12:03 / 09.09.2019
0
5770

Xorijiy investorlarga tijorat banklardan 5 foizgacha miqdorda aksiyalarni sotib olishga ruxsat berildi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 25-bandi (Ushbu Nizomning 26-bandida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan rezident banklarning aksiyalarini sotib olish bo‘yicha operatsiyalar Markaziy bankning oldindan ruxsatini olgandan keyingina amalga oshiriladi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Rezident banklarning aksiyalarini, ushbu Nizomning 26-bandida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan aksiyalar umumiy sonining besh foiziga teng yoki undan oshiq miqdorida sotib olish bo‘yicha bitimlar Markaziy bankning oldindan ruxsatini olgandan keyingina amalga oshiriladi.

Ushbu Nizomning 26-bandida ko‘rsatilgan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan bank aksiyalari umumiy sonining besh foizidan kamrog‘ini sotib olish to‘g‘risidagi bitim amalga oshirilgandan keyin bir kun ichida Markaziy bankka ushbu Nizomning 16-ilovasiga muvofiq shaklda ushbu bitim amalga oshirilgani to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboradilar.».

Shu tariqa, kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, xorijiy investorlarga Markaziy Bankning roziligisiz, tijorat banklardan 5 foizgacha miqdorda aksiyalarni sotib olishga  ruxsat berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top