12:22 / 09.09.2019
3
36042

«Xolislik va beg‘arazlikning yuqori standartlariga rioya qilish muhim»: AQSh Allamjonovning «Ozodlik» bo‘yicha bayonotiga izoh berdi 

Foto: DPA

Amerika Qo‘shma Shtatlarining global media Agentligi (USAGM) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Komil Allamjonovning «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati – «Ozodlik» radiosi tomonidan jurnalistik etika qoidalarini buzganliklari to‘g‘risidagi bayonotiga izoh berdi.

USAGM – Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining mustaqil agentligi bo‘lib, uning tarkibiga «Amerika ovozi», «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi (RFE/RL) va boshqa radioeshittirish tuzilmalari kiradi.

Amerika agentligining bosh ijrochi direktori Jon Lensingning ta'kidlashicha, USAGM jurnalistik etika qoidalari buzilishiga oid barcha bayonotlarga jiddiy yondashadi hamda «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosining biror xizmati yoki jurnalistining noto‘g‘ri talqinlariga yo‘l qo‘ymaydi va oqlamaydi. Agentlik rahbari «xolislik va beg‘arazlikning eng yuqori standartlariga rioya qilish muhimligini» ta'kidladi, chunki ular, Jon Lensingning qayd qilishicha, AQSh global media agentligi ham amal qiladigan «asosiy tamoyillardir».

«RFE/RL»ning qayta tayinlangan prezidenti va bosh ijrochi direktori Jyeymi Flay «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati faoliyati bilan bog‘liq tashvishlar yetkazilgani uchun minnatdorchilik bildirdi va keltirilgan faktlarni batafsil o‘rganishini ta'kidladi.  

Avvalroq, AOKA direktori «Ozod Yevropa/Radio Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmatining ish uslubiga nisbatan o‘z xavotirini bildirgan va ushbu radioeshittirishlar tashkilotining O‘zbekiston bilan bog‘liq faoliyatida noxolislik va noprofessionallik mavjudligini qayd etgan edi. Shuningdek, Agentlik direktori «Ozodlik» radiosi tomonidan aldamchilik bilan axborot yig‘ish, audioyozuvlarni soxtalashtirish va «soxta akkaunt»lardan asossiz ma'lumotlarni tarqatish uchun foydalanish holatlarini aytib o‘tgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top