18:56 / 10.09.2019
1
23743

«Hammayoqni rasvo qilib ketishdi. Ta'mirlash kimning manfaati uchun edi?» - Buloqboshidagi «Sirli shirkat» haqida

Murojaatlar ortidan navbatdagi safarimiz Andijon viloyati Buloqboshi tuman markazi, Mirzakalon Ismoiliy MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar tomon bo‘ldi.

Kun.uz pochtasiga kelgan arznomada fuqarolar mavjud muammo haqida juda ko‘p joyga chiqishgani, lekin tuman mutasaddilari hech qanday chora ko‘rmayotgani aytilgan.  Mirzakalon Ismoiliy MFY hududidagi yonma-yon joylashgan uchta ko‘p qavatli uylar - 14, 15 va 16-uylarga borib, holat haqiqatda achinarli ekaniga guvoh bo‘ldik. 48 xonadonga ega uchala uy «P» shaklida bo‘lib, o‘rtadagi keng hovlida bir vaqtlar bolalar maydonchasi, mashinalar uchun garajlar, umumiy hojatxona va dam olish joylari bo‘lgan.

Tuman hokimligi «qirq yillar oldin bunyod etilgan uylarning oldidagi hovli va uylar ta'mirtalab holga keldi. Obodonlashtiramiz», degan va «Obod qishloq» loyihasi asosida zamonaviy holatga keltirish rejasini tuzgan.

Barcha g‘alva shundan boshlangan.

«Ta'mirlash»ning boshlanishi va yuzaga kelgan muammolar

«Ezgu ishlar»dan maqsad uylarga kirishdagi arkani va garajlarni buzib, hovlida obodonlashtirish ishlarini olib borish, daraxtlarni kesish hamda kredit asosida uylar tomi, yo‘laklar va oldi fasadni ta'mirlashdan iborat edi.

Oradan bir yil o‘tib, barcha ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.

«Bizga, 2018 yil mart oyi boshida hokimiyat va bank xodimlari kelib uylarimiz «Obod qishloq» dasturiga kiritilganini aytishdi. Shu bilan birga, aholi vakillari shirkat tanlash huquqiga ega emasligi, tender o‘tkazish shunchaki rasmiyatchilik bo‘lishi, shirkatlar majburiy holatda hokimiyat tomonidan tasdiqlanishi ta'kidlandi. Aholining xohish va e'tirozi umuman inobatga olinmadi.

Biz bu yangilikdan boxabar bo‘lganimizda, shirkatlar ham, ta'mirlash uchun ketadigan mablag‘, hattoki, uylarning dizayni ham hokimiyatning maxsus shirkati tomonidan allaqachon belgilab bo‘lingan ekan. Uylar oldidagi boshqa muammolar hal etilishini talab etganimizda, bularning hammasi, ta'mirlashdan tashqari, hokimiyat tomonidan bepul amalga oshirilishini bot-bot ta'kidlashdi. Chunki, bizning uylar kanalizatsiyasi ishlamasligi, ichimlik suvi, chiqindilar uchun maxsus moslamalar yo‘qligi aholini qiynab kelmoqda edi», deydi Murodjon ota Teshaboyev.

Mazkur muammoni o‘rgangan aholi vakillari arizada holatni quyidagicha keltirishgan:

