LSH) o‘zgartirishlar kiritilganda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash obektlari qiymatini aniqlashtirish va moliyalashtirish bo‘yicha xulosalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish mexanizmini belgilaydi.
 
Nizom har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi (2020 yildan – 3 yil uchun qabul qilinadi) doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish  obektlariga nisbatan tatbiq etiladi.
 
Uning natijasida quyidagilarning narxi oshib ketadigan LSHlariga o‘zgartirishlar kiritish (asosli ravishda loyiha yechimlarini yaxshilash, shuningdek, ishlab chiqilgan loyihada ilgari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida) masalalari ko‘rib chiqiladi:

• tenderlar yoki tanlovlar natijalari bo‘yicha aniqlangan shartnoma qiymati (yildan yilga o‘tuvchi obektlarning qoldiq qiymatini qayta hisoblab chiqish holatlaridan tashqari, davlat ekspertiza organlarining tegishli xulosasi asosida obektning fizik ish hajmlari, boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini aniqlashtirish, foydalaniladigan resurslarni o‘zgartirish hamda loyihani tuzatish);

• bosh pudratchi tashkilotning Prezident yoki Hukumatning qarorlariga ko‘ra belgilangan obektlar bo‘yicha smeta qiymati (yildan yilga o‘tuvchi obektning qoldiq qiymatini qayta hisoblab chiqish, shuningdek, obektning fizik ish hajmlarini, boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini aniqlashtirish hamda loyihani tuzatish, foydalaniladigan resurslarni va ularning narxlarini o‘zgartirish).
 
Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomili
 
Obekt qiymatining oshishi asoslanganligini ko‘rib chiqish uchun vazirliklar va idoralar, viloyatlar hokimliklari, davlat korxonalari (tashabbuskorlar) bir vaqtning o‘zida:

• qurilish, moliya hamda iqtisodiyot va sanoat vazirliklariga;
• chet el kreditlari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlar bo‘yicha - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga murojaat etadi.
 
Quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• tashabbuskorlar rahbarlarining loyihaga o‘zgartirishlar kiritishning aniq sabablari ko‘rsatilgan holda tegishli bayonnomasining asl nusxasi;
• ilgari tasdiqlangan loyihada nazarda tutilgan va qayta ko‘rib chiqishga tavsiya qilinayotgan asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar (loyiha-smeta ko‘rsatkichlari);
• ilgari tasdiqlangan loyiha bo‘yicha axborot: loyihalashtirish topshirig‘i, yig‘ma resurs smetasi, ekspert xulosalari;
• tasdiqlangan shaklga muvofiq tuzilgan va o‘zgartirilgan loyihaning asosiy ko‘rsatkichlari;
• aniqlashtirilgan yig‘ma resurs smetasi va yig‘ma ma'lumot;
• obektni qurish qiymatining yig‘ma resurs smetasi boblarining xarajatlar turlari bo‘yicha taqsimlangan qiyosiy ro‘yxati;
• qurilish narxining oshib ketishiga sabab bo‘lgan chizmalar va hisob-kitoblar;
• loyihani qayta ko‘rib chiqish mobaynida vujudga kelgan, loyihani yoki uning alohida qismlarini qo‘shimcha kelishish to‘g‘risidagi zarur hujjatlar;
• tashabbuskorlarning tender yoki tanlov komissiyasining kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha bayonnomasi.
 
Materiallar mas'ul vazirliklar tomonidan xulosalar (ijobiy yoki salbiy) berilgan holda 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qurilish vazirligi ularni jamlaydi va masala ijobiy hal qilinganda 6 ish kuni ichida Adliya vazirligi bilan kelishilgan qaror loyihasini tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
 
Asossiz ravishda debitorlik va kreditorlik qarzdorliklarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kiritilayotgan qo‘shimcha o‘zgartirishlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori tasdiqlangunga va obektni foydalanishga topshirish muddati uzaytirilgunga qadar qurilish-montaj ishlarini bajarish to‘xtatib turiladi.
 
Hujjat 6.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top