«Qonunda belgilanishicha, agar ta'mirlash ishlari uchun ketadigan mablag‘ miqdori 50 million so‘mdan oshsa, tender e'lon qilinadi. Afsuski, tender u yoqda tursin, bizning ko‘p qavatli uylarni ta'mirlashni «o‘z zimmasiga olgan», hech kim tanimaydigan «hokimiyat qaramog‘i»dagi «sirli shirkatchilar» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 maydagi 100-sonli qarorining 1-ilovasidagi talablarni qo‘pol ravishda buzib, ta'mirlash ishlarini 2 kun o‘tiboq, 2018 yil mart oyi boshlarida boshlab yuborishdi. Bir haftada suvoq ishlari tugatildi hamda hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari (sobiq) Elmurod Mirzaxonov va hamma uchun sirli bo‘lgan «fantomas shirkat» xodimlari-yu, bank xodimlari tomonidan aholi roziligini olish uchun tasdiqlash ishlari kechki soat 19:00-20:00dan so‘ng xonadonlar bilan yakkama-yakka olib borildi. Ajablanarlisi, taqdim etilayotgan hujjatlarda na mablag‘, na muddat, na shirkat nomi va raisi qayd etilgan, shunchaki quruq shartnoma qog‘ozi va ogohlantirish xati ko‘rsatilardi. Aholiga bu faqatgina rozilik xati va bu hech narsani hal qilmasligini tushuntirishdi. Bosh tortganlarga esa ishxonasiga, hattoki bemor bo‘lsa kasalxonaga borib yoki hokimiyatga chaqirtirib imzo chektirishdi. Kerakli hujjatlarni talab qilganlarga «Aholi bilan shartnoma shart emasligi, boshqa hujjatlar ta'mir ishlari tugagandan so‘ng taqdim etilishi»ni aytishdi. 14-uy yashovchilaridan esa o‘zlari tushunmagan va majburiy holda «Xalq banki» o‘rtasidagi kafillik shartnomasi notarial idora tomonidan ham tasdiqlatib olindi».

Vaholanki, bankdan qarzga olingan mablag‘ oz emas, ko‘p emas har bir uy (14-15-16-uylar) uchun smetada 202 million so‘mdan bo‘lib, jami 606 million so‘m ta'mirlash ishlari uchun ajratilgan. Nahotki, shuncha mablag‘ uchun aholi tender o‘tkazishga haqli bo‘lmasa? Aholining xohishi e'tiborga olinmasa? Ularning ijtimoiy ahvoli hech kimni qiziqtirmasa? Vaholanki, ular orasida nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlanganlar, ishsizlar, mavsumiy ishchilar va nafaqaxo‘rlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Oradan bir yil o‘tib ta'mirlash ishlari chala holida to‘xtatilgan. Birinchi yomg‘irdayoq, yangi tomdan chakka o‘tib, pod'yezd va uylar suvga to‘ldi. Shamolda esa tomning old qismlari uchib ketdi. Suvoq bir oydayoq to‘kilib tusha boshladi. Sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgan. Eshiklar ikki xil rangda va juda yupqa materialdan yasalgan. Uylarga kirish qismida bo‘lgan katta temir darvozalar chiqarib tashlangan. O‘rniga yangilari o‘rnatilmagan. Har tomon ochiq.

Tuman hokimligiga, virtual qabulxonaga murojaatlar mazmun-mohiyati jiddiy e'tiborga olinmasdan, ularga go‘yoki muammoning bartaraf etilayotganini ko‘rsatish uchun faqatgina tashqi obodonlashtirish, ya'ni biroz tozalov ishlari bilan ko‘mak ko‘rsatilgandek bo‘ldi. Asl maqsadimiz ushbu uylarda olib borilgan ta'mirlash ishlaridan qoniqmaslik hamda ularning asossiz xarajatlarini ortiqcha ko‘paytirib yozish holatini o‘rganib chiqish va ularga ijobiy yechim topish edi.

Qurilish ishlarini tushunmaydigan oddiy insonga ham ayon bo‘lgan qo‘shib yozish va kamchiliklar, nahotki qurilish shirkatlari va mahalliy hokimliklarga tushunarsiz bo‘lsa?!

Uchala bino turli narxlarda baholangan. 90 kunda bajarilishiga va'da qilingan ta'mirlash ishlari roppa-rosa bir yil deganda chala tashlab ketilgan. «Dom»lar aholisi boshqa haqiqiy narxni belgilash uchun ekspert topishga urinib ko‘ribdi. Afsuski, buning iloji yo‘q ekan.  

Savol tug‘iladi: Nega banklar davlatning millionlab pulini shirkatga ajratayotganida ta'mirlash ishlari sifat darajasi va narxlar mutanosibligini nazoratga oluvchi ekspert nazorati tizimini joriy etmaydi?

«Xalq banki» xodimlari esa tugallanmagan ishga 2019 yil avgust oyidan to‘lov qilishni boshlagan.

«Bank xodimlari 2019 yil iyul oyida uylarimizning har biri uchun 185 million so‘mdan  ko‘rsatilgan smetani taqdim etdi. Ya'ni, har bir xonadon uchun 11 mln 562 so‘mdan.  Mablag‘ni 10 yil davomida 14 foiz ustama bilan to‘lab borishimiz kerak. Aslida bizning hisobimizda ta'mirlash ishlariga ketgan mablag‘ 100 million so‘mga ham yetmaydi.

Hech kim ta'mirlash ishlari uchun to‘lovlardan bosh tortayotgani yo‘q, bosh tortmaymiz ham. Faqat ta'mirlash ishlari uchun ketgan xolis mablag‘ belgilanishini istaymiz. Bank vakillari esa tinmay to‘lovlarni tezlashtirish kerakligi, yo‘qsa sud oldida javob berishimizni aytib, og‘zaki va yozma ravishda ogohlantirishmoqda», deydi Azimjon Qodirov.

Ko‘p qavatli uylar oldidagi hovlining ahvoliga qarab bo‘lmaydi. Chala tashlab ketilgan «obodonlashtirish ishlari»dan qolib ketgan chiqindiga to‘la hovli. Ochiq qolgan kanalizatsiya quduqlari chiqindi idishlari yo‘qligi uchun sochilib yotgan chiqindilar oldida o‘ynayotgan bolalar. 

Sovuq tushmagani uchun xonadonlarga hali tabiiy gaz berilmabdi chog‘i, ayollar tashqarida o‘choq qo‘yib ovqat pishiryapti.

Xalq banki va hokimlikda

«Xalq banki»ning Buloqboshi tumani filialiga borib, buyurtmachi bo‘lgan shirkat va uylarni ta'mirlagan qurilish tashkilotlari haqida ma'lumotlar so‘radik. Filial rahbari Mansurjon Mamadaliyevdan bor ma'lumotlarni oldik.

Ta'mirlash ishlari «Xalq banki» mablag‘lari asosida «Yurtga fidokor» xususiy uy-joy shirkatlari buyurtmasiga asosan «Buloqboshi qurilish servis», «Omadillo savdo lyuks» jamiyatlari tomonidan olib borilgan.

Filial mutasaddilari bizga ta'mirlash ishlari oldidan har bir ko‘p qavatli uyda yashovchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, majlis o‘tkazilgani haqida bitilgan «majlis bayoni»ni, ta'mirlashdan so‘ng o‘tkaziladigan «qabul qilish akti»ni taqdim qilishdi.

Ularning bildirishicha, qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlarni qabul qilish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlanib, narxlar pasaytirilgan.

Shundan so‘ng Buloqboshi tumani hokimligida bo‘lib, hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farhodjon Normatov bilan suhbatlashdik.

Mutasaddi uylarda va uning hovlisida ta'mirlash, obodonlashtirish ishlari yakunlanmaganini tan oldi va tez kunlarda mablag‘ ajratilib, muammolar hal qilinishini aytdi.

Xulosa o‘rnida...

Afsuski, bu javoblar uch uyda yashayotgan aholi vakillarini qoniqtirmaydi.

Eng qizig‘i, ular bir yildan beri o‘zlari umrida ko‘rmagan uylarining «mutasaddisi» va «qo‘qqis» tashkil etilgan «Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati» raisi Doston Qoraqo‘ziyevni izlashmoqda. Oxiri topishdi. Faqat qog‘ozda. Bu shaxs respublikaning boshqa joylarida boshqa uylarni ta'mirlash uchun «tinim bilmay» mehnat qilayotgan bo‘lsa kerak?

Aholi ta'mirlash ishlarini tashkil qilgan shirkat raisi, hokimiyat vakillari va «Xalq banki» boshqaruvchilari bilan uchrashib, o‘zlarida mavjud savollariga javob olishmoqchi.

Ularning maqsadi ta'mirlashga ketgan mablag‘ni xolis ekspert orqali shaffof haqqoniy baholash, uylar va uning oldidagi hovlida ta'mirlashni sifatli oxiriga yetkazish, ularga noqulaylik tug‘dirgan mutasaddilarga tegishli chora ko‘rishga erishishdir.

Kun.uz mazkur muammo bo‘yicha mutasaddilardan amaliy ish va tegishli xulosalarni kutib qoladi.

Kun.uz muxbiri, Elmurod Ermatov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top